245
frontga jo‘natish”, “Jangchi Tursun”, “Roksananing ko‘z yoshlari” va boshqa asarlar urush
yillaridagi o‘zbek adabiyotining yorqin namunalaridir. M. Ismoiliy, Ilyos Muslim, Nazarmat,
Adham Rahmat, N. Safarov, Ibrohim Rahim, Z. Fatxullin, Adham Hamdam kabi yozuvchi
va jurnalistlar frontda ishtirok etib, “Qizil armiya”, “Front haqiqati”, “Qizil askar haqiqati”,
“Suvorovchi”, “Vatan sharafi uchun” kabi front gazetalarida xizmat qilish jarayonida, Hamid
Olimjon, Oybek, A.Umariy, G‘afur G‘ulom, Ra’no Uzoqova va boshqa shoir, ham
yozuvchilar hukumat delegatsiyalari tarkibida frontning oldingi marralariga borib, o‘z
qahramonlari bilan tanishdilar, yurtdoshlarining jasoratlarini tarannum etdilar.
A.Axmatova, I. Virta, S. Gorodetskiy, A. Deych, K. Zelinskiy, YA. Kolas, N.
Pogodin, A. Tolstoy, V. Yan kabi yozuvchi-shoirlar ham O‘zbekistonda yashab, o‘zbek
adabiyotchilari bilan hamkorlikda ajoyib asarlar yaratdilar. Bunda respublika Yozuvchilar
uyushmasiga rahbarlik qilgan H. Olimjonning xizmati katta bo‘ldi. Dramaturgiya sohasida
N. Pogodin, Hamid Olimjon, Uyg‘un va Sobir Abdullalar yozgan “O‘zbekiston qilichi” va
A. Umariyning “Qasos”, Yashin va Sobir Abdullaning “Davron ota” kabi asarlari bilan birga
Uyg‘un va Izzat Sulton “Alisher Navoiy”, Hamid Olimjon “Muqanna”, Maqsud Shayxzoda
“Jaloliddin Manguberdi”, Oybek “Mahmud Tarobiy” kabi dramatik asarlarini yaratdilar-ki,
ularda o‘zbek xalqining bosqinchilarga qarshi kurash sahifalari aks ettirildi.
1941-1945 yillardagi urush davrida O‘zbekistonda ta’sirchan vosita hisoblangan teatr
va san’at ancha rivojlandi. Teatr va san’at arboblari frontning oldingi marralarida bo‘ldilar.
Bu davrda O‘zbekistonda 35 ta mahalliy va 16 ta ko‘chirib keltirilgan teatr jamoasi faoliyat
ko‘rsatib, butun urush davomida 203 ta yangi postanovka tayyorladilar va 6 667 303
tomoshabinga 13.568 ta spektakl va konsertlar ko‘rsatdilar.
Ikkinchi jahon urushi yillarida respublikamizda 30 dan ortiq konsert brigadalari
tashkil etilib, ular harakatdagi armiya qismlarida 35 mingdan ortiq, Turkiston harbiy okrugi
qismlari va gospitaldagi nogironlarga 26 mingta konsert qo‘yib berib, jangchilarni
ruhlantirdilar, ularni fashizm ustidan g‘alabaga undadilar. Ayniqsa, Tamaraxonim, Halima
Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Sora Eshonto‘rayeva, Abror Hidoyatov, Shukur
Burhonov kabi san’atkorlar ishtirokidagi konsert va tomoshalar jangchilar, tomoshabinlar
qalbiga zo‘r ko‘tarinkilik baxshida etgan. A. Abdullayev, CH. Ahmarov, O‘. Tansiqboyev
kabi rassomlar urush lavhalari, badiiy yilnomalarni yaratib, xalqimizning front va front
orqasidagi fidokorona mehnatini mahorat bilan tasvirladilar.
Qisqa metrajli filmlar va 10 ta ovozli badiiy filmlarini yaratish bilan I. A’zamov, K.
Yormatov, N. G‘aniyev, S. Muhamedov kabi o‘zbek rejissyorlari urush yillarida
kinomotografiyani rivojlantirdilar. Bu davrda ishlangan “Nasriddin Buxoroda”, “Tohir va
Zuhra” kabi filmlar “O‘zbekfilm”ning oltin fondiga aylandi.
Umuman olganda urushda qo‘lga kiritilgan g‘alabaga o‘zbekistonliklar o‘zlarining
fidokorona mehnatlari bilan katta hissa qo‘shdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: