Mark Fabiy Kvintilian (mil. avv. 42-118 y.) qadimgi yunonning notiqlik san’ati nazariyotchisi “Notiqning tarbiyasi haqida” deb nomlangan ilk pedagogik asar unga tegishli bo‘lib, unda tarbiyaning muhim g‘oyalari, ta’lim metodikasi bayon etilgan. Kvintilianning asosiy g‘oyalari o‘z “men” ini saqlab qolish, “o‘zi ustidan” hukmronlikka erishish kabilarni tashkil etadi.
Katta yer egaligi munosabatlariga asoslangan davri tarbiyasining o‘ziga xos xususiyatlari asketizm, dunyo dinlari qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘lgan. Asketizm (yunoncha) tuyg‘u va istaklarni cheklash yoki bostirish, azob tortish, hayot ne’matlaridan voz kechish degan ma’noni anglatadi. O‘sha davrning (oltinchi-o‘n ikkinchi asrlar) ijtimoiy-pedagogik g‘oyasini yaratuvchilari o‘sib kelayotgan avlodga singdirmoqchi bo‘lgan axloqiy qadriyatlar orasida hamdardlik, yaqinlarga yordam, xususan, kasallar va nochorlarga yordam kabilarni targ‘ib etadilar.
O‘n beshinchi-o‘n oltinchi asrda avval Italiyada, so‘ngra Yevropaning boshqa davlatlarida kapitalistik munosabatlar rivojlana boshladi. Paydo bo‘layotgan yangi toifa vakillariga, xususan, ziyolilarga asketizmning tamoyillari begona edi. Yangi burjua madaniyati shakllana boshlagan bir paytda uni tavsiflash uchun insoniylashtirish va qayta tiklash tushunchalari qo‘llanilgan. Gumanizm (insoniylik) tushunchasi yangi madaniyat markazida ilohiylik emas, inson shaxsi turishidan guvohlik beradi. Insonning o‘zi ham qalban va jismonan go‘zal bo‘lishi lozim. U faqatgina o‘z ongi, kuchi, muvaffaqiyatiga ishonchi, faolligi, irodasi tufayli barcha qadriyatlar va o‘z baxtining yaratuvchisiga aylana oladi. Shu bilan birga, gumanistlar cherkovga ochiqsan-ochiq qarshi chiqmaganlar. Ular xudoga buyuk yaratuvchi sifatida qarashgan1.
O‘n to‘rtinchi-o‘n oltinchi asrlar gumanistlarining aksariyati o‘zlari pedagog bo‘lishgan yoki pedagogik nazariyaga murojaat etishgan. Gumanizm g‘oyasi pedagogikada xuddi ana shu davrlardan boshlab kuzatila boshlangan.
Asl tarbiya o‘z mohiyatiga ko‘ra doim go‘zallik haqida, uning kelajagi haqidagi g‘amxo‘rlikni bildirgan. Uyg‘onish davrida ijtimoiy gumanizm g‘oyalarini amalga oshirila boshlanishi mashhur italiyalik pedagog-gumanist Vittorino de Genotre (1378-1446) tomonidan ilk marta “Quvonch uyi” nomli internat maktabining yaratilishi bilan bog‘liq. Shuni ta’kidlash joizki, ta’riflanayotgan davrda din, pedagogika va ijtimoiy- pedagogika bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlangan.
Diniy qarashlarda asosiy e’tibor umuminsoniy qadriyatlarga yo‘naltirilgan. Diniy rivoyatlarda, muqaddas kitoblarda, oyatlarda axloqiy o‘gitlar, insonlararo munosabatlar, qavm-qarindoshlarga, bolalarga g‘amxo‘rlik haqida ko‘p gapirilgan. Bu asosda ko‘pgina avlodlar tarbiya topishgan va bu borada Yevropada cherkov uzoq vaqt mobaynida “nogiron bolalar rahnamosi” bo‘lgan. Unga nafaqat ruhiy yordam so‘rab, balki tibbiy, moddiy yordam so‘rab, adolatsizlikdan himoya so‘rab murojaat qilishgan. Bu borada butun dunyoda diniy tashkilotlarning boy an’analari mavjud. Masalan, Yevropada antik davrlardan buyon ota-onasiz qolgan bolalarni ibodatxonalar eshigi oldiga qo‘yib ketishgan. Manbalarga ko‘ra, ota-onasiz qolgan bolalar uchun ilk tarbiya uylari to‘rtinchi asrda Kesariya shahrida yepiskop Vasiliy Kesariyning tashabbusi bilan paydo bo‘lgan. 787 yilda bunday muassasa Milandagi soborda ham paydo bo‘lgan. Uzoq vaqt u Yevropada yagona tashkilot bo‘lib qolavergan va faqat o‘n to‘rtinchi asrga kelib tarbiya uylari soni o‘ttiztagacha ko‘paygan. Qizig‘i shundaki, bu uylarda faqatgina bolalarga g‘amxo‘rlik qilmasdan, profilaktika ishlari ham olib borilgan: onalarga yordam berilgan, bolalarni boshqa oilalar tarbiyasiga berishgan, ularning tarbiyasini nazorat qilishgan. Keyinchalik ham bolalar uylari ruhoniylar tomonidan boshqarilgan. Parijda 1640 yil ruhoniy Vinsento Depolen tomonidan asos solingan tarbiya uyi juda mashhur bo‘lgan. U tarbiya uyini qirol Lyudovik XIV tomonidan moliyalashtirishga erishgan. Mehribonlik bilan shug‘ullanuvchi ordenlar-xayriya yo‘lida qilgan ishlari orqali keyinchalik mashxur bo‘lib kyetgan yirik cherkov tashkilotlari tuzila boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |