Toshkent mustaqilligi tugatilishi.Toshkent-Qo`qon o`rtasida kurash muhiti hukm surib, Yunusxo`ja Qo`qon xonligida markaziy hokimiyatga bo`ysunishni istamagan bekliklar va viloyatlar bilan ittifoq tuzishga harakat qilgan. Qo`qon Toshkentni butunlay bo`ysundirish yo`lini tutib, asosiy jang 1800 yil kuzida Sirdaryo bo`yidagi G`urumsaroy (Namangan) yaqinida bo`lgan, Toshkent engilgan. Yunusxoja 1803 yil vafot etgach, o`g`li Sultonxo`ja taxtga o`tiradi. Olimxon buni eshitgach Toshkentga qo`shin yuboradi, Toshkent 1810 yil Qo`qonga qo`shib olinadi. Toshkent mustaqilligi butunlay barham topdi.
33-§. XIX asr birinchi yarmida Qo`qon xonligining
ijtimoiy-siyosiy ahvoli
Ichki vaziyat keskinlashuvi. Olimxon hokimiyatni markazlashtirish maqsadida ichki islohatlar o`tkazdi: diniy rahnamo unvoni -"eshon"ni bekor qildi; kambag`al va qalandarlarga er va chorva berib, mehnatga jalb qildi; diniy arboblarni imtihon qiladi va yolg`onchiligi fosh bo`lganlarni jazolaydi. Olimxonning markazlashgan hokimiyat tuzish harakatlari ayrim qabila boshliqlari noroziligini kuchaytirdi. Ulamolar va markaziy hokimiyatning kuchayishidan norozi kuchlar Olimxonga qarshi fitna uyushtirdi. Ular 1810 yil Xon Toshkentdagi isyonni bostirish uchun ketganligidan foydalanib "Olimxon Toshkentda o`ldi" degan mish-mish tarqatib, taxtga ukasi Umarxonni o`tqazadi. Olimxon bundan xabar topib, Qo`qonga qaytayotganida otib o`ldiriladi.
Umarxon (1810-1822) akasi Olimxon davrida Farg`ona hokimi edi, u Andijon hokimi Rahmonqulbiyning qizi Mohlaroyim (Nodira)ga uylangan. Farg`onalik tarixchi Muhammad Hakim Umarxon davrini eng yaxshi podsholik davrlaridan biri sifatida tavsiflagan. Umarxon dastlab Buxoro bilan o`rnatgan do`stona munosabatlar Jizzax va O`ratepa uchun azaliy kurash oqibatida yana uzilib qoldi. Qo`qon qo`shini qozoq va qirg`izlarga muvaffaqiyatli yurish qilib Katta va qisman Kichik juz o`rdalari bo`ysundirildi. Sirdaryo bo`yidagi YAngiqo`rg`on, Julek, Qamishqo`rg`on, Oqmasjid, Qo`shqo`rg`on istehkomlarini qurildi va Turkiston shahrini o`z tasarrufiga oldi. Ular Markaziy Osiyoni Rossiya bilan bog`lovchi muhim savdo yo`lida joylashgan edi.
Muhammad Alixon (1822-1841, Madalixon) Umarxonning o`g`li bo`lib, uning davrida Qo`qon xonligi hududi ancha kengaydi. U Farg`ona janubida o`troq tojiklar yashaydigan Qorategin, Darboz va Ko`lobni bo`ysundirdi. Madalixon boshqaruvining so`ngi davrida u ko`ngli tusagan ishni qila berdi, otasi davridagi obro`li a`yonlarni surgun va qatl qildi, ayrimlari Buxoroga qochdi, g`alayonlar kuchayib, qolgan amaldorlar xonni taxtdan ag`darishga tayyorlandi. Ruhoniylar xonni turli axloqsizlikda va shariatga qarshi jinoyatlarda ayblab, unga qarshi ochiq targ`ibot olib borishdi. Madalixon 1841 yil o`z ukasi Sulton Mahmudxon foydasiga taxtdan voz kechdi.
Madalidan norozilar xonga qarshi ochiq kurashish uchun etarli kuchga ega bo`lmagani sababli o`z elchilarini Buxoroga Amir Nasrullo huzuriga yuborib, yordam so`radilar. Nasrullo qo`shini 1842 yil Qo`qonni bosib oldi. Madalixon va a`yonlari tutib olindi. Nasrullo buyrug`iga binoan Madalixon va onasi Nodirabegim qatl etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |