1.3. O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” Qonuni 1992 yil 14 yanvarda bilan qabul qilingan. Qonun yangi tahrirda 2000 yil 26 mayda tasdiqlangan. Qonunga O‘zR 20005 yil 15 sentyabrda O‘RQ-5-son Qonuniga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilgan. Qonunning hozirgi varianti Prezident Islom Karimov tomonidan 2015 yil 4 sentyabrda tasdiqlangan va 5 sentyabrdan kuchga kirgan. Qonun 8ta bob va 47 ta moddadan iborat.
Yangi tahrirda qabul qilingan qonunda oldingisidan farqli o‘laroq, «jismoniy tarbiya», «jismoniy reabilitatsiya», «sport», «ommaviy sport», «professional sport», «sportchi» kabi jismoniy tarbiya va sportga oid bir qator asosiy tushunchalar ta’rifi batafsil ochib berilgan. Qonunga ko‘ra, sportga — odamlarning muayyan qoidalar bo‘yicha tashkil etilgan, ularning jismoniy va intellektual qobiliyatini taqqoslashdan iborat bo‘lgan havaskorlik va professional asosdagi faoliyati, shuningdek, ushbu faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish hamda bu jarayonda odamlar o‘rtasida yuzaga keladigan munosabatlar, deb ta’rif berildi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi qonunda jismoniy tarbiya hamda sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, har bir insonning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shug‘ullanishga bo‘lgan huquqini ta’minlash, shuningdek, sport tadbirlari ishtirokchilari hamda tomoshabinlarning xavfsizligini ta’minlash, nogironlar va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarga oid sport turlari, ya’ni paralimpiya, surdalimpiya, maxsus olimpiada va boshqalarning rivojlanishiga sharoit yaratish, O‘zbekistonning milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish hamda ommaviylashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish kabi qator vazifalar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, qonunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, maxsus vakolatli davlat organining, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari, shuningdek, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarning jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda ishtirok etishining huquqiy asosi belgilab berilgan.
23-modda. Sport unvonlari, sport razryadlari, malaka toifalari. Sport turlari bo‘yicha yagona sport tasnifi
O‘zbekiston Respublikasida quyidagi sport unvonlari, sport razryadlari, malaka toifalari belgilanadi:
a) sport unvonlari:
Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster;
O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri;
b) sport razryadlari:
O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod;
birinchi sport razryadi;
ikkinchi sport razryadi;
uchinchi sport razryadi;
o‘smirlar uchun birinchi sport razryadi;
o‘smirlar uchun ikkinchi sport razryadi;
o‘smirlar uchun uchinchi sport razryadi;
v) sport hakamlarining malaka toifalari:
xalqaro toifali sport hakami;
milliy toifali sport hakami;
birinchi toifali sport hakami;
ikkinchi toifali sport hakami;
uchinchi toifali sport hakami;
sport bo‘yicha hakam;
g) trenerlarning malaka toifalari:
xalqaro toifali trener;
oliy toifali trener;
birinchi toifali trener;
ikkinchi toifali trener;
d) yo‘riqchi-uslubchilarning malaka toifalari:
oliy toifali yo‘riqchi-uslubchi;
birinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi;
ikkinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi.
Sport unvonlari, sport razryadlari hamda malaka toifalarini berish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Sport turlari bo‘yicha yagona sport tasnifi sport turlari reestriga kiritilgan sport turlari bo‘yicha tegishli sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun bajarilishi zarur bo‘lgan normalar hamda talablarni, shuningdek ularni bajarish shartlarini belgilaydi. Sport turlari bo‘yicha yagona sport tasnifi to‘g‘risidagi nizomda mazkur normalar, talablar va shartlarning mazmuni, shuningdek sport turlari bo‘yicha sport unvonlari va sport razryadlarini berish tartibi belgilanadi.
Sport turlari bo‘yicha yagona sport tasnifi va u to‘g‘risidagi nizom maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
33-modda. Sport zaxirasini tayyorlash bosqichlari
Sport zaxirasini tayyorlashda sportchilarni tayyorlashning quyidagi bosqichlari belgilanadi:
sport-sog‘lomlashtirish bosqichi;
boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichi;
o‘quv-mashq bosqichi;
sport mahoratini takomillashtirish bosqichi;
oliy sport mahorati bosqichi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan bosqichlar tarkibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
36-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi pedagogik faoliyat
Tegishli ma’lumotga va kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslarning jismoniy tarbiya va sport sohasida, shu jumladan davolash jismoniy tarbiyasi sohasida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
44-modda. Jismoniy tarbiya va sportning ilmiy-uslubiy hamda texnik ta’minoti
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish hamda o‘tkazishni ta’lim muassasalari va tarkibida ilmiy markazlar tashkil etiladigan boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, belgilangan tartibda tashkil etilgan hamda o‘z faoliyatini davlat buyurtmalari va boshqa buyurtmalar asosida olib boradigan laboratoriyalar amalga oshiradi.
Ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar jismoniy tarbiya vositalari bilan aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga ko‘maklashadigan aniq dasturlarni ishlab chiqadi hamda amaliyotga joriy etadi, sport zaxiralarini va O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini xalqaro sport tadbirlariga tayyorlashni ilmiy jihatdan ta’minlashni takomillashtiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi, boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari ta’lim muassasalari va tashkilotlariga jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda, shuningdek dolzarb ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmalari hamda boshqa buyurtmalarni shakllantirishda ko‘maklashadi, ilmiy-tadqiqot ishlarining yakunlarini tahlil qiladi
Xulosa o‘rnida aytganda, yangi tahrirda «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilishga, fuqarolarimizning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishiga, sohada mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini hamda sport infratuzilmasini shakllantirishga, sportning milliy turlarini rivojlantirishga, yurtimiz yoshlarining xalqaro musobaqalarda, Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |