Hisobotni saqlash muddati. hisobot soliq xizmati organlarida va soliq to’lovchida belgilangan soliq majburiyati bo’yicha da’vo qilish muddati mobaynida, ya’ni 5 yil saqlanadi (Soliq kodeksi, 38-modda).
Kameral nazorat - soliq to’lovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va coliq hisobotini, shuningdek soliq to’lovchining faoliyati to’g’risida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlarni o’rganish hamda tahlil etish asosida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Bunday nazorat soliq to’lovchining huzuriga bormasdan soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi.Agar soliq xizmati organi tomonidan kameral nazorat jarayonida hisobotni to’ldirishda xatoliklarga yo’l qo’yilganligi yoki taqdim etilgan hisobotdagi va davlat soliq xizmati organlaridagi ma’lumotlar o’rtasida ziddiyatlar borligi aniqlansa, bu haqda soliq to’lovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan holda yozma shaklda xabar qilinadi.
Soliq to’lovchi aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha tuzatilgan hisobotni yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini talabnoma olingan kundan e’tiboran o’n kunlik muddatda taqdim etishi shart.
MISOL. YaIТ bo’yicha hisobotni qabul qilgandan keyin hisobotning 50-satrini to’ldirishda xatoliklarga yo’l qo’yilganligi, ya’ni formula noto’g’ri qo’llanilganligi soliq organi xodimlari tomonidan o’tkazilgan kameral nazorat jarayonida aniqlandi.Bunda soliq organi bu haqda soliq to’lovchini tegishli tuzatishlar kiritishni talab qilib yozma shaklda xabardor qiladi. Korxona xabarni olgandan keyin 50-satrga tuzatish kiritib, tuzatilgan hisobotni o’n kun ichida soliq organiga taqdim qilishi kerak.
Barcha kichik va xususiy biznes sub’ektlarini hisobot topshirishning elektron usuliga tezkorlik bilan o’tkazishga qator muammolar monelik qilmoqda. Bular orasida hisobot davrining oxirgi kunlari elektron hisobotlar jo’natishning murakkabligi; EREPORTS V3.0 deb atalgan va o’zini yaxshi tarafdan ko’rsata olgan dasturiy mahsulot uni qo’llanishga oid yo’riqnoma yo’qligi sababli ham yetarlicha ommalashmaganligi; on-line rejimida soliqlar va moliya bo’yicha elektron hisobotlarni to’ldirish tartib-taomili cho’zilib ketishi; buxgalteriya dasturlarining aksariyatidan foydalanuvchilarda ular foydalanib kelayotgan buxgalteriya dasturlaridan olingan elektron hisobotni Internet orqali jo’natish imkoniyati yo’qligi kabi muammolar bor.
Buxgalteriya dasturiy ta’minotini tayyorlovchilarning fikricha, yanada maqbulroq sharoitlarning yaratib berilishi DSQ saytiga hisobotning elektron shakllarini tuzish va jo’natishning kerakli texnik bichim va o’lchamlarini joylashtirish imkonini bergan bo’lur edi. Bu esa buxgalteriya hisobining turli avtomatlashtirilgan tizimlarining elektron hujjat sifatida soliq va moliya hisobotlarini taqdim etishning milliy tizimi bilan integratsiyalashuviga olib keladi. Ana shunda elektron hisobotni jo’natuvchiga anchagina oson bo’ladi, ishi ham tez bitadi: on-line rejimida hisobotlarning o’nlab shakllarini to’ldirishga hojat qolmaydi, buxgalteriya dasturi ularni o’zi shakllantirib, Internet orqali jo’natib yuboradi. O’zbekistonda DSQning "BEM" buxgalteriya dasturi ishlab chiquvchilari bilan hamkorligidek ijobiy tajriba bor: ularga kerakli texnik axborotlar berilgan. Biznes hamjamiyatlari vakillari ana shu ijobiy tajribani buxgalterlar uchun dasturiy mahsulot tayyorlovchilarning hammasiga tatbiq etish taklifini ilgari surdilar.
Buxgalteriya hisobi avtomatlashtirilgan dasturlarining soliq va moliya hisobotini elektron hujjat tariqasida taqdim etish tizimi bilan integratsiyalashuvini ta’minlash Vazirlar Mahkamasining "Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to’lovchilarga axborot bobida xizmat ko’rsatishni yanada takomillashtirish yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi qarorida nazarda tutilgan.
Hisob va hisobotni shakllantirish, hujjat aylanishini avtomatlashtiradigan dasturiy mahsulotlar tayyorlovchilarga elektron soliq hisobotlarini qabul qilish va uzatish to’g’risidagi barcha axborotlarning ochiq va oshkoraligini ta’minlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |