O‘simlikni parvarish qilish
Ekiladigan limon ko‘chatlari 15—20 sm chuqurlikda olingan egatlar orqali tuproq qatlami 40—50 santimetrgacha namlanguncha ariq suvidan
jildiratib sug‘oriladi. Vegetatsiya davomida tuproq doimo nam holatda saqlanishi lozim.
Limonni bo‘lib-bo‘lib sug‘orish kerak. Vegetatsiya davomida ob-havo sharoiti va o‘simlik holatiga qarab 20—25 marta sug‘orishni o‘tkazish kerak. YOz oyining issiq kunlarida kechqurun va erta bilan sug‘oriladi. Har bir sug‘orishdan keyin tuproq 10—15 sm gacha sug‘oriladi. Limon hosil bera boshlashi bilan har bir sug‘orish orasida tuproq yumshatilishi mumkin.
Bahorda va yozda teplitsada havo harorati keskin oshib ketganda uni shamollatib turish kerak.
Qishda tuproqqa 25—30 sm chuqurlikka ishlov berish bilan go‘ng va superfosfat o‘g‘iti solinadi. Keyinchalik o‘simlikni holatiga qarab uni o‘g‘itlab turish kerak va o‘simlikni ildiziga shikast yetkazmaslik uchun ehtiyotlik bilan ishlash kerak. O‘simlikni kasallik va zararkunandalarga qarshi va begona o‘tlardan tozalab turish kerak.
Tuproqni o‘g‘itlash ko‘chat o‘tqazilgandan keyin, ikkinchi yildan boshlab har yili qish oldidan ishlov berishda go‘ng va superfosfat solinadi. Bir, ikki va uch yoshlik o‘simliklar ostiga 10 kg go‘ng, 2 kg dan azot va fosfor hamda 1,0 kg kaliy o‘g‘iti solinadi. Meva beruvchi o‘simliklar tupiga esa 20—25 kg go‘ng, 80—120 g azot, fosfor va 40—50 g dan kaliy o‘g‘iti beriladi. Bunda mineral o‘g‘itlar 2 muddatda — yarmisi fevralda va qolgani may va iyun oylarida, tugunlar shakllanganidan keyin solinadi. Undan tashqari chirigan go‘ngni suvga aralashtirib berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Limondan yuqori va barqaror hosil yetishtirish uchun uni faqat bir me’yorda oziqlantirish, o‘sish va rivojlanishi bilan kifoyalanmaslik kerak. O‘sib ketgan va shakllangan novdalarni daraxt yoshiga munosib ravishda siyraklash, chilpish va butash yo‘li bilan muntazam ravishda parvarish ishlarini amalga oshirish kerak. Bundan tupning o‘sishi, rivojlanishi va meva berishi yaxshilanadi.
Meva yig‘ib terilgandan keyin, qishda, daraxt o‘smasdan asosiy butash o‘tkaziladi. SHoxlarning hamma qurigan, shikastlangan va qarigan qismlari olib tashlanadi.
YOzda chang qoplangan barglarni vaqti-vaqti bilan ertalab yuvib turish lozim.
Limon daraxti teplitsada ko‘pincha yumshoq soxta qalqondor, o‘simlik bitlari, kanalari, kalmaraz, antraknoz va bakterial nekroz zararkunanda va kasalliklar bilan zararlanadilar. Mis kuporosi va 0,3% li fuzalon eritmasi bilan o‘suv davrida purkab turiladi. Qora kuyasimon zamburug‘larga 1% li bordo suyuqligi eritmasi yoki 0,5% li mis xlor oksidi eritmasini purkash lozim.
O‘rgimchak kanaga qarshi 0,2% li kelaton eritmasini purkash yaxshi natija beradi.
Limon mevalarini yig‘ishni oktabr oyining oxirida po‘chogi yarim sarg‘ayganda boshlash kerak.
Limon maxsus meva uzgich bilan yig‘iladi, ularni 60 x 35 x 13 sm li yashiklarda joylashtiriladi. Limonlar 6—8°S haroratda saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |