Jag‘-jag‘ o‘simligini o‘stirish texnologiyasi
Jag‘-jag‘ yoki achambit Respublikamizda barcha iqlim sharoitlarida o‘sadigan bir yillik o‘t o‘simligi hisoblanadi. Jag‘-jag‘ o‘simligini sug‘oriladigan mintaqalarda ekib o‘stirishda eng asosiy omillardan hisoblangan yerlarni agrotexnik qonun — qoidalarga rioya qilib tayyorlash ekiladigan ekinlardan yuqori hosil yetishtirish imkonini beradi.
Undan tashqari ekinning turlari, ko‘p yillik yoki bir yilligi va ularning biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda tayyorlanadi. Jag‘- jag‘ o‘simligining bo‘yi 60—70 sm va ildiz tizimi 10—15 sm gacha tuproq qatlamlarigacha kirishi mumkin. Jag‘-jag‘ o‘simligini katta maydonlarda ekiladigan bo‘lsa, undan oldin ekilgan o‘tmishdosh ekinlarni hisobga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Dalalar barcha begona o‘t ildizlaridan tozalanib, (jag‘-jag‘ begona o‘tlarga bardosh bera olmaydi) ildiz tizimini hisobga olgan holda haydash chuqurligi belgilanadi.
Jag‘-jag‘ ekiladigan yerlarni haydashdan maqsad begona o‘tlardan tozalash, ularga qarshi kurashish, tuproqning fizik va kimyoviy xossalarini yaxshilash, yerlarni bir xil tekislash va nam saqlashdan iboratdir. Bu
tadbirlarni amalga oshirgan holdagina, jag‘-jag‘ o‘simligini o‘sishi rivojlanishi va hosildorligi yuqori bo‘ladi.
Kuzda jag‘-jag‘ ekiladigan maydonlar 30 sm chuqurlikda (20—30 tonna go‘ng va 40 kg fosfor o‘g‘iti berib) haydaladi. Erta bahorda yerlar borona va mola mexanizmlari yordamida tekislanib, begona o‘tlardan tozalanib, tuproqning 8—10 sm li qatlami 15—17°S qiziganda, 60—70 sm oralig‘ida ariq olinib, urug‘lar 2—3 sm chuqurlikda don va sabzavot ekiladigan seyalkalarda ekiladi. Gektariga 8—10 kg urug‘ sarflash tavsiya qilinadi.
Urug‘larni ekishdan oddin 0—4°S da tezroq unib chiqishi uchun stratifikatsiya qilish lozim bo‘ladi. Ekilgan urug‘lar 10—15 kunda unib chiqadi. Maysalar oralig‘i 10—15 sm dan qilib yagana qilinadi. Har bir tupda 2—3 tadan sog‘lom o‘simlik qoldiriladi. To‘pbarg va gul chiqarish fazasida kultivatsiya qilinadi.
Jag‘-jag‘ o‘simligi unib chiqandan so‘ng birinchi o‘g‘itlashni amalga oshirish lozim bo‘ladi va gektar hisobiga 30 kg dan azotli va fosforli o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi.
O‘simlik gullash fazasida oziqa elementlarni ko‘p talab qiladi. SHularni e’tiborga olib, gullash fazasida azotli va kaliyli o‘g‘itlardan 40 kg dan berib oziqlantiriladi. O‘simlikning gullari to‘kilmasligi va poyasi baquvvat bo‘lishi uchun kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantiriladi. Oziqlantirish sug‘orishdan oldin amalga oshiriladi. O‘suv davrida 5—6 marta sug‘oriladi. Uning vegetatsion davri kalta bo‘lganligi uchun oziqlantirishni gullash fazasida tugatishni tavsiya qilinadi. Jag‘-jag‘ ekilgan maydonlarga o‘rtacha gektariga 70 kg azot, 50 kg fosfor va 40 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirilsa, yaxshi hosil yetishtirish imkoni tug‘iladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |