1. Ishchi kuchining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni
Ishchi kuchi– bu insonning aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yig’indisi bo’lib, jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi hisoblanadi.Jamiyatning milliy mahsuloti hisobiga ishlab chiqarishning moddiy-ashyoviy omillarigina emas, balki shaxsiy omili, ya’ni ishchi kuchi ham takror ishlab chiqariladi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish yoki uni takror ishlab chiqarish deganda eng avvalo o’zining aqliy va jismoniy kuch-quvvatini ishlatib, charchagan ishchining qobiliyatini qayta tiklashi, ya’ni uning ovqatlanishi, kiyinishi, dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi tushuniladi. Bu esa ishchi uchun oila, uy-joy va boshqa shart-sharoitlar yaratilishi bilan bog’liqdir. Bundan tashqari ishchi va xizmatchilarning hozirgi avlodi ma’lum vaqt o’tishi bilan qariydi. Ularning o’rinlarini bosadigan o’rinbosarlar ham tayyorlanishi lozim bo’ladi. Buning uchun esa ishchining oilasi, bola-chaqasi bo’lishi lozim, ularning o’sib-ulg’ayishi, o’qishi, zamon talabiga javob beradigan ishchi kuchi sifatida kamol topishi uchun ham shart-sharoit bo’lishi zarur.
Ishchi kuchini takror hosil qilish jarayonini tadqiq etish uning miqdoriy va sifat jihatlarini ajratishni taqozo etadi. Ishchi kuchining miqdori mamlakat aholisining mehnat faoliyatiga layoqatli bo’lgan qismi orqali ifodalanib, u ishchi kuchi resurslari deb ham ataladi. Insonning ishchi kuchi resurslari tarkibiga kiritilishining asosiy mezoni bo’lib uning yoshi va mehnatga bo’lgan qobiliyati hisoblanadi. Odatda ishchi kuchi resurslari tarkibiga 16 yoshdan 60 yoshgacha bo’lgan erkaklar, 16 yoshdan 55 yoshgacha bo’lgan ayollar kiritiladi. Lekin ijtimoiy ishlab chiqarish va boshqa cohalarda band bo’lgan pensionerlar ham ishlashi mumkin.
Ishchi kuchi resurslarining faol va potentsial qismi farqlanadi. Ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo’lgan shaxslar ishchi kuchi resurslarining faol qismi hisoblansa, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o’qiyotganlar va vaqtinchalik uy xo’jaligida band bo’lganlar potentsial qismi hisoblanadi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish nisbatan mustaqil iqtisodiy va ijtimoiy muammo bo’lib, bu muammoning ayrim tomonlari aholining tabiiy harakatlari shaklida namoyon bo’ladi. Shu sababli ishchi kuchini takror hosil qilishning asosi aholining tabiiy ko’payishi hisoblanadi.
Ishchi kuchi resurslarining soni va sifati mamlakat aholisining soni hamda jinsi va yoshi jihatidan tarkibi bilan belgilanadi. Bular esa o’z navbatida aholining tabiiy harakatlanishiga bog’liq bo’ladi.
Aholining tabiiy harakatlanishi, uni takror ishlab chiqarish xususiyati ko’pgina holatlar bilan mamlakatning industrial taraqqiyoti va urbanizatsiya darajasi, ijtimoiy shart-sharoitlar, madaniyat va maishiy turmush an’analari, aniq tarixiy omillar bilan belgilanadi.
Ular jumlasiga demografiya omilini hisobga olgan holda uy-joy sharoitlarini yaxshilash, bolalarga nafaqalar berish, ularni bolalar muassasalari bilan ta’minlash, homiladorlik va bola tug’ilgandan keyingi ta’tillarni uzaytirish, oilani mustahkamlash, shuningdek, jamoada ma’naviy muhitni yaxshilash kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |