Kasb psixologiyasining vazifalari.
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, mutaxassislarning kasbiy sifatlari va shaxsiy salohiyatiga talablarning yuqoriligi, shaxs hayot faoliyatining turli sohalarida psixologik fanlar ma’lumotlaridan keng qamrovli foydalanishni talab etmoqda. Hozirgi kunda ko’pgina insonlar o’z kasbiy faoliyatlarini hayotiy muvaffaqiyatga erishish uchun shaxsiy shakllanishning asosi deb tushunib, psixologik qo’llab-quvvatlanishga ehtiyojlari mavjudligini tan olmoqdalar. O’z kasbining bilimdoni bo’lish uchun nafakat texnik fanlarni, balki shaxslarning ruhiy holati va kechinmalarini ham yaxshi bilish kerak bo’ladi. Bu esa har bir xodimdan psixologiya ilmining sir-asrorlaridan xabardor bo’lish va shu asosda qonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Har qanday inson kundalik hayotida odamlar bilan uchrashib, muloqotga kirishar ekan, u o’zining bosiq yoki qiziqqon, beparvo yoki qiziquvchan, mehribon yoki bag’ritosh, jahldor yoki bosiq va hokazolardan iborat ichki va tashqi ruhiy olamini namoyon qiladi. Bu ruhiy holatlar ongli va ongsiz tarzda namoyon bo’ladi. Ana shu holatlarning barchasi insonning psixikasini tashkil qiladi. Inson psixikasi moddiy va ma’naviy borliqdagi narsa va hodisalarni jonli aks etuvchi murakkab jarayon bo’lib, u uzoq davom etgan fiziologik rivoji uyg’unligining mahsuli hisoblanadi.
Psixika – yuqori darajada tashkil topgan materiyaning tizimli xossasi (xususiyati), sub’ekt tomonidan ob’ektiv borliqni faol aks ettirish, mazkur borliq manzaralarini sub’ekt o’zidan uzoqlashtirmay ifodalashi, xuddi shu asnoda o’z xulqi va faoliyatini shaxsan boshqarishdir. Psixikada o’tmishning, hozirgi davr va kelgusi zamonning hodisalari ifodalangan, tartibga solingan1. Psixikaning asosiy vazifalari – aks ettirish – munosabat va xulq atvroni boshqarish –nazorat etishdir. Ruxiyatning namoyon bo’lish shakllari va ularning o’zaro bog’liqligi ruxiy (bilish) jarayonlar (sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol, nutq va diqqat), ruxiy holatlar (hissiyot, emotsiya, bardamlik, tetiklik, qiziquvchanlik, hayratlanish, ishonchlilik, ijodiy ruhlanish), shaxs xususiyatlari (yo’nalishlar, temperament, xarakter, qobiliyat, iqtidor, aqliy salohiyat, xulq motivatsiyasi, ish uslubi, mas’uliyat)da kuzatiladi.
Psixologiya – psixikaning kelib chiqishi, rivojlanish qonuniyatlari, shuningdek insondagi onglilik va ong osti fenomenlarining xilma-xil ko’rinishlarini o’rganuvchi fan. Psixologiya yunoncha “psyche” va “logos” so’zidan olingan bo’lib, «jon», «ruh» haqidagi fan, ta’limot degan ma’noni anglatadi. Hozirgi davr ilmida «jon» tushunchasi o’rniga «psixika» atamasini qo’llash qabul qilingan. Chunki lingvistik nuqtai nazardan «jon», «psixika» tushunchalari aynan bir ma’noni bildiradi. Lekin «psixika» atamasi bugungi kunda «jon»ga nisbatan kengroq ma’noga, ko’lamga ega bo’lib, inson ruhiyatining ham ko’zga ko’rinuvchi, ham ko’zga ko’rinmas tomonlarini o’zida aks ettiradi. Psixologiya fanining o’rganadigan sohasiga psixika, ong va ongsizlik, shaxs va uning faolligi kirsa, uning predmetini ana shu ob’ekt haqidagi muayyan bilimlar tashkil qiladi (Ob’ekt – kishilarning diqqatini o’ziga tortadigan moddiy va ma’naviy borliq. Predmet – moddiy va ma’naviy borliq haqidagi bilimlar).
Psixologiya fani: umumiy psixologiya, ijtimoiy psixologiya, pedagogik psixologiya, zoopsixologiya, yosh davrlari psixologiyasi, muhandislik psixologiyasi, yuridik psixologiya, harbiy psixologiya, tibbiyot psixologiyasi, savdo psixologiyasi kabi tarmoqlarga bo’linadi. Bunda: umumiy psixologiya psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlari va ularning o’ziga xos jihatlarini o’rganadigan maxsus soha hisoblanadi; pedagogik psixologiya kishiga ta’lim va tarbiya berishning psixologik qonuniyatlarini o’rganishni o’z predmeti deb biladi;
yosh davrlari psixologiyasi turli yoshdagi odamlarning tug’ilganidan to umrining oxirigacha psixik rivojlanish jarayonini, shaxsning shakllanishi va o’zaro munosabatlari qonuniyatlarini individning yoshiga mos tarzda o’zgarishi tamoyillarini o’rganadi;
ijtimoiy psixologiya odamlarning jamiyatda birgalikda faoliyatlari natijasida ularda hosil bo’ladigan tasavvurlar, fikrlar, e’tiqodlar, hissiy kechinma va xulq-atvorlarni o’rganadi;
muhandislik psixologiyasi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari operatorlarining faoliyatini, odam-texnika o’rtasida funktsiyalarni taqsimlash va muvofiqlashtirishning xususiyatlarini o’rganadi;
harbiy psixologiya kishining harbiy harakatlar sharoitida namoyon bo’ladigan xulq-atvorini, zobitlar bilan oddiy askarlar o’rtasidagi munosabatlarning psixologik jihatlarini o’rganadi;
savdo psixologiyasi – jamiyatda tijoratning psixologik shart-sharoitlari, ehtiyojning individual, yoshga, jinsga oid xususiyatlarini, xaridorga xizmat ko’rsatishning psixologik omillarini aniqlaydi;
tibbiyot psixologiyasi shifokor faoliyati psixologiyasini, bemor xulq- atvorining psixologik jihatlarini o’rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |