Geografik muhit va uning jamiyatga ta’siri. Geografik muhit - tabiatning insoniyat jamiyati mavjud bo‘lgan, odamning butun hayoti va ishlab chiqarish faoliyati ro‘y beradigan qismi. Inson o‘ziga kerak bo‘lgan barcha narsa — suv, havo, oziq-ovqat, turar joy va boshqa qurilishlar uchun zarur bo‘lgan materiallar, butun sanoat uchun xom ashyolarni geografik muhitdan oladi. Jamiyat rivojlanib borgan sari geografik muhit doirasi o‘zgarib, kengayib boradi. Jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida kishilar asosan hayot uchun zarur tabiiy manbalar (yovvoyi o‘simlik mevalari va hayvonlar, unumdor tuproq)dan foydalangan. Keyinchalik ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishi bilan tabiiy boyliklar (metall, yog‘och, issiqlik manbalari) mehnat vositalariga aylanib, ahamiyati orta boradi. Geografik muhit jamiyat taraqqiyoti va farovonligining doimiy, zarur shartlaridan biri, u mehnat taqsimotiga va ishlab chiqarish tarmoqlarining to‘g‘ri joylashtirilishiga faol ta’sir ko‘rsatadi. CHunonchi, O‘zbekiston iqlimi issiq va tuprog‘i unumdor bo‘lgani uchun o‘zbeklar kadimdan paxtachilik va bog‘dorchilik bilan, qozoqlar esa qulay yaylovlarga ega bo‘lganligi uchun chorvachilik va g‘allakorlik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Keyingi davrda er osti boyliklarini o‘zlashtirish ham salmoqli o‘rin egal-ladi.
Geografik muhit kishilarning madaniyati, ruhiy holati, turmushi, urf-odatlariga, kiyinishiga ham ta’sir ko‘rsatadi va bularning tarkib topishida katta ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida jamiyat ham geografik muhitga ta’sir ko‘rsatadi. Kishilarning tobora o‘sib boradigan ehtiyojlarini qondirish uchun tabiatning yangi hududlari va boshqa tabiiy boyliklari xo‘jalikka jalb qilinadi. Insonning ta’siri oqibatida geografik muhit ancha o‘zgaradi. Macalan, cho‘llarda vohalar vujudga keldi, dashtlar ekin dalalariga aylantirildi, bir necha o‘nlab suv omborlari qurildi, quritilgan botqoqliklar o‘rnida o‘tloklar paydo bo‘ldi. Bular mahalliy iqlimga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Agar insoniyat tarixiga teran nazar tashlasak, turli mintaqalarda yuzaga kelgan ko‘plab tamaddunlarning geografik joylashuvi qulay bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu qandaydir tasodif bo‘lmay, buning zamirida qandaydir qonuniyat yotishini anglash mumkin.
Osiyoda asrlar davomida buyuk davlatlar – Bobil, SHumer, Ossuriya, Xarappa, Urartu va boshqalar yuzaga kelgan. Agar bu madaniyatlar shakllangan mintaqalarning geografik joylashuviga e’tibor beradigan bo‘lsak, ular shimoliy yarim sharda ekvatordan taxminan bir xil uzoqlikda va unga parallel to‘g‘ri chiziqda yotganligini ko‘rishimiz mumkin. SHuni aytib o‘tish kerakki, bu sivilizatsiya markazlari joylashgan mintaqa mo‘‘tadil tabiiy iqlim sharoitiga ega. Bu narsa mazkur madaniyatlarning paydo bo‘lishi qandaydir tasodif bo‘lmasdan, ma’lum bir ijtimoiy-tarixiy va tabiiy shart-sharoitlar ta’sirida shakllanganligidan dalolat beradi. SHu o‘rinda o‘n ikkinchi asrda yashab ijod qilgan mashxur arab mutafakkiri Ibn Rushdning “Iqlimlar nazariyasi”ni e’tirof etish mumkin. Alloma mazkur ta’limotida dunyoni uchta – issiq, mo‘‘tadil va sovuq iqlimli zonalarga bo‘ladi. “Doimo yoz bo‘ladigan issiq o‘lkalarda, - deydi olim, - yashash uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar va qulay ob-havo sharoitlari etarli bo‘lgan, insonlarni ovqat va boshpana muammosi ko‘pda tashvishlantiravermagan. Sovuq ob-havo hukmron bo‘lgan yurtlarda esa, ular o‘zlari uchun ovqat izlashga hamda sovuqdan va yirtqich hayvonlardan himoyalanish yo‘llarini axtarishga majbur bo‘ladilar. SHuning uchun ham bu ikkala mintaqada ijtimoiiy-madaniy rivojlanish yuz bermaydi. Bunday yuksalish faqat mo‘‘tadil iqlimli o‘lkalarda sodir bo‘ladi. Buning sababi shundaki, - deb ko‘rsatadi Ibn Rushd, - bu joylarda yil fasllari almashinib turadi. Odamlar issiq narsalarni jamlashga, shuningdek, uy-joy qurishga majbur bo‘lishgan”. Aynan mana shu ehtiyoj – talab sivilizatsiyaga turtki bo‘lgan. Oxirgi yuz yilliklarda yuz bergan ilmiy-texnik taraqqiyot ta’sirida shimoliy, ya’ni sovuq, shuningdek, issiq mintaqalarda joylashgan mamlakatlar ham ko‘p sohalarda yuksak rivojlanish bosqichlariga erishdilar72.
Geografik muhit, ya’ni iqlim, er rel’efi, suv va suv manbaalari, foydali qazilmalar, tuproq, o‘simlik va hayvonot olami kabi tabiiy muhitning qandayligi jamiyat hayoti va ijtimoiy taraqqiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu negativ yoki pozitiv ma’no kasb etishi mumkin. Masalan geografik muhitning asosiy komponentlaridan biri bo‘lgan iqlimni olaylik. Undagi o‘zgarishlar jamiyat tarixida bir necha bor taraqqiyotga turtki beruvchi omil sifatida ham, ijtimoiy taraqqiyotni tormozlovchi kuch sifatida ham namoyon bo‘lgan. Insoniyat tarixida bir necha bor muzlik davri bo‘lgan va bu qulay iqlimiy sharoitda yashayotgan inson zotini uyg‘otuvchi kuch vazifasini bajargan. Odamlar bunday sharoitga moslashishlari uchun ularning biologik adaptatsiyalashuv imkoniyatlarining kamligi ularning boshqa bir noyob xususiyatini, ya’ni ongini takomillashishiga sabab bo‘lgan. Bu esa asta-sekinlik bilan ijtimoiylik kasb etib borgan.
Geografik muhitning yana bir muhim komponenti hosildor erdir. Er agrar ho‘jalikning muhim resursi hisoblanadi. Birinchi yuzaga kelgan sivilizatsiyalar ho‘jaligi aynan tuproq unumdorligi bilan bog‘liq edi. Misr, Mesopotamiya, Xitoy, Hindiston kabi sivilizatsiyalar yuzaga kelgan hududlar unumdor tuproqqa boy bo‘lgan. Tabiiyki, bu dehqonchilikdan mo‘l-ko‘l hosil olish imkonini bergan, moddiy farovonlik va taraqqiyotga olib kelgan. Turli daryolar va dengizlarning mavjudligi qulay suv transportini yuzaga keltirib, savdo-sotiqning yuksalishida muhim omil bo‘lib hizmat qilgan. Hududining foydali qazilmalarga boyligi ham jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ta’sir etuvchi tabiiy omil hisoblanadi. Aynan birinchi bor metalga ishlov berish orqali mehnat qurollarining takomillashuvi ishlab chiqarishning rivojiga olib kelgan. Tabiiyki tamaddunlar ana shunday foydali qazilmalar mo‘l-ko‘l bo‘lgan hududlarda mavjud bo‘lgan. Demak geografik muhitning har bir komponenti ijtimoiy taraqqiyotning muhim tabiiy omillari bo‘lib hizmat qiladi.
Geografik muhitdagi o‘zgarishlar har doim ham taraqqiyot omili bo‘lavermaydi. Buni ayniqsa hozirgi tabiat kataklizmlarining salbiy ijtimoiy oqibatlari misolida ko‘rib turibmiz. Insoniyat tarixida bunday jarayonlar ko‘p kuzatilgan. Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, Mayya sivilizatsiyasi va Rim imperiyasining inqirozga yuz tutishida muttasil davom etgan qurg‘oqchilik ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatgan. Dehqonchilikda hosildorlik pasayib, jamiyatning iqtisodiy asoslari emirilgan, natijada ijtimoiy farovonlik darajasi pasayib, turli ziddiyatlar, emirilishlarga sabab bo‘lgan. SHunga o‘xshash holatni Avstraliyada yashovchi qabilalar ham o‘z boshlaridan kechirganlar. Ovchilikni tirikchilik manbai qilib olgan aborigenlar hayvonlarni ovlash jarayonida o‘rmonlarga o‘t qo‘yish usulidan muntazam foydalanganlar. Natijada, qit’adagi o‘rmonlar keskin kamaygan, kuygan tuproq o‘z unumdorligini yo‘qotgan, natijada o‘simliklarning kamayishi yanada tezlashgan, bu esa hayvonot olamiga katta putur etkazgan. Aborigenlar esa og‘ir iqtisodiy inqirozni boshlaridan kechirgan, taraqqiyot imkoniyatidan mahrum bo‘lganlar. Hozirda Atlantika okeaninining g‘arbiy qirg‘oqlarida hamda Tinch okeani mintaqalarida sodir bo‘layotgan to‘fonlar, Amerikada tez-tez kuzatiladigan tornadolar, turli zilzilalar, suv toshqinlari, vulqon otilishlari, epidemiyalar etkazayotgan zarar tabiiy omillarning jamiyatga salbiy ta’sirini ifodalaydi.
Demak har bir jamiyat hayoti va taraqqiyotida geografik omillarning ta’siri har doim sezilarli bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Ammo shuni alohida ta’kidlash kerakki, geografik muhitni taraqqiyotning birdan-bir asosiy omili, qulay geografik muhitga egalik qilishga intilishni tabiiy holat sifatida qarash geografik deterministik oqimlarni yuzaga keltirdi. Buning asosini esa geografik siyosat tashkil qiladi.
“Geosiyosat” tushunchasidagi “Geo” – er (shar), “siyosat” esa shu kurpai zaminga doir siyosat yurgizish demakdir. YA’ni, u muayyan davlat yoki davlatlar guruhining geografik yohud makoniy – hududiy aspektda olib boradigan siyosati bo‘lib qolmasdan, shu bilan birga, umuman jahon hamjamiyatining ham, ayrim davlatlar ittifoqlari, bloklarining umum-jahonmiqyosida belgilaydigan parametrlari, o‘lchovlari, fe’l-atvorlarini ham anglatadi. Geosiyosatga doir nazariy qarashlar XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab G‘arbiy Yevropada vujudga kelib, geografik muhit xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynashi to‘g‘risidagi qarashlarni muqimlashtirishga harakat qiladi. Bunday qarashlar go‘yoki yangicha yondashuvlar sifatida talqin etilsa-da, ammo ular qadimgi grek olimlarining asarlarida uchraydi. So‘ngra, O‘rta asr mutafakkiri ibn Haldun bunday g‘oyalarni ilgari surgan edi.
XVIII asrga kelib fransuz faylasufi SH.L.Monteske taraqqiyot to‘g‘risidagi omillar o‘rniga halqlarning ahloqi, urf-odatlari, ularning xo‘jalik va siyosiy tuzumlarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi g‘oyalarni ilgari surdi. Biroq, geosiyosat to‘g‘risidagi nazariy qarashlar vujudga kelmay turib, ming yillar davomidagi siyosiy faoliyatda u etakchi yo‘nalish bo‘lib kelganligi ma’lum. An’anaviy geosiyosat geografik muhit bilan bog‘liq ekanligi ta’kidlanadi. Masalan, ingliz tadqiqotchisi Makinder “Tarix – geografik markazi”ni Markaziy Osiyoda ko‘radi. SHu tufayli u CHingizxon o‘zining otliq askarlari qudratiga tayanib, Osiyo va Yevropaning talay qismini egallashga muvaffaq bo‘ldi, deb hisoblaydi. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli kuchlar nisbati okeanlar bilan qurshalgan Buyuk Britaniya foydasiga hal bo‘lgani, yangi transport vositalari (temir yo‘l) paydo bo‘lishi bilan kuchlar nisbati tekis erli davlatlar foydasiga hal bo‘lganini asoslashga intiladi Makinder. U kimki SHarqiy Yevropani nazorat ostiga olsa, tarixning geografik markaziga ega bo‘ladi, degan g‘oyani ilgari surgan. Makinder jahon bozorida erkin raqobat urushlarni keltirib chiqaradi, deb hisoblardi.
Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda jismoniy kuch ishlatish (zo‘ravonlik) kerakligi haqida fikrlar paydo bo‘ldi. Bunga ko‘ra, kuchsizlar ustidan kuchlilarning g‘olib kelishi hayot qonunining asosini tashkil etishi kerak edi. Bu g‘oyalardan kelib chiqib, Germaniyada kuch ishlatish bilan hukmronlik qilish birinchi o‘ringa qo‘yila boshlandi. Nemis siyosiy arbobi O. Bismark Germaniyaning yakkayu yagona hududi uning armiyasidir, degan fikrni ilgari surdi.
“Geosiyosat”tushunchasi G‘arb tadqiqotchilarining faoliyati tufayli XIX asr bilan XX asr oralig‘ida ilmiy muloqotga kiritildi. G‘arbiy Yevropaning bir-qator mamlakatlaridagi texnika taraqqiyoti imkoniyatlari tufayli, jahon maydonlarini bo‘lib olish siyosati va uning oqibatlari ta’sirida tadqiqotlar boshlandi. Ma’lumki, bu davrga kelib, Angliya, Ispaniya, Fransiya, Rossiya, Portugaliya, Italiya, Germaniya, Gollandiya kabi davlatlar tomonidan jahon maydonlari taqsimlab olinib, globallashuv boshlanishi tufayli asrlar davomida o‘z etnik qobig‘ida hayot kechirib kelgan xalqlar, davlatlar o‘z mustaqilliklaridan mahrum bo‘ldilar va umumplanetar muammolar girdobiga tortildilar. Tabiiyki, tadqiqotchilarda bu muammoni g‘arbparastlik ruhida hal etish mayli (tendensiyasi) etakchi yo‘nalish bo‘lib qoldi. Demak, geosiyosiy g‘oyalar davlat ekspansiyasi va imperiyachilik maqsadlari asosida vujudga keldi. Bunga ko‘ra: a) global bozorni asta-sekin shakllantirish, oykumen (er sharining odamzot yashaydigan qismi)ni zichlantirish va jahon maydonlarini taqsimlab olishni “nihoyasiga etgan” debhisoblash; b) sof hududiy makon ekspansiyasi tugab, dunyoni bo‘lib olish amalda oxirlangani; v) buning natijasida Yevropa davlatlari o‘rtasida paydo bo‘lgan omonat barqarorlikni boshqa qit’alardagi “bekik” olamga o‘tkazish; g) tarix Yevropa tarixi bo‘lishdan to‘xtab, endilikda u umumjahontarixiga aylana boshlagani; d) shunday omillarga binoan, keyincharoq ta’mal toshiga aylangan siyosiy realizm uchun halqaro maydonda kuch ishlatishga (zo‘ravonlikka) tayangan siyosatning nazariy asoslarini yaratish ko‘zda tutilgan edi.
Boshqacha aytganda, hayvonot olamida tabiiy tanlanishga o‘xshash munosabatlar ijtimoiy hayotda ham qaror topishi mumkinligini “ilmiy jihatdan” asoslash kerak edi. YA’ni, sher taslim qilgan o‘ljasini sherbachchalar nimta – nimta qilib taqsimlab olib, har tomonda g‘ajib eya boshlagach, ularning qorinlari to‘yganligi tufayli yuzaga kelgan xotirjamlikka o‘xshash bir manzarani gavdalantirish tadqiqotlar markazida tura boshladi. Biroq, qorni yana ocha boshlaganini his qilgan sherlar yangi o‘ljalarni qumsab qolgani kabi vaqtinchalik yuzaga kelgan barqarorlik o‘z o‘rnini yanada dahshatliroq beqarorliklarga bo‘shatib berishga majbur bo‘ladi. Jahonga hokim bo‘lish siyosati 1812 yilda Fransiya – Rossiya o‘rtasida o‘sha davr uchun nihoyatda katta hisoblangan urushni keltirib chiqardi. Natijada Fransiya sharmandalarcha mag‘lub bo‘lib, ilgarigi nasibalaridan ham mahrum etildi.
SHimoliy Amerikada mustamlakachilikka qarshi boshlangan urush G‘arb mamlakatlarining mag‘lubiyati bilan tugab, AQSH nomi bilan yangi qudratli davlat tarix maydoniga keldi. Amerika tarixchisi A.T.Maxen mamlakatlar va xalqlar tarixiy taqdirini dengizdagi qudrat belgilaydi, degan g‘oyani “asosladi”. Unga ko‘ra, chor tomonlari okeanlardan iborat Amerikada qudratli davlat barpo bo‘lishi kerak edi.
Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda jismonan kuch ishlatish kerakligi haqida g‘oyalar paydo bo‘lib, mafkura vositalari orqali Germaniyada bosqinchilik, kuch ishlatish va hukmronlik qilish qahramonlik darajasiga ko‘tarildi. F. Nauman markazi Germaniya bo‘lgan Yevropa ittifoqi kerakligi, u “Planeta qo‘shma shtatlari” uchun asos bo‘lishi to‘g‘risidagi konsepsiyani ilgari surdi. Xausxofer davlatning eng muhim harakatlantiruvchi kuchi uning “hayotiy bo‘shliqlar bilan ta’minlanishi bilan bog‘liq”, degan g‘oyani ilgari surdi. U Markaziy Yevropani Germaniyaning tayanchi hisoblab, SHarqni german hududiy ekspansiyasining asosiy yo‘nalishi, deb hisobladi. U dengiz davlatlarining zaiflashuvi Germaniya etakchi bo‘lgan Yevropa tartiblarini o‘rnatish imkoniyatlari vujudga keltirganini, bug‘oyalarjahon tartibotlari sistemasi uchun negiz bo‘lishi kerakligini “isbotlamoqchi” bo‘ldi.
Geosiyosatdagi g‘arbparastlik mayllari XX asrda ikkita jahon urushi kelib chiqishi uchun g‘oyaviy turtki bo‘lib, million – million odamlarning yostig‘i qurishi, shahar va qishloqlarning vayronaga aylanishiga olib keldi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, har qanday g‘oya, jumladan vayronkor, yovuz g‘oyalar ham kuchli, ta’sirchan mafkura orqali odamlarda harakat birligini vujudga keltirib, insoniyat boshiga bexad kulfatlar solishga sabab bo‘lishi mumkin ekan. (Tinch okeanidagi Pasxa oroli sivilizatsiyasining ravnaqi va halokati. Pasxa orolining markazlashgan va yaxshi tashkil etilgan jamiyati qo‘shni urug‘larga o‘z xukmini o‘tkazish xamda o‘zidan ilgarilab ketganlardan o‘zib ketishni istagan sardor tomonidan qilingan xatti-xarakatlar tufayli tabiiy o‘rmonlar ekotizimining deyarli to‘la saxrolashishiga olib kelgan. O‘rmonlarning yo‘kolishiga asosiy sabab esa dengizdan uzoqdagi konlarda yasalgan ulkan tosh haykallarni soxildagi platformalarga tashish uchun daraxtlarni kesib ishlatish bo‘lgan. Ikki yuzta ulkan xaykal xaligacha turibdi, shu bilan birga yana etti yuztasi tayyorgarlik boskichida, vayron bo‘lgan ekotizim kurshovida qolib ketgan. Extimol, aynan o‘rmonlarning yo‘q qilinishi shamolning kuchayishi va suv eroziyasiga olib kelgan va mavjud ekotizimning yashovchanligiga putur etkazgan (Van der Liuv, 2000). Manba: Suv - O‘zbekiston kelajagi uchun muhim xayotiy resurs. Mingyillik rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha nashr. UNDP. T., 2007. –B.13.)
Do'stlaringiz bilan baham: |