22.3. Qo’shimcha xarajatlarni hisobga olish
Korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) turlari o’rtasida bilvosita xarajatlarni oqilona taqsimlash muhim ahamiyatga ega bo’lib, mahsulotlarning texnologik turlari bo’yicha tannarxini to’g’ri aniqlash imkonini beradi. Bu holat ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bahosini shakllantirish bo’yicha korxona hisob siyosatini ishlab chiqishda ijobiy samara beradi.
Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish va uni boshqarish xarajatlarini quyidagicha tasniflash mumkin:
mashina va uskunalarni asrash va ishlatish xarajatlari;
umumishlab chiqarish xarajatlari;
davr xarajatlari.
O’zbekistonda yuqoridagi birinchi va ikkinchi bandlardagi xarajatlar taqsimot bazasiga mutanosib ravishda mahsulotning ishlab chiqarish tannarxiga qo’shiladi. Davr xarajatlari esa korxonaning moliyaviy natijalari hisobidan qoplanadi.
MDH davlatlarida esa uchchala xarajatlar ham mahsulot tannarxiga kiritiladi va schetlar tizimi orqali to’liq tannarx hosil qilinadi.
Ushbu xarajatlar umumiy xususiyatga ega bo’lishi bilan birgalikda, ularning xususiy jihatlari ham mavjud: mashina va uskunalarni ishlatish va asrash xarajatlari shartli-o’zgaruvchan bo’lib, ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga bog’liq. Umumishlab chiqarish va davr xarajatlari esa shartli-doimiy xarajatlar hisoblanib, ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga bog’liq bo’lmaydi.
Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish va uni boshqarish xarajatlarini mahsulotlar tannarxiga kiritish orqali tannarx aniqlashning ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarini umumkorxona miqyosida va bo’linmalar darajasida taqsimlash kabi usullari mavjud.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarini umumkorxona miqyosida taqsimlash usulining mohiyati shundaki, bunda mazkur xarajatlar 2510-«Umumishlab chiqarish xarajatlari» schetining debetida yig’ib boriladi hamda hisobot davri oxirida ular yagona taqsimot bazasi asosida mahsulot turlari bo’yicha taqsimlanadi.
Shuningdek, bu usulning afzalligi uning soddaligi va kam mehnattalabligida bo’lsa, asosiy kamchiligi esa, mahsulotlarning xilma-xil turlari haqiqiy tannarxini aniqlash paytida jiddiy xatoliklarga olib kelishidir.
Odatda, boshqaruv hisobi tizimida hisobot davri ichida umumishlab chiqarish xarajatlari smetasi tuzilib, unga asosan smetadagi xarajatlar haqiqatda erishilgan mahsulot hajmi va haqiqiy xarajatlar bilan taqqoslanib, tuzatilib boriladi.
Umumishlab chiqarish xarajatlari O’zbekiston Respublikasi 21-conli BHMSga binoan tasdiqlangan xarajat moddalariga bo’lib hisobga olib boriladi va korxonada qabul qilingan hisob siyosatiga muvofiq alohida hisob ob’ektlari o’rtasida taqsimlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevral 54-sonli qarori (2003 yil 25 dekabrdagi 567-sonli qaror asosidagi o’zgartirishlar bilan) bilan tasdiqlangan «Mahsulot (ish va xizmat)lar tannarxiga kiritiladigan, mahsulot (ish va xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risida»gi Nizomga ko’ra umumishlab chiqarish xarajatlari quyidagilardan iborat:
mashina va uskunalarni asrash va ishlatish xarajatlari;
ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning amortizatsiya ajratmalari;
ishlab chiqarishga tayinlangan asosiy vositalarni ta’mirlash xarajatlari;
ishlab chiqarishdagi mulklarni sug’urtalash xarajatlari;
isitish, yoritish va ishlab chiqarish binolarini asrash xarajatlari;
ishlab chiqarishda foydalaniladigan binolar, mashina va uskunalar, ijaraga olingan boshqa mulklarning ijara to’lovlari;
ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatishda band bo’lgan xodimlarning ish haqi;
ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar.
Umumishlab chiqarish xarajatlarini taqsimlash jarayonida xarajatlarni hisobdan chiqariladigan ob’ektlar tanlanib, aniq tsex, mahsulot, shartnoma turiga tegishli xarajatlar tanlab olinadi va yig’iladi. Bu sharoitda umumishlab chiqarish xarajatlarini taqsimot bazasini tanlab olish muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |