34-Mavzu: Moliya tizimi va moliyaviy siyosat.
(2 soat ma’ruza)
Reja:
1. Moliyaning iqtisodiy mazmuni.
2. Moliyaning vazifalari.
3. Moliya tizimi. Davlat byudjeti, daromadlari va harajatlari.
4. Soliqlar va ularning iqtisodiy taraqqiyotdagi roli.
Tayanch so’z va iboralar:
Moliya mohiyati va vazifalari. Byudjet taqchilligi va davlat qarzlari. Soliq tizimi va uning vazifalari. O’zbekistonda byudjet va soliq tizimini takomillashtirish masalalari.
"Moliya" frantsuzcha "finance" va lotincha "financia" so’zlaridan olingan bo’lib "naqdina daromad" ma’nolarini anglatadi. Moliya uzoq davom etgan tovar-pul munosabatlarining maxsuli bo’lib, davlatning iqtisodiy vazifasi va extiyojlari asosida shakllandi.
XIII-XV asrlarda Italiyada "moliya" so’zi "pul to’lov" ma’nosida ishlatiladi. Keyinchalik halqaro tus olib, "pul muomalasi tizimi" ma’nosida йabul qilina boshlandi.
Moliya o’z moxiyatiga ko’ra davlat hamda korxonalar ixtiyoridagi barcha pul mablag’larining tashkil topishi, taqsimoti va ulardan foydalanish tizimini aks ettiradi. Pul mablag’larining harakati o’z-o’zidan moliya moxiyatini to’la namoyon eta olmaydi. Moliya o’z moxiyatiga ko’ra tovar va xizmatlarning qiymat shaklidagi harakatlarining pul ifodasi sifatida namoyon bo’ladi. Aynan shu ma’noda moliya munosabatlari harakterlanadi va ma’lum ma’noda o’z xususiyatlarini namoyon etadi.
Moliya munosabatlari, avvalo, pul shaklida harakatlanadi. Aynan shu pul munosabatlari moliya amal qilish ining zarur shartdir. Moliya munosabatlari takror ishlab chiqarishning taqsimot bosqichida ijtimoiy maxsulot qiymatini belgilangan maqsadlar yo’lida taqsimlash va qayta taqsimlash borasida shakllanadi. Moliya munosabatlari mazkur yo’nalishda jamiyat a’zolarining moddiy rag’batlantirish, ijtimoiy va boshqa extiyojlarni ta’minlash hamda, eng asosiysi, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni uzuluksiz amalga oshirishga imkon beradi.
Ikkinchidan, moliya munosabatlarining muxim xususiyatlari bu ekvivalent ayirboshlash yuz bermagan munosabatlardagi taqsimot harakteridir. Kredit munosabatlarida vaqtinchalik qarz uchun berilgan mablag’ qaytarilishi va moddiy boylik bilan boyitilishi shart bo’lsa, moliya munosabatlarining yuqorida qayd etilgan xususiyatiga binoan ko’rsatilayotgan moddiy yordam qaytarilmaydi. Bu mablag’lar makroiqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun tarmoqlar va ayrim ishlab chiqarish bo’g’inlaridagi nomutanosiblikning oldini olish, ijtimoiy soxani rivojlantirish ham boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
Uchinchidan, moliya munosabatlari yalpi milliy maxsulot va milliy daromadni maxsus fondlar asosida taqsimlaydi. Yalpi milliy maxsulot va milliy daromad hududlararo, tarmoqlararo va tarmoq ichida hamda moddiy, nomoddiy soxa ob’ektlarida moliya munosabatlari yordamida byudjet zaxiralari, sug’urta fondlari, byudjetdan tashqari fondlar, subsidiya, subventsiya, dotatsiya tarzida taqsimlanib, pul resurslaridan jamiyatning normal faoliyati uchun foydaliniladi. Moliya munosabatlari ob’ekti pul mablag’lari, sub’ekti esa korxona, jamoat tashkilotlari, davlat idoralari, muassasalar, oila va yakka shaxslardir.
Moliyaning o’ziga xos vazifalari mavjud bo’lib, ular quyidagilardir:
- Taqsimlash ;
- Rag’batlantirish ;
- Ijtimoiy himoyalash ;
- Iqtisodiy axborot berish vazifasi.
Moliyaning vazifalari deganimizda uning xo’jalik faoliyatida mazmunlashuvini, aniq ifodalanishini tushunamiz. Qiymatning taqsimlashishi yo’l fondi va resurslarning ishlatilishi tufayli moliya maxsulotlarini taqsimlash, shaxslar va jamoalarni rag’batlantirishi, aholining ijtimoiy himoyalanishini amalga oshirish iqtisodiy axborot kabilarda o’z aksini topadi.
Taqsimlash vazifasi milliy daromadlarning pul fondlari shakllanishi asosida taqsimlanishidan iboratdir. Birlamchi va qayta taqsimlash mavjud. Bevosita ishlab chiqarishdagi taqsimlash - birlamchidir, bundan keyingi taqsimlanish qayta taqsimlanishdan iboratdir. Masalan, ish xaqi, foyda, ijtimoiy sug’urta, amortizatsiya kabi fondlarga bulinishi birlamchi taqsimotga kiradi. Soliqlar, turli to’lovlar, maishiy xizmat haqi kabilar ikkilamchi yoki qayta taqsimlashga kiradi. Yalpi milliy maxsulotni 100 % deb olsak, shundan 60 % ishlab chiqarishni tiklash, 20 % ish haqi, 15 % foyda, 5 % ijtimoiy sug’urta fondlari uchun taqsimlanishi mumkin.
Iqtisodiy rag’batlantirish ham avvalo moliyadan boshlanadi, bu ham pulni taqsimlashdan boshlanadi. Soliq tizimidagi imtiyozlar to’lovlarda va subsidiyalarda rag’batlantirish o’z aksini topadi. Boj haqini kamaytirish, mukofot fondlarini tashkil etish va ulardan foydalanish iqtisodiy faollikka undaydi. Ularning biri eksport yoki importni rag’batlantirsa, ikkinchisi, bevosita ishlovchilarni yoki jamoalarni rag’batlantirishda foydalaniladi.
Ijtimoiy himoyalash ham moliyadan boshlanadi va u orqali amalga oshiriladi. CHunki, u avvalo, pul orqali, pul foizlari vositasida bajariladi va u pul tufayli amalga oshiriladi. Ma’lumki, aholi qatlamida muxtoj qismlari ko’p , ya’ni yetim bolalar, qariyalar, nogironlar, kam daromadli oilalar shular jumlasidan bo’lib, ular o’z tirikchiligini yuritishni minimal darajada ta’minlashda ham doimo muxtoj bo’ladilar. Ijtimoiy himoyalash esa shularni moliyaviy kafolatlashni talab etadi. Bu asosan, davlat yordamida amalga oshadi. Davlat maxsus fondlar tashkil etib, bunday himoyalashni amalga oshirib boradi.
Korxona, tashkilot, jamoalar ham shunday fondlar tashkil etadi va aholini ijtimoiy himoyalashda faol ishtirok etadi. Ishsizlik nafaqalari, bolalar uchun nafaqa, nogironlar pensiyasi kabilar bundagi asosiy fondlar xisobiga kiradi.
Bundan tashqari ishtimoiy iste’mol orqali amalga oshadigan fondlar ham mavjud bo’lib, bularga bepul tibbiy xizmat, ma’orif, atrof muxitni sog’lomlashtirish va kabilarni kiritish mumkin.
Moliyaviy axborotlarni iqtisodiyotni boshqarishda, iqtisodiy faoliyatni baxolashdagi o’rni katta. Bu moliyaviy yakunlar xususida o’z vaqtida xabarlar berib turish orqali amalga oshadi. Moliyaviy ko’rsatkichlar orqali ishlab chiqarishni ko’zatish, moliyaviy fondlar xolati bo’yicha iqtisodiyot soxalarini muvozanati, bir-biriga monandligi kabilarni aniqlash imkoniti tuguladi.
Moliyaviy axborotda auditorlik xizmati ma’lum o’rin egallab axborotdan foydalanishni yaxshilaydi va tezlashtiradi. CHunki auditorlik xizmati korxonalar, kompaniyalarning xo’jalik-moliyaviy faoliyatini taxlil etadi, xolisona xulosalar chiqaradi va ularni vaqtida yetkazib beradi bu moliyaviy boshqaruvda ahamiyatlidir.
Moliya vazifalaridan unumli foydalanish iqtisodiy o’sish uchun xizmat qiladi. Moddiy va mehnat resurslarining to’g’ri yo’nalishida bo’lishi va ularni samarali sarflash moliya faoliyatiga uning fazifalari reallashuviga bog’liq. Moliya o’z vazifalarini bajarish bilan iqtisodiy va ijtimoiy o’zgarishilarni tartibga soladi, samarali xo’jalik faoliyatini rag’batlantiradi. Bularni amalga oshirish moliyaviy vositalar tufayli yuz beradi. Bular qatoriga ishlab chiqarish va noishlab chiqarish harajatlari amortizasiya, foyda, aktsiya kursi, dividend, soliqlar, sug’urta xaqi, bank xaqi, dotatsiya, subsidiya, kompensatsiya kabilarni kiritish mumkin.
Moliyaviy vositalar fondlarda shakllanib moliya resurslarini tashkil etadi. Ana shu resurslar orqali moliyaning ta’siri va harakati amalga oshadi. Masalan amortizasiya fondi va foydaning bir qismi investitsiya uchun xizmat qiladi, bularning ko’payish resurslari ishlab chiqarish quvvatlarini ko’paytirish zaxiralari demakdir. Agarda bular yetarli bo’lmasa, texnika, texnologiya,sarf etish kamayadi va ishlab chiqarish o’sishi susayadi yoki dividendlar haqida to’xtalsak, ular yuqori bo’lsa aktsiya chiqargan kompaniyalar axvolining yaxshiligidan darak beradi, aktsiya kursi oshadi, qo’ishimcha kapital kelishi, iqtisodiy o’sish tezlashadi.
Moliyaviy resurslarda asosiy o’rinni foyda va milliy boylik to’tadi. Bular iqtisodiy usish manbaini tashkil etadi. Foyda sof daromad sifatida investitsiya, turli zaxiralar, sug’urta va ijtimoiy fondlarni uyushtirish uchun taqsimlaydi.
Moliyaviy resurslar ikki turga, yani mikroresurslar va makroresurslarga bo’linadi. Mikroresurslar markazlashmagan bo’lib korxona, firma, tashkilot, kompaniya, jamoa uyushmalari shaxslarning pul resurslaridan iboratdir. Bunga qarzga olingan pullar ham kiradi.
Makroresurslar asosan davlat ixtiyoridagi pul resurslaridan iborat bo’lib, umumdavlat miqyosida tashkil etiladi va byudjetda jamg’ariladi.
Bozor iqtisodiyotida mikroresurslar asosiy o’rinni egallaydi. Bozorda erkin iqtisodiy faoliyat sharoitida albatta firma, kontsern, korporotsiya, birlashma, korxona kabilarni moliyasi asos bo’lib xisoblanadi. Lekin bozor iqtisodiyotini tartibga solishda davlat moliyasi yetakchi o’rinda bo’ladi.
Mavjud moliya munosabatlarining majmui – moliya tizimidir. Moliya tizimi quyidagi unsurlardan tarkib topadi:
- davlat moliyasi (davlat byudjeti);
- korxonalar, firmalar kompaniya, kontsern, tashkilotlar moliyasi;
- ijtimoiy - siyosiy, madaniy - mahrifiy faoliyat bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar (siyosiy partiyalar, kasaba va ijodiy uyushmalar, yoshlar, xotin qizlar tashkilotlari kabilar);
- maxsus maqsadli fondlar (masalan. “Umid”, “Ustoz”, “Maxalla” jamg’armalari, “Ulugbek”, “Orolni qutkarish” kabilar);
- xayriya fondlari.
Mamlakatimizdagi moliya tizimini boshqarish – Moliya vazirligi va uning joylardagi organlari orqali amalga oshiriladi. Moliya vazirligi quyidagi vazifalarni bajarishga mo’tasaddi qilib tayinlangan:
- davlatning moliya siyosatini amalga oshirish, moliyaviy rejalashtirish, moliviy manbalarni muvofiqlashtirish, moliyaga oid qonunlarni ishlab chiqish, soliq siyosatini amalga oshirish, monopoliyaga qarshi kurash olib borish;
- mamlakat byudjetini tayyorlash va uni Oliy Majlis xukmiga taqdim etish;
- davlat byudjetining ijrosini moliyalashtirish, harajatlarni nazorat qilish;
- moliya tizimini takomillashtirish va uning mamlakat ijtimoiy xayotida faol ishtirokini ta’minlash;
- barcha turdagi moliyaviy resurslarni davlat extiyoji uchun tuplash, mulk shaklidan qat’iy nazar moliyaviy intizom o’rnatish;
- qimmatli qog’ozlar bozorini tashkil etish va moliya bozorini muvofiqlashtirish, uni nazorat qilish ;
- xorijiy sarmoyalarni jalb etish va ular harakatiga sharoit yaratib berish va boshqalar.
Moliyaviy resurslarni, jumladan byudjet mablag’larini to’g’ri sarflanishi ustidan bevosita nazorat - taftish boshqarmalari tomonidan olib boriladi. Taftish materiallari asosida moliyaviy resurslarning axvoli taxlil etiladi, mamlakat iqtisodiyotining moliyaviy sog’lomligini ta’minlash chora - tadbirlari belgilanadi.
Moliya tizimi o’z munosabatlari harakteriga muvofiq quyidagicha yo’nalishlarga bo’linadi:
Birinchidan, korxonalar, tashkilotlar moliyasi bo’lib bu, o’z navbatida, tijorat asosida faoliyat yurituvchi korxonalar; tashkilotlar, notijorat faoliyat yurituvchi tashkilotlar, korxonalar va ijtimoiy birlashmalar, tashkilotlar moliyalaridan iborat.
Ikkinchidan, sug’urta faoliyati bo’yicha:
a) ijtimoiy sug’urta,
b) shaxsiy sug’urta,
v) mulkiy sug’urta,
g) javobgarlik sug’urtasi,
d) tadbirkorlik tavakkalchiligi sug’urtasi.
Uchinchidan, davlat moliyasi tarzida:
a) davlat byudjeti,
b) byudjetdan tashqari fondlar,
v) davlat kreditidir.
Davlat byudjeti moliya tizimining eng asosiy bo’lagidir.
Mamlakat iqtisodiyotini ma’lum maqsadda rivojlantirish, turli markazlashgan jamg’armalari va avvalo, umumdavlat pul mablag’lari fondini-davlat byudjetini tuzish yo’li bilan ta’minlanadi. SHuning uchun ham davlat byudjeti mamlakat moliya tizimining markaziy bo’g’ini xisoblanadi.
Davlat byudjetining asosiy vazifasi moliyaviy vositalar yordamida iqtisodiyotni samarali rivojlantirish va umumdavlat miqyosidagi ijtimoiy vazifalarni xal qilish uchun sharoit yaratishdan iboratdir.
Davlat byudjetning daromad manbalari soliqlar, zayomlar, emissiyadan iboratdir.
Soliqlar davlat byudjetining manbai bo’lib, xo’jalik faoliyatini rag’batlantirish va ijtimoiy himoya vazifalarini bajaradi. Soliqlarning ob’ekti va sub’ektlari bo’lib, uning me’yori, imtiyozliligi ham mavjud.
Davlat zayomlari qarz xisobiga shakllanadi. U korxona, tashkilotlar va fuqarolardan qarz olish xisobiga byudjet kamomadini qoplash maqsadida qo’llaniladi. Ular markaziy, maxlliy bo’lib muxlati tugagach davlat tomonidan sotib olinadi.
Emissiya qo’shimcha pullar chiqarish bilan bog’liq bo’lib, qo’ishimcha daromadir, ya’ni o’z harajatlarini qoplay olmaganda qo’llash mumkin bo’lgan vosita xisoblanadi, soliq va zayomlar miqdori yetarli bo’lmaganda foydalaniladi.
Bu manbalardan tashqari davlat moliyasiga uning iqtisodiy faoliyatidan keladigan tushumlar ham kirib, dividend, foiz, ijara xaqlari, davlat mulkini sotish kabilardan kelgan daromadlar shular jumlasidandir.
Davlat byudjetining harajatlari quyidagilarni o’z ichiga oladi:
1. Ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish (investitsiyalash);
2. Davlatga qarashli maorif, soliqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, madaniyat tarmoqlarini pul bilan ta’minlash (ijtimoiy, madaniy soxaga sarflar);
3. Mavjud davlat idoralarining harajatlari (boshqaruv harajatlari);
4. Mamlakat mudofaasini ta’minlash (Harbiy soxaga harajatlar).
Davlat byudjetining daromad qismi, birinchi navbatda ana shu to’rt xil harajatlarni to’la qoplash zurur.
Byudjet kamomadi bu harajatlarni qoplay olmasligi bilan boglangan bo’lib, byudjet taqchilligini yuzaga keltiradi. Taqchillik darajasi juda katta yoki byudjet iste’mol yo’nalishida bo’lsa bu iqtisodiy xavf paydo qilishi mumkin.
Agar byudjet taqchilligi iqtisodiy taraqqiyot yo’nalishi bilan bog’liq bo’lib, ishlab chiqarish, investitsiyalash yuqori darajada bo’lsa, buning xavfli tomoni yo’q. CHunki iqtisodiyotni istiqbolli tuzilishini yaratish, samaradorligini oshirish va umuman iqtisodiy o’sishni ko’zlagan harajatlar bo’lib, bu o’rinni tezda oqlashi mumkin.
Byudjetdagi muvozanatni ta’minlash va undagi taqchillikni qoplash asosan iqtisodiy rivojlanish, byudjet daromadlarini oshirish tufayli amalga oshiriladi.
Sug’urta moliya munosabatlarining o’ziga xos aloxida bir shakli bo’lib, O’zbekiston Respublikasi yuz beradigan turli tabiiy ofatlar, favqulodda xolatlar, oldindan ko’rib bo’lmaydigan xodisa va voqealar natijasida yetkazilgan zarar va talofatlarni bartaraf etishga qaratilgan maxsus pul resurslaridir. Sug’urtaning o’ziga xos moliyaviy munosabat ekanligi shundaki, u taqsimlangan yalpi milliy maxsulot va milliy daromadni qayta taqsimlash oqibatida barpo etiladigan pul resursidir. Sug’urta shunday fondki, kutilmagan xolatlardan ko’rilgan zararni jismoniy va huquqiy shaxslarga to’la yoki qisman qoplash imkonini beradi.
Mamlakatimizda tobora chuqurlashib borayotgan islohotlarni amalga oshirish, aholini va xo’jalik sub’ektlarini iqtisodiy va ijtimoiy himoya qilish sug’urta vositasida amalga oshiriladi. Xozirgi davrda bozor iqtisodiyoti talablariga, jaxon andozalariga muvofiq keluvchi sug’urta tizimini yaratishga aloxida e’tibor berilayotir. Mamlakatimiz Prezidenti maxsus farmonlari asosida “O’zagrosug’urta” davlat aktsionerlik sug’urta kompaniyasi, “Madad” sug’urta agentligi, “O’zbekinvest” eksport - import milliy sug’urta kompaniyasi kabi sug’urta tashkilotlari tashkil etildi. Bu sug’urta tashkilotlari takror ishlab chiqarishning maromida borishi, iqtisodiy ijtimoiy barqarorlik, aholi, tadbirkorlarni sug’urta yo’li bilan himoya qilish vazifalarini bajarishga safarbar qilingan.
O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq majburiy va ixtiyoriy sug’urta tizimi joriy etilgan. Majburiy sug’urtani o’tkazishga davlat sug’urta idoralarigina xaqlidir, ular majburiy sug’urta ob’ektlarini aniqlaydi, ularning daxlsizligi ustidan nazorat o’rnatadi. Ixtiyoriy sug’urta tomonlarining xoxish irodasiga ko’ra amalga oshrayotgan sug’urta shaklidir. Ixtiyoriy sug’urtaning shartlari tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi, sug’urtaning oliy shartlari sug’urta shartnomasi bilan belgilab qo’yiladi.
Davlat byudjeti deganda mamalakatning daromadlari bilan xarajatlarining taqqoslama yillik majmuasi yoki davlatnig kutilayotgan daromadlari bilan xarajatlarini taqqoslaydigan yillik rejasi tushuniladi. Har qanday mustaqil davlat ana shunday o‘z byudjetini shakllantiradi. Biroq davlat byudjetini yaratilish va ijrosi bu davlatning millat taraqqiyoti hususiyatlariga va davlat olib borayotgan tashqi va ichki iqtisodiy siyosatiga bog’liq bo‘ladi.
O’zbekiston Respublikasi mustaqil davlat sifatida o‘z byudjetini yaratayotgani uning milliy tarixida g’oyat muhim voqeyilkdir. Ayniqsa, Oliy Majlisning II chaqiriq IV sessiyasida “ Byudjet tizimi to‘g’risida ”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinganligi byudjetimizni shakllantirishning huquqiy bazasini yaratilganligi quvonarli hol bo‘ldi. Ushbu Qonunda shunday deyiladi: “Davlat byudjeti – davlat pul mablag’larining markazlashtirilgan jamg’armasi bo‘lib, unda daromad manbaalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek, moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag’lar sarfi yo‘nalishlari va miqdori nazarda tutiladi” deyiladi.
Ushbu sessiyada davlatimizning XXI asrning ilk yili – 2001 yil uchun ham daromad va harajatlarning majmuasi qabul qilindi. Unda mo‘ljallanishicha, davlat xarajatlarining daromadlarga nisbatan farqi, ya’ni davlat byudjetining taqchilligi 1.5 % darajasida bo‘ladi. Uning 0.5% Markaziy bank tomonidan qoplanishi belgilab qo‘yildi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, jahon tajribasida byudjet taqchiligi degan narsa tasodifiy hol emas. Masalan, AQSh davlat byudjeti 1969 yildan beri, Germaniya davlat byudjetida esa 1980 yildan boshlab byudjet taqchilligi davom etmoqda. Odatda byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga (YIM) Nisbatan 2 – 3 % dan oshmasligi kerak. Ko‘rinib turibdiki, O’zbekiston Respublikasi byudjeti taqchilligi jahon andozalari me’yorlaridan deyarli ikki marta pastroqdir. Buning sababi xalq xo‘jaligining asosiy tarmoqlari belgilangan topshiriqlarni ortirib bajarishidadir. Masalan, 2006 yil yakuniga ko’ra, yalpi ichki mahsulot 7,3 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 10,8 foizga, iste’mol tovarlari – 20,6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish – 6,2 foizga, pulli xizmatlar – 19,3 foizga, pudrat qurilish ishlari – 12,8 foizga ko‘paydi. Oltin-valuta zaxiralari 1,6 baravardan ziyod o‘sdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,5 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi 6,8 foizgacha pasaydi.
Albatta, real iqtisodiy hayot bu ko’rsatkichlarga ma’lum o’zgartirishlar kiritadi. Ammo yuqoridagi fikrlardan hilosa qilish mumkinki, mamalakatimiz davlat byudjeti butun xalq xo’jaligi, uning barcha tarmoqlari infratuzilmasi oldiga qo’yilgan vazifalar muvaffaqiyatli bajarish uchun yetarli moliyaviy (pul) resirslarga ega.
Nazariy jixatdan byudjet kamchilligi va davlat qarzi tushunchalari o’zaro farq qiladi. Davlat qarzi ma’lum vaqt davridagi byudjet taqchilliklari yig’indisidir. Davlat qarzi ikki guruxga bo’linadi: davlat tashqi qarzi (tashqi davlatlarga, tashkilotlar va aloxida shaxslarga) va ichki qarz (davlatning o’z xalqidan qarzi).
Byudjet defitsiti bilan davlat qarzi bir-biriga bog’liq, chunki u yoki bu miqdorda davlat byudjeti kamchilligi miqdorini qanchalik iqtisodiyot uchun xavfliligini aniqlash uchun avvalo davlat qarzini miqdorini taxlil etish kerak.
Xozirgi sharoitda deyarli hamma mamlakatlarda davlat qarzlarini ortishi kuzatilmoqda. SHuning uchun xozirgi davrda byudjetni tartibga solish masalasi har qanday xukumatning oldida turuvchi markaziy muammolardan biridir.
Davlat byudjetini tartibga solishning quyidagi kontseptsiyalari mavjud:
Birinchi kontseptsiyaga muvofiq davlat byudjeti har yili balanslashtirilishi lozim degan g’oyaga asoslanadi. Yaqin paytlargacha ushbu yondashuv moliya siyosatining maqsadi xisoblanardi. Bu siyosatning iqtisodiyotni barqarorlashtirishga qaratilgan tadbirlari samaradorlik darajasini pasayishiga olib keldi. (Masalan, iqtisodiyotdagi surunkali ishsizlik aholi daromadlarini pasaytiradi va byudjetga tushuvchi ssliqlar kamayadi. Bu vaziyatda davlat byudjetini balanslashtirish uchun soliq stavkasini oshirish yoki davlat harajatlarini kamaytirish kerak bo’ladi. Ammo bularni amalga oshirish jami talabni yanada pasayishiga olib keladi).
Ikkinchi kontseptsiya - davlat byudjeti har yili ikki emas, balki iqtisodiy tsikl davrida balanslashtirilishi kerak degan g’oyaga asoslanadi. Bunda krizisga qarshi kurash chorasi deb xukumat soliqlarni pasaytiradi, harajatlarni oshiradi va byudjet kamchilligini yuzaga keltiradi. Ko’tarilish davrida esa xukumat soliqlarni ko’taradi va davlat harajatlarini kamaytiradi. Natijada, yuzaga kelgan byudjetni ijobiy sal’dosini, tanazzul vaqtidagi kamomadni qoplashga ishlatiladi. Bunda eng asosiy muammo shundan iboratki, iqtisodiy faoliyatning ko’tarilishi va krizis vaqt davomiyligi nuqtai nazaridan farq qiladi (masalan krizis davri uch yil, ko’tarilish davri esa ikki yil bo’lishi mumkin. Unda uch yilda yuzaga kelgan defitsit miqdori ikki yildagi byudjetni ijobiy saldosi bilan qoplanmay qolishi mumkin).
Uchinchi kontseptsiya asosida byudjet emas, balki iqtisodiyot balanslashtirilishi kerak degan qoida moliyani asosiy vazifasi deb qabul qilingan. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik davrida byudjet ijobiy va barqaror saldoga ega bo’lishi mumkin degan fikr ilgari suriladi. CHunki iqtisodiy o’sish sharoitida byudjetga soliqlar tushimi avtomatik ravishda ko’payadi, makroiqtisodiy barqarorlik esa buni rag’batlantiradi va byudjet kamomadi avtomatik ravishda yo’qoladi.
Har qanday davlat o’z sharoitlaridan kelib chiqqan xolda moliyaviy siyosatni ishlab chiqadi. Bunday siyosat mamlakatni pul potentsiali doirasida xukumatni moliyaviy ishlarini aniq dasturiga ega bo’lishini, byudjet kamomadi ustidan nazorat o’rnatilishi va uni qoplash manbalarini qidirishni, juda katta samara beradigan iqtisodiy dasturlarga byudjetdan mablag’ ajratishni talab etadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 18 dekabrdagi «O’zbekiston Respublikasining 2007 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to’g’risida»gi PQ-532-sonli qarori bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O’zbekiston Respublikasining 2007 yilgi Davlat byudjeti to’g’risida»gi 2006 yil 30-noyabrdagi 256-1-son Qaroriga muvofiq 2007 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar, Davlat byudjetining asosiy parametrlari, shuningdek Pensiya jamg’armasining, Respublika yo’l jamg’armasining hamda byudjetdan tashqari Maktab ta’limi jamg’armasining 2007 yilgi asosiy parametrlari tasdiqlandi.
Ushbu qarorga muvofiq 2007 yilgi Davlat byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulot xajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilandi. Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish faqat noinflyatsion manbalar, jumladan davlat obligatsiyalarini joylashtirishdan tushumlar, respublika byudjeti mablag’larining 2007 yil boshidagi qoldiqlari va tashqi qarz jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi belgilandi.
O’zbekiston sharoitida byudjet taqchilligini kamaytirish iqtisodiyotda mutanosiblikni ta’minlashni muxim omili bo’lib xisoblanadi va qattiq nazorat qilinadi. Buning uchun boshqaruv harajatlarini qisqartirish, dotatsiyalarining har xil turlarini qoplash uchun mablag’ ajratilishinin tugatish, moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishga markazlashtirilgan tarzda mablag’ ajratishni cheklash, byudjet harajatlarini keskin o’sishini chegaralab qo’yish siyosati olib borilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |