Inson huquqlari ustuvorligi prinsipi. U — xalqaro hamjamiyat tomonidan umume`tirof etilgan tamoyil. O'zbekiston Konstitusiyasida ham inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning o'zaro mas`ulligi hamda siyosiy-huquqiy aloqadorligi ilk bor mustahkamlandi. Shu bois, siyosiy tizim sub`ektlari ham shaxsni konstitusiyaviy huquq va erkinliklar sohibi sifatida siyosiy-huquqiy munosabatlarning teng ishtirokchisi deb tan oladi va inson huquqlarining ta`minlanishiga ustuvor ahamiyat qaratadi.
Ko'ppartiyaviylik (siyosiy plyuralizm) prinsipi. Ko'ppartiyaviylik demokratik siyosiy tizimning uzviy belgisidir. Siyosiy tizimda xilma-xil siyosiy partiyalarning mavjud bo'lishi, hokimiyat uchun kurash olib borishi yoki hokimiyatni amalga oshirishda faol ishtirok etishi siyosiy jarayonlar demokratik tartibda, o'zaro raqobatlashuv va hamkorlikda amalga oshishining garovidir.
O'zbekiston Konstitusiyasida mamlakatda siyosiy plyuralizm (fikrlar xilma-xilligi) va ko'ppartiyaviylik qaror topishi uchun huquqiy asos mustahkamlangan:
«O'zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o'rnatilishi mumkin emas» (12-modda)8.
Mazkur konstitusiyaviy qoidani rivojlantirish maqsadida «Siyosiy partiyalar to'g'risida»gi (1996 yil 25 dekabrь), «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to'g'risida»gi (2004 yil 27 may) qonunlar, «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish, mamlakatni modernizasiya qilish sharoitida siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish to'g'risida»gi (2007 yil 11 aprelь) konstitusiyaviy qonun qabul qilingani turli siyosiy partiyalarning shakllanishi, siyosiy maydonga chiqishi va faoliyat yuritishi uchun imkon yaratdi.
Hozir O'zbekistonda to'rtta siyosiy partiya mavjud bo'lib, (taxr. maqola avvalroq tayyorlanganligi bois va o'sha paytlarda «Ekologik» partiya ta`sis etilmaganligi sabab nomi zikr etilmagan) ular parlamentning Qonunchilik palatasida o'z fraksiyalariga ega. Bular: O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O'zbekiston xalq demokratik partiyasi, Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Adolat sosial-demokratik partiyasidir.
Demokratik siyosiy tizimda ko'ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm bir qator afzalliklarga ega.
Avvalo, bu siyosiy yakkahokimlikka qarshi turadi;
ikkinchidan, siyosiy bahs-munozaraga sharoit yaratadi;
uchinchidan, siyosiy qaror qabul qilinishida barcha siyosiy partiyalar va kuchlarning teng ishtirok etishini ta`minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |