VII bob. Qo`qon xonligi (XVIII - XIX asr 1-yarmida)
31-§. Qo`qon xonligining tashkil topishi
Shohruhbiy - xonlik asoschisi. Farg`ona vodiysi Buxoro xonligi tasarrufida edi, Buxoro XVIII asr boshlarida ichki kurashlar oqibatida zaiflashadi. Buxorodagi bu vaziyatdan foydalanib jung`arlar Farg`ona vodiysiga tez-tez bostirib kiradi, vaziyat ichki kuchlarni birlashtirib mustaqil davlat tuzishga undamoqda edi. Farg`ona vodiysida dastlab Chust yaqinidagi Chodak qishlog`i xojalar jamoasi o`z mulklarini Buxorodan mustaqil deb e`lon qildilar.
Farg`onadagi o`zbeklarning ming urug`i oqsoqollari o`z yo`lboshchisi Shohruhbiy boshchiligida Buxorodan mustaqil davlat tuzishga qaror qilganlar. Ming urug`i 1710 yil chodaklik din peshvolarini ag`darib Farg`ona vodiysida hokimiyatni o`z qo`llariga oldilar, natijada keyinchalik Qo`qon xonligi deyilgan yangi davlat vujudga keldi. Shohruhbiy Tepaqo`rg`onni qarargoh qildi. Shohruhbiyning o`g`li Abdurahimbiy (1721-1733) davrida Xo`jand, O`ratepa viloyatlari qo`shib olindi. Shahrisabz hokmi bilan Qo`qonga tobelik haqida bitim tuzdi, keyin Samarqand va Jizzaxni egalladi.
Abdurahimbiy Xo`jandda vafot etagach, inisi Abdulkarimbiy (1733-1750) taxtga o`tiradi, u poytaxtni Tepaqo`rg`ondan Qo`qon shahriga ko`chiradi va shaharni devor bilan o`ratadi. Erdona (1751-1762) davrida Qo`qonning qudrati ortdi, u O`sh va O`zganni bo`ysundiradi. Erdona davrida Qo`qon g`arbda Buxoro, sharqda Xitoy bilan teng kurash olib bora olgan davlatga aylandi. Erdona hukmrominlik davrida taxt uchun kurash kuchaydi. Abdukarimbiyning nabirasi Norbo`tabiy (1763-1798) taxtga o`tirgach, dastlab Chust va Namangan hokimlari isyonini bostirdi, Xo`jandni qayta bo`ysundirdi. Norbo`tabek davrida Qo`qonning qudrati oshdi, mo`l hosil olinib, bozorda narx arzonlashdi.
Norbo`tabiyning o`g`li Olimbek (1898-1810) davrida Qo`qonning siyosiy mavqei yanada kuchaydi. Olimbek Ohangaron, Toshkent, CHimkent va Sayramni, Rossiyaga boradigan savdo yo`llarini bo`ysundirgach, Rossiya bilan 1-marta savdo aloqalari o`rnatilgan. Olimxon davrida o`tkazilgan harbiy islohatga ko`ra “askariya” deb ataluvchi muntazam qo`shin tuzilgan. Qo`shin: sipoh (otliq), sarboz (piyoda), va to`pchi qismlardan iborat bo`lgan. Ayni paytda, “qilquyruq” deb ataluvchi nomuntazam qo`shindan ham foydalanish davom etgan. Muntazam qo`shin: 1) markaziy hokimiyatning tayanchiga aylantirildi; 2) asosiy raqibi – Buxoro amirligiga qarshi tura olishini ta`minladi. Buxoro amirligiga qarshi tura olishiga ishonch hosil qilgach, Olimxon 1805 yil o`z davlatini rasman Qo`qon xonligi deb, o`zini esa Xon deb e`lon qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |