2-. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyatining tashkiliy shakllari.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyatining tashkiliy shakllari quyidagilardan iborat:
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisi;
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi;
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qumita va komissiyalari faoliyati;
Palatalar qo`shma majlislari;
Senat faoliyatining tashkiliy shakli uning zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta o`tkaziladigan majlislaridir. Senat majlislari, agar ularning ishida senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi. O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni ma'qullash, ularga o`zgartishlar va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi masalalarni ko`rib chiqishda senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo`lishi shart.Senatning birinchi majlisi Senat shakllantirilganidan keyin bir oydan kechiktirmay o`tkaziladi. Mazkur majlisni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Senat Raisi saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Senat faoliyatini samarali tashkil etish, qo`mitalar ishini muvofiqlashtirib borish, kun tartibi yuzasidan takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda ko`rib chiqishni tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi. Senat Kengashining tarkibiga Senat Raisi, uning o`rinbosarlari va Senat qo`mitalarining raislari kiradi. Senat Kengashiga Senat Raisi rahbarlik qiladi, u Kengashning majlislarini olib boradi va uning qarorlarini imzolaydi.
Senat tomonidan senatorlar orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning o`rinbosari va a'zolardan iborat tarkibda qo`mitalar tuziladi. Senat Raisi va uning o`rinbosarlari Senatning qo`mitalari tarkibiga saylanishi mumkin emas. Senatda reglament, budjet va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari, tashkiliy-ma'muriy masalalar, qonunchilik va sud-huquq masalalari, mudofaa va xavfsizlik masalalari, tashqi siyosat masalalari qo`mitalari tuzilishi shart. Senatda boshqa qo`mitalar ham tuzilishi mumkin. Senat qo`mitalarining umumiy soni, qoida tariqasida, sakkiztadan oshmasligi kerak. Senat qo`mitasining raisi, uning o`rinbosari va qo`mita a'zolari palata majlisida Senat Raisining taqdimiga binoan senatorlar umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan saylanadi. Senat qo`mitasining raisi, uning o`rinbosari, shuningdek qo`mita a'zolari saylangani to`g`risida Senat qarorlar qabul qiladi.
Senat muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.
Komissiya Senat majlisida senatorlar orasidan komissiya raisi va a'zolari, zarurat bo`lganda esa komissiya raisining o`rinbosaridan iborat tarkibda tuziladi. Komissiya tuzilgani to`g`risida Senat qaror qabul qiladi. Komissiya o`z zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan so`ng, qaysi muddatga tuzilgan bo`lsa, shu muddat o`tganidan keyin yoki Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari o`z faoliyatini tugatadi.
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Senat a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Senatda kelishuv komissiyasini tuzish to`g`risidagi tashabbus Senat Raisidan, shuningdek Senat a'zolari umumiy sonining kamida beshdan bir qismini tashkil etuvchi senatorlardan chiqishi mumkin.Kelishuv komissiyasi tarkibiga nomzodlar yuzasidan Senat Raisi va Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan o`zaro maslahatlashuvlar o`tkaziladi.Kelishuv komissiyasining Senatdan ko`rsatilgan tarkibi uning majlisida, Senat majlislari oralig`idagi davrda esa uning Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |