O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish zarurati va uning o‘ziga xos
xususiyatlari
XX asrning 90-yillari boshida O’zbekiston ijtimoiy - iqtisodiy taraqqiyotida mutlaqo yangi mazmun va mohiyatga ega tarixiy vaziyat yuzaga keldi. Bu, avvalo, Yurtboshimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimizning mustaqillikka erishgani bilan boqliqdir. Istiqlolimiz sharofati bilan iqtisodiyotimizga bozor munosabatlarini joriy etish, mavjud ijtimoiy-iqdisodiy, xalqaro masalalarni o’z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda mustaqil hal etish imkoniyati yaratildi. Boshqacha aytganda, mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayoni qadimiy milliy davlatchiligimizni qayta tiklash va milliy iqtisodiyotimizni shakllantirish bilan uyg’unlikda olib borildi.
Ayni paytda, bozor munosabatlari xalqimiz va Vatanimiz uchun butunlay yangi tushunchalar emasdi. Osiyo va Yevropaning savdo yo’li - Buyuk ipak yo’li chorrahasida joylashgan o’zbek zamini asrlar osha Sharq va G’arb o’rtasida o’ziga xos ko’prik bo’lib keldi. O’zbekiston o’zining ana shu tarixiy va an’anaviy o’rnini egallashi uchun yurtimizda zamonaviy bozor munosabatlarini va aholi o’rtasida esa bozor madaniyatini shakllantirish lozim edi. Bu esa oson ish emasdi. Zero, kommunistik mafkura hukmronlik qilgan sovet zamonida - yetmish yil mobaynida xalqimiz haqiqiy bozor qadriyatlaridan butunlay uzoqlashtirilgan, odamlardagi bozor munosabatlariga xos tashabbuskorlik, izlanuvchanlik va tadbirkorlik so’ndirilgan, boqimandalik kayfiyati hukmronlik qilgan.
To’g’ri, sosializm sharoitida ham «xufiyona iqtisodiyot», kooperativ faoliyat, kolxoz bozori singari bir qarashda bozorni eslatadigan yarim ochiq, yarim yashirin ko’rinishdagi unsurlar ham mavjud bo’lgan. Ammo, sosializm mazmun- mohiyatiga ko’ra bozor iqtisodiyotiga butunlay zid, davlat mulkini eng ustuvor o’ringa qo’yar va xususiy mulkchilikning har qanday ko’rinishini inkor etardi.
Shu bois mulk obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va monopollashuvdan qaytish mehanizmlari orqali raqobat muhitini yaratish, erkin tadbirkorlikka keng yo’l ochish, bozor infratuzilmasini rivojlantirish, talab va taklif asosida shakllanadigan narx mexanizmini joriy etish kabi bozor ustunlarini qaror toptirish, pirovardida aralash iqtisodiyotga erishish lozim edi. Chunki, shusiz ham chuqur inqiroz girdobiga tushib qolgan iqtisodiyotimizni sog’lomlashtirishning bozordan boshqa yo’li yuq, oldinda ulkan islohotlarni amalga oshirish vazifasi turardi.
Shukurki, O’zbekistonimiz jahonning tabiiy resurslarga boy mamlakatlaridan. Yurtimizda turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun keng ekin maydonlari, yirik industrial baza, malakali kadrlar, qisqasi, jamiyat a’zolari extiyojlarini to’la qondirish uchun zarur barcha imkoniyatlar mavjud bo’lsa-da, eng ayanchlisi, ana shunday ulkan imkoniyatlarga qaramasdan, yurtimiz qashshoq mamlakatlar qatoriga tushib qolgan, jamiyatda eng zarur iste’mol mollarining ham keskin tanqisligi vujudga kelgan edi. Sababi eski tuzum davrida jamiyatdagi tabiiy muvozanat buzilgan — shaxsiy manfaat va mehnat natijalari o’rtasida bevosita uzviylik yo’q edi. Bu uzviylik esa har qanday jamiyatda taraqqiyotning lokomotivi vazifasini bajaradi, mavjud barcha resurslardan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qiladi6.
Sobiq SSSRda ham bir qancha iqtisodiy islohotlar o’tkazilganini ta’kidlash lozim. 1953, 1965, 1979-yillarda o’tkazilgan xo’jalik yuritish mexanizmlarini takomillashtirish, moddiy manfaatdorlikni oshirishga qaratilgan islohotlar shular jumlasidandir. Lekin, iqtisodiy rivojlanishda burilish yasash maqsadida amalga oshirilgan bunday urinishlarning birortasi ham kutilgan samarani bermadi. Berishi ham mumkin emasdi. Chunki, islohotlarni amalga oshirishda shaxsiy manfaat va mehnat natijalari o’rtasidagi bevosita uzviylik hisobga olinmagan edi. Bu masala esa, ta’kidlanganidek, jamiyat poydevori hisoblanadigan mulk munosabatlarini qayta qurish bilan bog’liq. Mulk munosabatlarini o’zgartirish esa bevosita sosializmning taqdiri bilan bog’liq edi. Murt poydevor ustiga qurilgan binoni ta’mirlash bilan uning ko’rkamligini oshirish mumkin. Ammo uning mustahkamligi-yu samaradorligini oshirib bo’lmaydi. Shuro zamonidan katta shov- shuv va dahmaza bilan boshlangan, biroq nihoyasiga yetmay, orayo’lda qolib ketgan iqtisodiy islohotlar ham xo’jalik yuritishning ayrim bo’g’inlarini takomillashtirishdan nariga o’ta olmadi, butun iqtisodiyotni jonlantirishga ojizlik qildi. Natijada, yana odatdagidek ma’muriy-buyruqbozlik tartibotiga zo’r berildi. Bu usul ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o’rtasidagi aloqani ekstensiv omillardan keng foydalanish orqali naridan-beri ta’minlash imkonini berdi. Ammo tabiiy resurslarning ham chegarasi bor, imkoniyatlari cheklangan. Ulardan kelajak avlod manfaatlarini hisobga olmasdan, pala-partish foydalanish talay muammoalarni, jumladan, ekologik keskinlikni keltirib chiqardi.
Ekstensiv omillarning borgan sari imkoniyatlari torayib ketaverishi, intensiv xo’jalik yuritish mexanizmining mavjud emasligi ertami-kech iqtisodiy tanqislik va tanglikni keltirib chiqarishi muqarrar edi. Shunday bo’ldi ham! Iqtisodiy tanglik XX asr 80-yillarining oxiriga kelib yanada keskin va halokatli tus oldi. Bu, avvalo, mahsulot ishlab chiqarishning butunlay pasayib ketishida, ishlab chiqarish quvvatlarining ish bilan ta’minlanmaganida, ishsizlik darajasining o’sishida, pul- kredit va valyuta tizimining izdan chiqishida namoyon bo’ldi. Xususan, 1990 yilda sobiq ittifoq yalpi milliy mahsuloti 1989 yildagiga nisbatai 2 foiz, ishlab chiqarilgan milliy daromad hajmi 4 foiz, mehnat unumdorligi 3 foiz pasaydi.
Tashki savdo aylanmasi 6,6 foiz qisqarib, tashqi savdoning salbiy saldosi 9,8 millard rublga yetdi. Davlat qarzi esa bir yilda 150 millard rubl ko’payib, 550 millard rubldan oshib ketdi.
Surunkali inflyasiya hammaning tinkasini qurita boshladi. Natijada shusiz ham nochor axvolda kun kechirayotgan aholining daromadlari va turmush darajasi muttasil pasaya boshladi. Ishlab chiqarish ko’lami va hajmining tinimsiz qisqarishi, ayniqsa, O’zbekistondek keskin demografik sharoitda yashayotgan respublikalardagi aholi turmush darajasiga yanada og’irroq ta’sir ko’rsatdi. O’zbekiston aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish, real daromadlar, ish haqi, mehnat unumdorligi ko’rsatkichlari bo’yicha sobiq shuro respublikalari orasida eng oxirgi o’rinlardan biriga tushib qolgan edi.
Islom Karimov bu ayanchli vaziyat haqida shunday ta’kidlagan edi: "O’zbekiston kishi boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo’yicha mamlakatda 12-o’rinni egallab turibdi, aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo’yicha esa ittifoqdagi o’rtacha darajadan ikki hissa past".
Bu davrda sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan O’zbekiston o’rtacha ittifoq ko’rsatkichidan 40 foiz, qishloq xo’jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa ikki barobar orqada edi. Respublika aholi jon boshiga xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo’yicha ittifoq darajasining 40 foizini tashkil etardi.
Boz ustiga iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishi va uni tashkil etish shakllari zamon talablariga mutlaqo javob berolmasdi. Mamlakat xo’jaligining amal qilib kelgan tarkibi ekstensiv rivojlanish mahsuli bo’lgan bu tizim iqtisodiy zarurat emas, balki qat’iy markazlashgan ma’muriy va rejali boshqarishga asoslangan edi. Qat’iy reja asosiga qurilgan iqtisodiyot esa rivojlanishga qodir emasligi bugun ko’pchilikka ma’lum. Rejali iqtisodiyotning tanqislik, ishlab chiqarish monopolizmi kabi "surunkali kasalliklar" doimiy hamroxidir. Sobiq sho’rolar mamlakatida ijtimoiy ahamiyati kam bo’lgan, xalq ehtiyojlarini bevosita qondirishga emas, balki "planni to’ldirish" uchun mahsulot chiqariladigan sohalar, korxonalar behad ko’payib ketgan edi.
Iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini xalq extiyojlari tomonga burmasdan turib tanqislikka barham berib bo’lmaydi. Ishlab chiqarish tarkibiga faol ta’sir ko’rsatadigan asosiy samarali mexanizm bu — bozordir. Chunki bozor sharoitidagina ijtimoiy ehtiyojlarga mos kelmaydigan sohalar o’z-o’zidan barham topadi. Davlat bozor tan olmagan, zarar keltirib ishlaydigan, norentabel soha va korxonalarni qo’llab-quvvatlamaydi. Xalq ehtiyojlariga xizmat qiladigan, xaridorgir, byudjet uchun mablag’ beradigan ishlab chiqarish turlari esa rag’batlantiriladi.
Tanqislikni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlardan yana biri ishlab chiqarishdagi yakka hukmronlikdir. Monopolizm iste’molchini tanlash huquqidan mahrum qiladigan va shu yo’l bilan bozorda yakka hukmronlik imkoniyatini qo’lga kiritadigan kuchdir.
Odatda, tanqislik qondirilmagan talab sifatida vaqti-vaqti bilan har qanday bozorda vujudga kelishi mumkin. Bu hodisaga barham berish yangi xaridorgir mollarning paydo bo’lishi bilan bog’liq ayrim mollarning miqdori dastlab kamroq bo’lganligi tufayli, ularga xarid talabi ma’lum vaqtgacha to’la qondirilmasligi mumkin. Bunday sharoitda uo’sha tovarni ishlab chiqaruvchi boshqa shunday tovar ishlab chiqaruvchi paydo bulgunicha bozorda monopol huquqqa ega bo’lib turadi. Bu imkoniyatdan foydalanib, u vaqtincha monopol foyda oladi. Foyda esa, buyuk iqtisodchilar ta’kidlaganidek, shunday qudratli va jozibali xoxish-istakki, xaridorgir tovar ishlab chiqarish yo’li bilan uni qo’lga kiritishni xohlovchi raqobatchilarni ertami-kechmi, albatta, o’ziga jalb qilmasdan qolmaydi. Natijada, raqobatchi mahsulot turining paydo bo’lishi bilan dastlab yangi mahsulot ishlab chiqargan korxonaning yakka hukmronlik mavqyei barham topadi. Bundan esa bozor, iste’molchi yutadi. Sog’lom iqtisodiyotda antimonopol, antitrest qonunlari, soliqlar, imtiyozlar (masalan, kredit olish) orqali doimo monopolizmning qarshiligi sindirilib, tovar ishlab chiqaruvchilar rag’batlantirilib turiladi.
Sosializm xo’jalik yuritish sohasidagi o’zining dastlabki qadamlaridan iqtisodiyotni qat’iy markazlashgan rejali asosda tashkil etish yo’li bilan amalda yakkahokimlikni qonunlashtirdi. Xususiy mulk umumlashtirilib, yagona "umumxalk‖ boshqacha aytganda, davlat mulkiga aylantirilishi shuni taqozo etardi. Natijada, monopolizm surunkali hodisaga aylanib, har kuni, har soatda takror ishlab chiqariladigan bo’ldi. Chunki davlat bozordagi real ahvolni o’zida aks ettirmaydigan, oldindan belgilab qo’yiladigan tovar turlari va ularning narxlarini qo’llab-quvvatlardi. Shu yo’l bilan doimo talabning taklifdan ustunligi, ya’ni taqchillik ta’minlab kelindi. Amalda deyarli barcha korxonalar doimiy monopolistlarga aylanib, bozor va iste’molchiga o’z shartlarini qat’iy o’tkazish imkoniyatiga ega edi.
Ishlab chiqarishni yiriklashtirish va ixtisoslashtirish, ijtimoiy mehnat taqsimotini chuqurlashtirish ayrim tarmoq va korxonalarning yakkahokimligini yanada kuchaytirdi. Yiriklashuv, markazlashuv va ixtisoslashuv iqtisodiy qonuniyat darajasiga ko’tarildi. Xo’jaliklararo kooperasiyalash va agrosanoat integrasiyasi negizida qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini yanada yiriklashtirish hamda ixtisoslashtirish tug’risida maxsus qarorlar qabul qilindi. Yiriklashtirish va ixtisoslashtirish iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga, moddiy va nomoddiy sohalarga, hatto ijtimoiy-madaniy jabhalarga ham keng singdirildi. Bu mash’um tajriba shunga olib keldiki, butun mamlakat bo’yicha ko’pchilik sanoat mhsulotlari turlarini bir-ikki korxona yetkazib beradigan bo’ldi11. O’tgan asrning 80-yillari oxiriga kelib, O’zbekistonda 100 nafargacha ishchisi bo’lgan sanoat korxonalarining umumiy soni to’rt yuzdan oshmagani bunga misoldir. Hamma joyda gigantomaniya vasvasasi avj oldi. Yagona partiya, yagona mafkura, yagona korxona, yagona tovar va yagona xalq!
Shunday qilib, bir tomondan, monopolizm tanqislikning kelib chiqishi uchun sharoit yaratadi. Ikkinchi tomondan, ana shu tanqislikning o’zi monopolizmning keng tomir otishiga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, ularning har ikkisi bir-biri bilan o’ta bog’liq hodisalardir.
Sog’lom iqtisodiyotda monopoliyalar qattiq raqobat asosida paydo bo’ladi, raqobatdan o’sib chiqadi. Shuning uchun ular ilg’or, yuqori samaradorlikka va kam mehnat xarajatlariga, zamonaviy texnika va texnologiyalarga ega bo’lishga intiladilar. Raqobatdan xoli, iqtisodiy jihatdan o’zini oqlamaydigan, sun’iy, yuqoridan turib boshqariladigan korxonalar esa, odatda, texnik va iqtisodiy jihatdan qoloq bo’lsa ham, monopolistga aylanishi mumkin. Monopolizm sharoitida iste’molchi ishlab chiqaruvchining oldida hamisha ta’zimda bo’ladi. Chunki, tanqis tovarni topganiga shukr qiladi, boriga baraka, deb kun ko’radi. Monopolizm iste’molchini nafaqat mol egasiga iqtisodiy qaram qilib qo’yadi, balki uning muayyan haq-huquqlarini ham buzadi. Monopolizm sharoitida ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) qirol bo’lsa, raqobat sharoitida iste’molchi ana shunday mavqyega erishadi.
Monopolizm ham, tanqislik ham jamiyatda mas’uliyatsizlik, iste’molchining talab-extiyojlarini mensimaslik muhhitini yuzaga keltiradi. Natijada savdo do’konlarini sifatsiz, behad qimmat va kam sonli tovarlar egallaydi. Sanoat reja ko’rsatkichlarini ortig’i bilan bajaradi, iste’molchi esa ishlab chiqarilgan mahsulotlardan qoniqmay qolaveradi. Masalan, 1980-89 yillarda sobiq ittifoqda yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish 32 foiz, sanoat mahsuloti — 46, shu jumladan xalq iste’moli mahsulotlari 74 foiz oshgan edi. Aholi sonining o’sishi esa bu yillarda 26 foizni tashkil etdi. Ko’riiib turibdiki, ishlab chiqarish sur’atlari, aholining o’sish sur’atlaridan ancha yuqori. Ammo ahali turmush darajasida keskin o’zgarish yuz bergani yo’q.
Bunday sharoitda pul o’zining qiymatini yo’kotib, keskin qadrsizlanishi tabiiy. Qo’lga kiritilgan puldan qanday foydalanish muammosi ham paydo bo’ladi. Korxona endi o’zining mahsulotini sotishga emas, balki o’ziga kerakli boshqa bir mahsulot turiga ayirboshlash — barterga intiladi. Bunday ayirboshlash harakatlarida taqchil mahsulotlar umumiy muqobil vazifasini o’tay boshlaydi. Shunday qilib, o’z-o’zidan barterga, ya’ni tug’ridan-tug’ri valyutasiz tovar ayirboshlashga yo’l ochiladi. Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy voqyealarning bunday tadrijiy rivoji bozor iqtisodiyotiga o’tishni muqarrar qilib qo’ydi.
Lekin o’sha o’ta murakkab sharoitda bu borada bir-birini amalda inkor etadigan har xil nuqtai nazarlar mavjud bo’lgani ham sir emas. Birinchisi — iqtisodiyotimizni bozor munosabatlariga o’tish halokatdan qutqaradi, deb hisoblaydigan uzoqni ko’zlab, oqilona g’oyalar ilgari, surilgan realistik qarash. Ikkinchisi - avval ma’muriy yo’llar orqali iqtisodiy va moliyaviy tushkunlikka barham berib, undan keyin bozorga o’tish kerak, degan qarash. Bunda ikkinchi guruh vakillari o’z qarashlaridagi ziddiyatni anglab yetmagani qiziq agar ma’muriy yo’llar bilan iqtisodiyotdagi surunkali xastalikni, moliyaviy boshboshdoqlikni, xo’jasizlikni bartaraf etish mumkin bo’lsa, unda bozorga o’tishning nima zarurati bor?
To’g’ri, bozor iqtisodiyotiga, Yurtboshimiz ko’p bor ta’kidlaganidek, bir kunda va bir zarb bilan o’tish aslo mumkin emas. Sababi - O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tishning iqtisodiy asoslari juda zaif edi. Buning ustiga iqtisodiyotimiz xom ashyoga yo’naltirilgan va asosiy ishlab chiqarish fondlari g’oyat eskirgan. O’zbekiston sobiq ittifoq davrida amalda arzon mineral hamda qishloq xo’jaligi xom ashyosini yetkazib beruvchiga aylanib qolgan. Bu mustamlakachilik amaliyoti chor Rossiyasining O’rta Osiyoni bosib olganidan keyin boshlangan, sho’rolar davrida esa u ixtisoslashuv, mehnat taqsimoti vajlari bilan yanada chuqurlashtirilgan va mustahkamlangan edi.
Respublika nafaqat jihozlar, texnologiyalar va juda ko’p turdagi xom ashyo mahsulotlarini, balki birinchi darajali ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari — g’alla, go’sht, shakar, tuz, qandolatchilik mahsulotlari va boshqalarni, shuningdek, yurtimizda ishlab chiqarish mumkin bo’lgan juda keng doiradagi xalq iste’moli mollarini ham tashqaridan keltirishga majbur bo’lgan. Deyarli barcha tarmoqlarda tugallanmagan siklga ega ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgani sababli ular atayin xom ashyoni qazib olish va dastlabki ishlov berish, yarim fabrikalar tayyorlash bosqichida tuxtab qolar edi.
Oddiy xalq ommasida agar ishlab chiqarish vositalarining asosiy qismi davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan bo’lsa, bundan birinchi navbatda, sho’ro zamonidan qolgan xufiyona iqtisodiyot korchalonlari yutadi, o’zining «o’lik kapitalini» ishga solib yuboradi, degan hadiksirashlar ham mavjud bo’lgan.
Albatta, hyech bir yangilikni hamma ham quchoq ochib kutib olmaydi. Tuzumni, iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni butunlay yangicha asosda shakllantirishni taqozo qiladigan bozor iqtisodiyotini ham o’z tarafdorlari-yu, unga shubha bilan qaraydiganlari ham bo’lishi tabiiy. Ko’p jihatdan tavakkalchilikka asoslangan bozor sharoitida o’z biznesi sinishidan, raqobat kurashida mag’lubiyatga uchrashidan hyech kim kafolatlanmaydi.
Bunday munosabatlarni chuqur tadkiq etganlarning fikricha, kapital jamg’arilishining tarixiy tendensiyasi, ya’ni mayda mulklarning kimlardir tomonidan g’oyat yiriklashtirilishi, keng xalq ommasining yeri, tirikchilik vositalari mehnat qurollarining ekspropriasiya kilinishi kapitalizm tarixining muqaddimasidir. Bevosita ishlab chiqaruvchilarning ekspropriasiya qilinishi ko’p mamlakatlarda katta yo’qotishlar, o’pirilishlar, ayniqsa, aholi kam ta’minlangan tabaqalarini haq-huqulari hisobga olinmasdan amalga oshirildi.14
Davlatimiz birinchi rahbari Islom Karimov uzoqni ko’zlab, oqilona yuritayotgan siyosati samarasida O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o’tishda bunday katta yo’qotish va talotumlardan chetlab o’tildi. Ijtimoiy adolatsizlikka, aholining keskin tabaqalanishiga yo’l qo’yilmadi. Bozor iqtisodiyotiga o’tishning evolyutsion, bosqichma-bosqich yo’li tanlandi. Bu borada ijtimoiy adolatni ta’minlashda davlatning islohotchilik roli katta ahamiyatga ega bo’ldi. Islom Karimov o’zining iqtisodiy siyosatga bag’ishlangan asarlarida bozor iqtisodiyotining shakl-shamoyillari, unga o’tishning zarurati, shart-sharoitlari va omillarini puxta asoslab berdi. «Biz mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, - deb yozadi davlatimiz rahbari, - o’z umrini o’tab bo’lgan eski mustabid sovet tuzumidan voz kechib, jahon tajribasini har tomonlama puxta o’rganish, umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglash, milliy urf-odat va an’analarimizni asrab avaylash va yanada mustaxkamlash asosida ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etishga azmu qaror qildik».
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, raqobat muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bozor munosabatlarini qaror toptirishning asosiy shart va yunalishlarini tashkil etdi. O’tgan davr ichida iqtisodiyotga oid qabul qilingan qonunlar. Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining asosiy qismi ana shu uch yo’nalishni rivojlantirishga qaratilganini alohida ta’kidlash darkor. Bu yillarda minglab davlat korxonalari xususiylashtirildi, aksiyadorlik jamiyatlari yoki mulkchilikning boshqa nodavlat korxonalari sifatida qayta tashkil etildi. Natijada nodavlat sektorining ulushi 1995 yilga kelib yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishda 58,4 foizni tashkil etdi. 2010 yilda esa bu ko’rsatkich 81,7 foizga yetdi.16 Ular xo’jalik birlashmalari, qo’shma korxonalar, xususiy fermer xo’jaliklari, aholi xususiy mulkining boshqa obyektlari sifatida faoliyat yurita boshladi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, kichik biznesni rivojlantirish samarasida O’zbekistonda yangi ijtimoiy qatlam mulkdorlar paydo bo’ldi. Qimmatli qog’ozlar va kuchmaye mulk bozori kabi yangi bozorlar paydo bo’ldi.
O’zbekistonda 2000 yilda bozor munosabatlariga xos institusional qayta qurishning tugallanishi bilan o’tish davri nihoyasiga yetdi va aralash iqtisodiyot asosan shakllanib, uning yanada jadalroq rivojlanish bosqichi boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |