Siyosiy ong jamiyatning ob’ektiv tarzda mavjud bo‘lgan ijtimoiy- siyosiy strukturasi va unga xos bo‘lgan siyosiy faoliyatning turlarini, ularga muvofiq keladigan siyosiy tashkilotlar va muassasalarni aks ettiradi. Siyosiy ong siyosiy faoliyat bilan uzviy bog‘langan.
Siyosiy faoliyat jamiyatning ob’ektiv tarzda mavjud siyosiy tuzimini, tartiblarini saqlash, mustahkamlash, takomillashtirish, rivojlantirish yoki boshqa siyosiy tuzum tartiblarini o‘rnatishga qaratilgan bo‘ladi. Siyosiy faoliyat davlat mahkamalari, tashkilotlari, siyosiy partiyalar, siyosiy tashkilotlar, siyosiy arboblar, siyosiy nazoratchilar tomonidan amalga oshiriladi. Siyosiy faoliyatni amalga oshirishda jamoat tashkilotlari, muassasalar ham ishtirok etadi. Siyosiy faoliyat muayyan siyosiy maqsadni amalga oshirish orqali nomoyon bo‘ladi.
Siyosiy ong tizimida siyosiy qarashlar, g‘oyalar, nazariyalarning roli g‘oyat katta. Ular ijtimoiy guruhlar, ularning partiyalari, boshqa tashkilotlarning siyosiy manfaatlari, maqsadlari, vazifalarini, faoliyatlarning yo‘l-yo‘riqlarini, siyosiy uslublar sistemasini asoslab beradi. Ular muayyan ijtimoiy guruh va uning siyosiy tashkilotlarining siyosiy faoliyatdagi strategik vazifalari va taktikasini belgilaydi.
Siyosiy ong darajalariga kundalik-amaliy siyosiy ong va g‘oyaviy- nazariy siyosiy ong kiradi. Kundalik- amaliy siyosiy ong kishilarning amaliy faoliyati, ijtimoiy tajribasi orqali va ularni bevosita qurshab turgan muhitning ta’siri natijasida stixiyali tarzda shakllanadi. Unda oqilonalik va his-tuyg‘u, sof, ya’ni turmush tajribasi va an’analar, bir zumlik, o‘tkinchi kayfiyat va barqaror yo‘l-yo‘riqlar nazariy jihatdan ishlanmagan va bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanmagan bo‘ladi. Kundalik-amaliy siyosiy ong ko‘p hollarda barqaror bo‘lmaydi. CHunki u his- tuyg‘u va o‘zgarib turuvchi bevosita tajribaga bog‘liq bo‘lgani sababli omonat turadi. SHu bilan u ko‘p jihatdan turg‘un bo‘ladi. Undagi barqarorlik tomonlar fikrining o‘zgarib, moslashib borishiga xalaqit beradi. Bir ijtimoiy guruh vakillarining iqtisodiy ahvolida umumiylik bo‘lgani uchun ularning kundalik siyosiy ongida ham umumiylik bo‘ladi. Hokimiyatga munosabat kundalik hayotning minglab dalillarida namoyon bo‘ldi. Unda aql-zakovatning umumlashtirish, tahlil qilish faoliyati nomoyon bo‘lmaydi, keng tarixiy istiqboli, nazariy formulalar va falsafaiy kategoriyalar bo‘lmaydi.
Kundalik- amaliy siyosiy ong ob’ektiv iqtisodiy voqelikka to‘g‘ridan- to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgani uchun uning kundalik konkret mazmunida muayyan ijtimoiy guruhning nazariy- siyosiy mafkurasining kurtaklari bo‘ladi. Nazariy mafkura kundalik ongning mazmunini tanqidiy tahlil qilib, aniq tarixan va ijtimoiy jihatdan asoslab berilgan siyosiy dasturni ishlab chiqadi. Mafkura mavjud kayfiyatlarni passiv o‘rganish emas, balki strategik va taktik sistemadir, u ijtimoiy ongga aktiv ta’sir qilishga qaratilgan. U qat’iy, izchil, sistemaga solingan, nazariy ishlangan, asoslab berilgan qarashlar, usullar, yo‘l- yo‘riqlar sistemasidir. Mafkura kishilarning maxsus mustaqil guruhi- mafkuralar tabaqasi orqali shakllanadi. Har bir ijtimoiy guruhning o‘ziga xos nazariyotchilari, ideologlari bo‘ladi. Nazoriyotchi, ideologning shaxsi uning qobiliyati, talanti ham muhim rol o‘ynaydi. Mafkura bilan kundalik- amaliy siyosiy ongning o‘zaro munosabati murakkabdir. Bu, ommaning o‘ta ta’sirchanligi, jushqinligi va qat’iy mafkuraviy ko‘rsatmalarga tayanadigan totalitarizmga intilish, uni o‘rnatilishida namoyon bo‘ladi. Mafkuraning kundalik ongdan nisbiy “erkinligi” jamoatchilikni chalg‘itish uchun ham foydalaniladi, uning manfaatiga yot bo‘lgan g‘oyalarni kiritish vositasi ham bo‘lib qoladi.
Siyosiy mafkura ijtimoiy ongga ta’sir qilish uchun g‘oyat katta imkoniyatlarga ega. CHunki u faqat qarashlar, g‘oyalarning sistemasidangina iborat emas, balki ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar, davlat hokimiyati kabi muassasalardan iborat g‘oyaviy ta’sir ko‘rsatish vositalariga ham ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |