0 < J < 1 (yoki foiz hisobida 0< J% <100)
Ushbu chegara oralig’idagi ehtimollik xo’jalik yurituvchi sub’ektlar hisobotlarining ishonchliligiga ta’sir ko’rsatadigan xatolar mavjudligini aniqlash, tegishli auditorlik qarorlarini qabul qilish uchun ushbu xatolarni baholash mumkinligi(yoki mumkin emasligi)ni ifodalaydi. Bu jiddiylikni sifat jihatdan tavsiflaydigan tarkibiy qism-dir. Jiddiylikning miqdoriy jihatini tavsiflaydigan tarkibiy qismi esa uning ma’lum darajalari orqali ifodalanadi.
Agar xato buxgalteriya hisoboti ko’rsatkichlarini sezilarli darajada chalkashtirsa va mazkur hisobot ko’rsatki-chidan foydalanuvchining shu hisobotga asosan qabul qilgan qaroriga ta’sir ko’rsatsa, uning aniqlanmasligi (bilmasdan o’tkazib yuborilishi) jiddiy hisoblanadi. Buxgalteriya hisobotida yig’indisi katta summani tashkil etadigan bir nechta sezilarsiz xatolar bo’ladigan vaziyatlar ham uchraydi. Auditor bitta jiddiy bo’lmagan xatoni aniqlab, bu haqda auditorlik xulosasida bildirishi va salbiy auditorlik xulosasi tuzishi ham mumkin. Haqiqatda esa, buxgalteriya hisobotida jamlanganida jiddiy tus oladigan bir nechta ahamiyatsiz xatolar bo’lishi mumkin.
Jiddiylikni aniqlash auditning xalqaro amaliyotida №320-«Auditda jiddiylik» nomli standart (ISAs 320 «Audit Materiality») bilan tartibga solinadi. O’zbekistonda esa bu borada №9 – “Jiddiylik va auditorlik riski” nomli AFMS ishlab chiqilgan va Moliya Vazirligining 1999 yil 4 avgustdagi 63 sonli buyrugi bilan tasdiqlangan, hamda Adliya Vazirligi tomonidan 1999 yil 3 sentabrida 813 raqam bilan ro’yxatga olingan. Ushbu standartga muvofiq “Хo’jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy hisobotining ishonchliligiga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadigan holatlar auditda jiddiy deb tan olinadi”.
Standartda ta’kidlanishicha, barcha jiddiy holatlarda moliyaviy hisobotning ishonchliligi deganda undagi ko’rsatkichlar aniqligining shunday darajasi tushuniladiki, bu hisobotdan malakali foydalanuvchilar to’g’ri xulosalarga kelish va to’g’ri qarorlar qabul qilish imkoniga ega bo’ladi.
Ma’lumki, respublikamizda islohotlarning chuqurlashtirilishi va iqtisodiyotning erkinlashtirilishi natijasida buxgalteriya hisoboti axborotlaridan foydalanuvchilarning turlari ko’paymoqda. Ularning har qaysisi uchun jiddiylik darajasi turlicha bo’lishi mumkin. Masalan, aksiyadorlar uchun korxona faoliyatining natijalari, xo’jalik mablag’larining haqqoniyligi va foydaning dinamikasi to’g’risidagi ma’lumotlar muhim hisoblanadi. Investorlar uchun esa korxonaning moliyaviy barqarorligi, ishlab chiqariladigan mahsulotlarga talabning o’zgarishi, qo’yilmalarning rentabelligi va investitsion loyihalarning haqqoniyligi to’g’risida-gi axborotlar muhim bo’lishi mumkin.
Auditorlar eng muhim, kam uchraydigan va xatolari bor hisobot moddalari va schetlarni aniqlash chog’ida jiddiylik tushunchasidan auditni rejalashtirishning asosi sifatida foydalanadilar. Bunday moddalar va schetlarga alohida e’tibor qaratish zarur. shuningdek, to’plangan auditorlik dalil-isbotlarini baholashda va qanday auditorlik xulosasi tuzish to’g’risida bir qarorga kelishda ham jiddiylik darajasidan foydalaniladi.
Demak, jiddiylik tushunchasi auditor tomonidan yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan xatoning hajmini va o’tkaziladigan auditorlik tekshiruvining ko’lamini aniqlash hamda tuziladigan auditorlik xulosasining shaklini belgilash (ijobiy yoki salbiy) uchun birlamchi va asos bo’luvchi manba hisoblanadi.
№70-«Auditorlik hisoboti va moliyaviy hisobot to’g’risidagi auditorlik xulosasi» nomli AFMSdagi ijobiy auditorlik xulosasi standart shaklining yakunlovchi qismida «…xo’jalik yurituvchi subektning moliyaviy hisoboti uning moliyaviy holatini ishonarli aks ettiradi...» deyilgan.
Ushbu jumla axborotdan foydalanuvchilarga auditorlik xulosasida bildirilgan fikrning jiddiy hisoblangan moliyaviy axborotlargagina taalluqli ekanligi to’g’risida ma’lumot beradi. “Jiddiylik” tushunchasi shuning uchun zarurki, hech qaysi auditor moliyaviy hisobotning 100% to’g’ri ekanligiga kafolat bera olmaydi.
Jiddiy xatolarning auditor tomonidan aniqlanishi ko’plab omillarga bog’liq. Jumladan, ham korxona rahbariyati, ham auditor tomonidan mavjud jiddiy xatolarning baholanishi; tekshiruvlar vaqti va qiymatining chegaralanganligi; mijozning xatolarni auditor aniqlashini “kutib o’tirishi”; auditorning mustaqillik darajasi; uning vijdonliligi; tashqi auditorning ichki nazorat tizimiga ishonchi; korxonada qabul qilingan hisob siyosati va undagi ayrim qoidalarning tafsiloti; hisob siyosatining me’yoriy hujjatlar talablariga mosligi.
Auditor quyidagi hollarda jiddiylikni ko’rib chiqishi lozim:
-
auditorlik amallarining xususiyatlari, vaqti va chuqurligini aniqlashda;
-
xatolar ta’sirini aniqlashda.
Do'stlaringiz bilan baham: |