Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatlari
va mas’uliyati
Qishloq, ovul, qo‘rg‘on va mahalla fuqarolar yig‘inlari aholini ijtimoiy himoya qilish masalalarida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish orqali ishtirok etadi:
ijtimoiy qo’llab-quvvatlashga muhtoj shaxslar va oilalarm, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalarni aniqlash;
qonunchilik bilan o‘rnatilgan tartibda, voyaga yetmagan bolalari bor muhtoj oilalar, bola ikki yoshga yetgunga qadar uni parvarishlash bilan band bo‘lgan ishlamaydigan onalarga nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va to‘lash;
tegishli hududda yashovchi ijtimoiy zaif aholi toifasiga kiruvchi fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga xayriya yordami va homiylik mablag‘larini jalb etish;
yolg‘iz keksa fuqarolar, nogironlar, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bolalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish va amalga oshirish;
yolg‘iz keksa fuqarolar, pensionerlar va nogironlarning muloqotda bo‘lishlarini ta’minlash uchun mahallalar hududida jamoat markazlarini tashkil etish;
yosh oilalarga ijtimoiy yordam choralarini ko‘rsatish;
tarbiyasi og‘ir bolalarni tarbiyalashda oilalarga jamoatchilik yordami choralarini jalb qilish;
jazoni o‘tash joylaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy ko‘niktirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish.
Qishloq, ovul, qo‘rg‘on va mahalla fuqarolar yig‘inlari kam ta’minlangan, moddiy yordam va ehtiyojmand oilalarga nafaqalarni tayinlash va to‘lashdagi o‘rnatilgan tartibga rioya qilinishiga mas’uldir.
Qishloq, ovul, qo‘rg‘on va mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zlarining mablag‘lari hamda jalb etilgan xayriya yordami va homiylar mablag‘lari hisobidan hududda yashovchi aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni o‘rnatish va amalga oshirish huquqiga egadir.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirishda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish orqali ishtirok etishlari mumkin:
aholini ijtimoiy himoya qilish bo’yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar va maqsadli jamg‘armalarni tashkil etish;
aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalarga xayriya va homiylik yordamlarini hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va bevosita ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatish.
Xorijiy jamoat tashkilotlari va xayriya jamg‘armalari aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirishda qonunchilik bilan o‘rnatilgan tartibda ishtirok etadi.
Nazorat va muhokama uchun savollar
Ijtimoiy institut tushunchasiga ta’rif bering.
Jahon tajribasiga ko‘ra, ijtimoiy himoyaning qanday institutlarini mavjud?
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat boshqaruvi qaysi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi?
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini vakolatlarini sanab bering.
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari va mas’uliyatini aytib bering.
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini sanab bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |