O'ZBEKISTON DUNYO HAMJAMIYATIDA TUTGAN O'RNI
Joriy yilning oʻzida meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urugʻchilik, chorvachilik va agrologistika tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqot ishlarini kengaytirish va qishloq xoʻjaligi sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadlariga uch trillion soʻm yoʻnaltirish moʻljallangan.
Inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun agrar tarmoq xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablagʻlari hisobidan modernizatsiya qilinmoqda. Shu maqsadda qiymati 1,2 milliard dollarlik loyihalar roʻyobga chiqarilyapti.
Va albatta, yana bir global muammo — iqlim oʻzgarishi natijasida yuzaga kelgan va yildan-yilga kuchayayotgan suv resurslari taqchilligi doimiy diqqat-eʼtiborda. Shu bois suv tejovchi texnologiya va jihozlarni joriy etishga alohida ahamiyat berilyapti. Ular hozircha faqat 285 ming gektarda, yaʼni mavjud yerlarning yetti foizidagina qoʻllanilyapti, xolos. Kelgusi yilda bu koʻrsatkichni ikki baravardan koʻproqqa oshirish moʻljallangan. Shuningdek, sugʻorish meʼyorlarini hisoblash uslubiyotini BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) talablariga muvofiq holga keltirish, suvdan oqilona foydalanish uchun hisob-kitob tizimini takomillashtirish, suvga hisoblagich oʻrnatgan isteʼmolchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Qishloq xoʻjaligini isloh qilishdagi shu va boshqa chora-tadbirlar sammit doirasida jahon hamjamiyati eʼtiboriga sazovor boʻladi, deb oʻylaymiz. Biz uchun esa, bu xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarni yana-da mustahkamlashda yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Natijada dasturxonimizning yana-da toʻkin boʻlishiga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish oʻrinlari yaratilishiga, umuman, hayotimizning yana-da farovonlashuviga xizmat qiladi.
Sessiyaning umumsiyosiy bahs-munozara shaklida oʻtkazilishi fikrlar toʻqnashuvini taqozo etadi. Va shunday boʻldi ham: forum davomida davlatlar rahbarlari oʻz strategiyalari, yondashuv va konsepsiyalarini ilgari surishda boshqalarga qarama-qarshi qoʻyishdi ham, baʼzan bir-birlariga kinoyalar ham qilishdi.
Oʻzbekistonning ovozi esa, bundan uch yil oldin ham, hozir ham boshqacha jarangladi. Markaziy Osiyoni tubdan oʻzgartirib yuborgan, umumiy taraqqiyot maqsadlariga xizmat qilib, mamlakatlarni birlashtiradigan daʼvatlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridagi chiqishlari orqali butun sayyoramizga tarqaldi. Tinchlik va bunyodkorlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan tashabbuslar bahsga oʻrin qoldirmaydi: axir ular umumiy manfaatlarga qaratilgan.
Albatta, davlatimiz rahbarining nutqi uning asl mohiyatini anglash maqsadida hali oʻrganiladi, tahlil qilinadi. Nutqda birin-ketin ilgari surilgan takliflar batafsil ochib beriladi va bu tezislar ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritalari” va dasturlarga asos boʻlib xizmat qiladi. Bu tashabbuslar — jahon hamjamiyati uchun ham yaxshilab oʻylab koʻrish uchun mavzu. Oʻylab koʻrish va asosiysi, aniq harakatlarga kirishish esa, bugun barcha uchun zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |