Ishsizlikning sotsial qiyofasi
U yoki bu sabablarga ko‘ra ishsiz qolgan kishining jamiyatdagi mavqeini qanday sotsial, iqtisodiy, psixologik, omillar belgilaydi? Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrining hozirgi bosqichida yuzaga kelgan o‘rtacha ishsizlikning qiyofasi qanday?
Avvalo, u mehnatga layoqatli yoshdagi kishi, buning ustiga ko‘p hollarda g‘oyatda faol yoshda. Chunonchi, so‘rab chiqilganlarning 70,3%i 20-40 yoshda, 39,6%i 20-29 yoshda va 30,7%i 30-39 yoshda. Agar qolgan kishilar orasida 40-54 yoshdagilarning hissasi kattaligini hisobga olsak, ma’lum bo‘ladiki, asosan aholining iqtisodiy faol qismiga mansub kishilar ishsiz qolganlar.
Buning ustiga respublikada «xotin-qizlar ishsizligi» ustun turadi: so‘ralganlarning 54%ini ular tashkil etadi.
Mehnat birjalariga jami murojaat qilganlarning 26,4%i oliy va tugallanmagan oliy ma’lumotga, 35,2% o‘rta, 31,2% o‘rta maxsus, 7%i to‘liqsiz o‘rta ma’lumotga ega ekanligi namoyon bo‘ladi.
Nihoyat, quyidagi ma’lumotlar milliy tarkibni harakterlaydi: o‘zbeklar –42,7%, boshqa tub yerli xalq vakillari 9,7%, ruslar 31,6%, boshqalar 16% .
Shunday qilib, bugungi kundagi ishsizlar g‘oyatda faol mehnatga layoqatli yoshdagi, odatda, yetarlicha yuqori darajada ma’lumotli kishilardir. Bu toifadagi aholi asosan o‘zbek va rus millatlariga mansub kishilar hisobiga ko‘payib bormoqda. Biroq, shuni oldindan aytish lozimki, so‘ralganlarning chorak qismi o‘z xohshi bilan ishdan bo‘shagan va hozir o‘zlari uchun to‘g‘ri keladigan ishni qidirmoqdalar.
Mehnat birjasiga murojaat qilganlarning katta qismi shtat qisqarib yoki ular ilgari mehnat qilgan korxona tugatilishi oqibatida ishsiz qolishgan.
Shunday qilib, ishsizlarning aksariyatini (58%) mehnat birjasiga davlat korxonalari va tashkilotlari yetkazib bermoqda, bunda kooperativlar «hissasi» 7,2%, ijara korxonalari esa – 2,6%dir. Ilgari hech qaerda ishlamagan kishilar – o‘quv yurtlari bitiruvchilari, uy bekalari va hokazolarning hissasi ham kattagina.
Bugungi kunda kishilarning ishni yo‘qotishlari mumkunligi va yangi ishni izlash, qayta o‘qitish, kasbni o‘zgartirish zarurligiga ruhan tayyorligi, qisqasi, bozor sharoitida yashashga to‘g‘ri kelishini batamom anglash bilan bog‘liq muammolar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bozor munosabatlari shakllanishining boshlang‘ich davrida kishilar yangi iqtisodiy reallikni idrok etishga ruhan tayyor emasligi va kutilmagan zarbani yumshatish uchun zarur bilim hamda ko‘nikmalarga ega emasligini qayd etmoq lozim. Shuning uchun aholini, ayniqsa, uning kam daromadli guruhlarini sotsial himoyalash tizimi va mexanizmlarini ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi. Bizning respublikamizda bunday tizim amalda barpo etilgan, bu narsa tegishli huquqiy hujjatlarda va avvalo «O‘zbekiston Respublikasida aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunda, shuningdek, iqtisodiyot strukturasini qayta qurish, narxlarni erkinlashtirish, xususiylashtirish, pulning qadrsizlanishini va hokazolarni yumshatuvchi choralarda o‘z aksini topadi.
Bunday natijalar, shak-shubhasiz, ish bilan ta’minlash sohasida davlat yanada faolroq siyosat olib borishi zarurligini ko‘rsatuvchi muhim hollardan biridir. Bunda u nafaqat ishsizlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashgagina emas, balki ularni faol mehnat faoliyatiga jalb etishga yordam beradigan shart-sharoitni har tomonlama rag‘batlantirishga ham karatishi kerak. Kishilarning yangidan kasb o‘rganishga, yangi iqtisodiy strukturalarga kirishga tayyorligini oshirish zarur. Bu esa bozor munosabatlariga o‘tish chog‘ida shaxs o‘zining potensialini ro‘yobga chiqarishi uchun xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |