Demografik jarayonlar, uning jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ta’siri. Jamiyat hayoti va taraqqiyotiga demografik jarayonlar ham muayyan tarzda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Demografik jarayonlar deganda ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlarga bog‘liq tarzda yuzaga keladigan aholining tug‘ilish, vafot etishi, ko‘payishi yoki kamayishi, aholi joylashuvining zichlik darajasi, migratsiya, ayollar va erkaklar, turli yoshga mansub qatlamlar nisbati kabi jarayonlar tushuniladi.
Har bir demografik jarayon ijtimoiy sharoitlarga bo‘ysunadi. Masalan tug‘ilishning vafot etishga nisbatan ortiq bo‘lishligi jamiyatning iqtisodiy salohiyati, tibbiyotning rivojlanganligi va aholining ijtimoiy himoyalanganligi kabi sharoitlarga bevosita bog‘liq. SHuningdek bu jarayonlar ijtimoiy shart-sharoitlar natijasida o‘zgarib tursada, ammo bu jarayonlar qayta jamiyat hayotiga ta’sir etish kuchiga ega.
Demografik jarayonlar ijtimoiy taraqqiyotga negativ va pozitiv ta’sir etish xususiyatiga ega. Uning ijobiy omil sifatida namoyon bo‘lishini bir qator yo‘nalishlarda ko‘rib o‘tish mumkin:
aholining ko‘payishi ishchi kuchiga bo‘lgan talabning qondirilishiga olib keladi (bunda mehnatga yaroqli va jismonan sog‘lom aholining ortib borishi nazarda tutilmoqda);
aholi orasida yoshlar qatlamining ko‘pligi jamiyatning o‘zgarishlarga moyilligini oshiradi. CHunki yoshlar o‘rta yoshlar va keksalarga nisbatan ijtimoiy faolroq bo‘lishadi. Bunda jamiyat konservativ harakterdan uzoqlashib, liberal o‘zgarishlarga ko‘proq moslashadi;
migratsiya jarayonlari turli hududlardagi professional, iqtisodiy va boshqa “bo‘shliqlarni” to‘ldiradi. Ishchi kuchining barqaror taqsimlanishiga olib keladi;
aholining zichlashuvi ijtimoiy munosabatlarni faollashuviga ta’sir ko‘rsatadi. SHaxarlashishni yuzaga keltirib, o‘z navbatida madaniyaning markazlashuvini belgilaydi. Ayni vaqtda ishlab chiqarish va bozor munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayni vaqtda yuqoridagi kabi demografik jarayonlar ijtimoiy taraqqiyotga salbiy ta’sir etuvchi omil sifatida namoyon bo‘lishi ham mumkin. Masalan:
aholining haddan tashqari ko‘payishi moddiy ne’matlar taqchilligini yuzaga keltiradi. Iqtisodiy taqsimotda jiddiy tafovutlarni yuzaga keltirib, iqtisodiy nochor qatlamning ortishiga olib keladi. Jamiyatda mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumga nisbatan salbiy kayfiyatlar sonining oshib borishiga, turli tartibsizliklarga sabab bo‘ladi. Jamiyatda beqarorlik ehtimoli ortadi;
tug‘ilishning kamligi ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunda jamiyatda keksalarning salmog‘i ortadi. Ularni boqish jamiyatga og‘ir yuk bo‘lib tushishi mumkin;
o‘z navbatida jamiyatda yoshlar salmog‘ining ko‘pligi ham ijtimoiy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Ularning liberal kayfiyatga moyilligi jiddiy inqilobiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin (Suriya, Misr, Liviyada sodir bo‘lgan inqilobiy jarayonlarda asosan yoshlar ishtirok etdi);
kekin urbanizatsiya (shaxarlashish) jarayoni qishloqlarning bo‘shab qolishiga, agrar xo‘jalikning zavolga yuz tutishiga olib kelishi mumkin;
migratsiya jarayonlarining kuchayishi natijasida madaniyatlar aralashuvi yuz beradi. Amerikalik siyosiy tahlilchi va publitsist P.Byukenen o‘zining “G‘arbning halokati” asarida buni shunday izohlaydi: “Tizginsiz immigratsiya havfli o‘simta kabi Amerika xalqini o‘z tarixiga, tiliga, madaniyatiga, urf-odatlariga ega bo‘lmagan tartibsiz olomonga aylantirib ... mamlakatni etnik guruhlarga bo‘lib yuborib, mamlakatni yo‘q qilish havfini yuzaga keltirmoqda”.73 Bu hususda yana bir taniqli siyosatshunos olim S.Xantington o‘zining “Biz kimmiz?” asarida yozishicha, Lotin Amerikasidan immigrantlarning doimiy oqib kelishi AQSHni ikki xalq, ikki madaniyat va ikki tilga ajratib tashlash havfini kuchaytirib yubordi.74
Ko‘pincha demografik jarayonlar orasida ijtimoiy taraqqiyotga kuchli ta’sir etuvchi omil sifatida aholi soni o‘sishiga asosiy e’tibor beriladi. Aynan aholi soni ortishi bilan bog‘liq demografik omilning jamiyat hayotiga ta’sirini mutlaqlashtirgan oqimlardan biri demografik determinizmdir. Demografik determinizmni odatda XVIII asr oxiri va XIX asr boshida ijod qilgan ingliz iqtisodchisi T. Maltus bilan bog‘laydilar. Uning asosiy ijod mahsullaridan biri “Nufus qonuni borasidagi tajribalar” asarining yuzaga kelishi ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Maltus shunday fikrni olg‘a surdi: “Agar aholining ko‘payishi hech qanday to‘siqqa uchramasa, u har 25 yilda ikki barobarga ko‘payadi va geometrik progressiya bo‘yicha o‘sadi... Mehnat qilish uchun qulay sharoitlar ostidagi mavjud vositalar hech qachon arifmetik progressiyadan ortiq o‘smaydi”. T. Maltus ijtimoiy taraqqiyotning asosiy omili sifatida aholi sonining ko‘payishini e’tirof etadi. Lekin, aholi sonining ko‘payishi taraqqiyotning doimiy omili bo‘lib qolmaydi. Aholi soni o‘sishining ma’lum darajasiga etish jamiyat taraqqiyoti uchun tormoz, keyinchalik esa havf-hatar tug‘diradi.
T.Maltus ko‘p mamlakatlardagi qashshoqlikning o‘sishidan tashvishga tushib, bu muammoga nisbatan biror chora ko‘rilmasa, jamiyatda salbiy o‘zgarishlarga, epidemiyalar va shunga o‘xshash oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlaydi. U bunday vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida tug‘ilishni nazorat qilish va erga ishlov berish vositalarini mukammallashtirish (hosildorlikni oshirish uchun) kabi choralar ko‘rish lozimligini aytib o‘tadi. Biroq, muhim ijtimoiy muammolarni ilgari surgan Maltus nomidan ilm-fandan yiroq bo‘lgan maqsadlardan foydalandilar. XIX asr oxiridan XX asrning birinchi yarmiga qadar hayotimizning barcha salbiy tomonlarini nufus bilan bog‘lab tushuntiruvchi neomaltuschilik qarashlari tarqaldi. Neomaltuschilik geosiyosat bilan birga 30 - yillar oxiri va 40 – yillar boshlarida natsistlar va YAponiya imperialistik doiralarining ajralmas mafkurasiga aylandi.
Oxirgi o‘n yilliklarda neomaltuschilik yuzaga kelayotgan ekologik inqirozlarning bosh sababi sifatida aholining tez sur’atlarda ko‘payishi va “aholining ortiqchaligi”ni ko‘rsatmoqda, hamda ortiqcha aholini har qanday yo‘l bilan bo‘lsada, yo‘q qilmoq darkor, deb hisoblaydi. 1996 yil X. SHmutser shunday bayonot beradiki, bunga ko‘ra, aholining chidab bo‘lmas darajada o‘sishini nazorat qilishning boshqa yo‘li bo‘lmasa, buning yagona vositasi neytron bombadir.
G‘ayriinsoniy neomaltuschilik bilan bir qatorda, shuni ta’kidlash lozimki, unga qarama-qarshi falsafiy qarashlar ham bo‘lgan. Ular er yuzida aholi sonining ko‘payishining insoniyatga havf hatar tug‘dirishini anglab etgan holda, shu bilan birga insonlar hayotini saqlab qolishning gumanistik yo‘llarini taklif qilishgan (hatto o‘lganlarni tiriltirish) va Er aholisining bir qismini koinotning boshqa sayyoralariga ko‘chirib o‘tkazish konsepsiyasi bilan chiqishgan (N. F. Fedorov, K. E. Siolkovskiy).
YUqoridagi fikrlardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, demografik jarayonlar jamiyatdagi ehtiyojlarga qarab tartibga solinishi lozim. Bunda ijtimoiy prognozlash asosida qat’iy demografik siyosat olib borilishi lozim. Ana shunda demografik jarayonlar ijtimoiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir etuvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |