Masalaning qo‘yilishi: Ushbu amaliy ish davomida tinglovchi quyidagilarni bajarishi lozim:
- lug‘atlarda berilgan motivlanmagan terminlarni izohlashi
- lug‘atlar yordamida motivlangan terminlarni talqin qilishi
- terminologik lug‘atlardan rus t ilidan o‘zlashgan suffiksli terminlarni topishi
- rus tilida so‘z yasovchi affikslar bilan yasalgan terminlarning o‘zbekcha –chi affiksi bilan almashtirilishiga misollar keltirishi
- ruscha-baynanlmilan qo‘shma termnlarning o‘zbek tiliga o‘zlashish prinsiplarini izohlashi
- chet tili yasama terminlarining o‘zbek tiliga kalkalash orqali o‘zlashishi yo‘llarini bilishi
- o‘zbek tili terminologiyasida ruscha prefiksoidlar yordamida yasalgan termin-kalkalarni sharhlashi
- “O‘zbek tili izohli lug‘ati” tuzilish tartibidan xabardor bo‘lishi
- izohli lug‘atlarda omonimlarning berilishini talqin qilishi.
Ishni bajarish uchun namuna.
1-vazifa.Soha terminologiyasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar. Terminlarni unifikatsiyalash va tartibga solish.
Terminologiyaga doir adabiyotlarda ta’kidlanishicha, motivlanmagan, ya’ni belgili terminlar o‘z tarkibiga tilda mavjud tub leksik birliklar,boshqa tillardan kirgan o‘zlashmalar, kalkalar, shuningdek o‘z so‘zlardan semantik (metonimik) ko‘chim orqali hosil bo‘lgan terminlarni qamrab oladi.
O‘zlashmalarning har qanday til taraqqiyoti va boyishi qonuniyatining manbalaridan biri ekanligi sir emas. O‘zlashtirish jarayoni murakkab hodisa bo‘lib, lingvistik hamda ekstralingvistik omillar bilan chambarchas bog‘langan. Ijtimoiy – siyosiy, tijoriy-iqtisodiy, diniy munosabatlar, madaniy aloqalar, bir tildan boshqa tilga qilinadigan adabiy tarjimalar va h.k. natijasida u yoki bu til lug‘at tarkibida o‘zlashmalar paydo bo‘ladi. Tabiiy, ushbu hodisa boshqa qarindosh bo‘lmagan tillardan kirgan katta miqdordagi o‘zlashmalarga ega o‘zbek adabiy tili uchun ham taalluqlidir.
Uzoq muddatli tarixiy taraqqiyot davomida o‘zbek xalqi o‘zga xalq va millatlar bilan mustahkam siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va lisoniy munosabatlarda bo‘lgan. Bunday aloqlar natijasida o‘zbek adabiy tilining lug‘at tarkibi yangi tushunchalar hamda realiyalar hisobiga yana-da boyidi va boyib bormoqda. O‘zbek adabiy tiliga kelib chiqishi nuqtai nazaridan turfa va rang-bararang so‘zlar o‘zlashgan.
Kalkalash so‘z o‘zlashtirishning oliy shakli bo‘lib, uning tilning bugungi kundagi lug‘at tarkibi kengayishi va boyishida juda faolligi allaqachon aniqlangan.
Kalkalash jarayoni o‘zbek tilining barcha terminologik tizimlariga xos bo‘lib (Shoahmedov 1974), asosan ikki ma’lum, ya’ni: a) sturuktur (so‘z yasash), b) semantik kalka turi orqali reallashadi. Bu tizimda, shubhasiz, struktur kalkalar yetakchilik qiladi. Struktur (so‘z yasash) kalkalar sirasiga o‘zbek adabiy tili vositalari yordamida boshqa tillarga oid modellardan, ularning morfologik qismlarini tarjima qilish bilan yasalgan terminlar kiradi. Muayyan tilning leksik – so‘z yasash materiallari negizida hosil qilingan struktur kalkalar tom ma’nodagi o‘zlashma hisoblanmaydi (Tixonov 1991; 136).
Hozirgi o‘zbek terminologiyasi tizimida chet tillarga xos elementlarning alohida miqdori mavjud bo‘lib, ularni kalkalashga hech qanday hojat yo‘q. Masalan, telefon, telegraf, traktor, tank, izotop, indikator, orden, bolt, arfa, ring, xokkey, departament, parlament, mina, import, eksport, antenna, armatura, prokuror, aerobus, avtobus, metro, ampermetr, motor, dizel, astronavt, mexanik, radiotexnik, proton, neytron, elektron kabi ruscha-baynalmilal xarakterdagi ko‘pgina terminlar tarkiban o‘ta rang –barang bo‘lib, texnika, ilm-fan, madaniyat, san’atning hamma sohalarini qamrab olgan. Bunday yuzaga kelishni ifodalovchi hamda muttasil rivojlanuvchi terminlar qatlami o‘zbek tilining mulkiga aylangan. Hozirgi paytda ham tayyor terminlarni o‘zlashtirish jarayoni o‘z faolligini saqlab qolmoqda.
Ayni chog‘da, o‘zbek tili ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va h.k. sohalari terminologiyasi tizimida o‘zbek tili qonunlariga bo‘ysungan holda muayyan qismi o‘zbek tilining so‘z yasovchi elementlari bilan almashtirilgan ulkan miqdordagi ruscha-baynalmilal terminlar qo‘llanmoqda.
So‘z yasovchi suffiksi o‘zbek tili affiksi bilan almashtirilgan o‘zlashma - terminlar
Rus tili terminologiyasi tarkibining salmoqli ulushini so‘z yasovchi suffikslar bilan yasalgan, motivlangan terminlar tashkil qiladi (Istoriya leksiki russkogo literaturnogo yazika 1981; 152-166).
So‘z o‘zlashtirish jarayonida kam miqdordagi terminlar so‘z yasovchi suffikslari bilan birga o‘zlashtiriladi (metallist, militarist, motorist, nigilist, sotsialist va h.k.). Biroq aksariyat hollarda terminlar yasashda qatnashgan suffikslar o‘zbek tilining aynan bir xildagi, o‘xshash affikslari bilan almashtiriladi.
So‘z yasovchi suffikslari –chi affiksi bilan almashtirilgan terminlar
a) - ist: tank-chi (tankist), traktor-chi (taktorist) shtanga –chi (shtangist) , parashyut-chi (parashyutist), roman-chi (romanist), torpeda-chi (torpedist), radiometr-chi (radiometrist), monarxiya-chi (monarxist), futbol-chi (futbolist) va h. k.;
b) - nik: transport-chi (transportnik), montaj-chi (montajnik), neft-chi (neftyanik), desant-chi (desantnik) va h. k.;
v) - shik: armatura – chi (armaturshik), tunnel-chi (tunnelshik), tramvay-chi (tramvayshik), falsovka–chi (falsovshik; falsovshitsa), postanovka-chi (postanovshik), signal-chi (signalshik), armatura-chi (armaturshik) va h. k.;
g) - chik: – proxod-chi (proxodchik), raketa-chi (raketchik), razvedka-chi (razvedchik), prokat-chi (prokatchik), parketchi (parketchik) va h. k.;
d) - ovshik// -lshik: kran-chi (kranovshik), seyalka-chi (seyalshik), nivelirovka-chi (nivelirovshik), shtamp-lovchi, shtampovka-chi (shtampovshik) va h.k.;
ye) – yor: lift-chi (liftyor), bashnya-chi (bashnyor), eksport-chi (eksportyor), import-chi (importyor), boks-chi (boksyor) va h. k.;
yo) – tor: aviatsiya-chi (aviator), eksperiment-chi (eksperimentator), ekspropriatsiya-chi (ekspropriator), evakuatsiya-chi (evakuator), dekoratsiyachi (dekorator) va h.k.;
j) - sk (iy): gvardiya-chi (gvardeyskiy; gvardeyets), politsiya-chi (politseyskiy) va h.k.;
z) - smen: rekord-chi (rekordsmen), sport-chi (sportsmen), politsiya-chi (polismen), yaxta-chi (yaxtsmen) va h. k.
i) - ant: diversiya-chi (diversant) va h. k.
Shunday qilib, shaxs oti, muayyan kasb-hunar egasi nomi hamda shaxsning holati, ahvoli, vaziyatini ifodalovchi ruscha suffikslarni o‘zbekcha (turkiy)cha –chi affiksi bilan almashtirish natijasida quyidagi jihatlar voqelanadi: a) ruscha-baylalmial so‘zning asosi o‘zgarmagan holda yangi termin yasaladi( respublika-chi – respublikanets, dozimetr-chi - dozimetrist); b) o‘zlashma asos shakli to‘la tiklangandan so‘ng yangi termin yuzaga keladi( seleksiya - chi – seleksioner,seyalka - chi – seyalshik) va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |