II BOB. MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI VA ULARNI BOSHQARISHNING AMALIYOTDAGI HOLATI
2.1. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil qilish va ularning asosiy vazifalari
Maktabgacha ta’lim tizimini yaxlit uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida yanada takomillashtirish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish, ularning maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish maqsadida maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy standartlarini ishlab chiqish va joriy etish hamda maktabgacha ta’lim tizimiga joriy etilayotgan ta’lim usullari va dasturlarini tahlil qilish va samaradorligini baholash ishlari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan bo‘lib, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘limlari, boshqa idoraviy mansub tashkilotlarning nizomlari va tuzilmalarini, shuningdek, ularning boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini tasdiqlash huquqlari berilgan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari, ta’lim-tarbiya dasturlari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari talablariga muvofiq maktabgacha yoshdagi bolalarda jismoniy rivojlanish, o‘z-o‘ziga xizmat va gigiena, ijtimoiy-kommunikativ rivojlanish, nutq, o‘qish va chet tillarni o‘rganish, bilish jarayoni, dunyo haqidagi bilimlar va dunyoni anglashi, ijodiy-estetik rivojlanishini ta’minlaydi.
Maktabgacha ta’lim sog‘lom, har tomonlama yetuk bolalarni tarbiyalash uchun zarur tashkiliy, uslubiy, psixologik, pedagogik shart-sharoitlar yaratadi, bolalarni maktabda muntazam ravishda ta’lim olishga tayyorlashda ota-onalarga yordam beradi. Maktabgacha ta’lim bola 6-7 yoshga yetguncha oilada hamda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim bola shaxsini maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasiga qo‘llanadigan davlat talablariga muvofiq, jismoniy, ma’naviy va intelluktual jihatdan maktabda o‘qishga tayyorlashni nazarda tutadi.
Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning barcha bo‘g‘inlari bilan mustahkam aloqa va uzviy bog‘liqlikda olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 30 sentyabrdagi PQ-3955-son qaroriga muvofiq, shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sog‘lom, faol, to‘laqonli, jamiyatga moslashgan bola shaxsini shakllantirish, o‘sishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarni, shuningdek reabilitatsiya qilish va sog‘lomlashtirishga muhtoj bolalarni o‘qitish, tarbiyalash va integratsiya qilish uchun qulay muhit yaratish maqsadida umumiy tipdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi nizom, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi qisqa muddatli guruhlar to‘g‘risidagi nizom, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va qo‘shma tipdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi nizom hamda bolalarni ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga va qo‘shma tipdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yo‘llash bo‘yicha tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.[5]
Do'stlaringiz bilan baham: |