6-SEMINAR MASHG‘ULOT
Lug‘atlar va ulardagi asosiy qisqartmalar
O‘zbek matnshunosligining rivoji, yangi imkoniyatlari kengayishida XIX asr ikkinchi yarmida Turkistonda ochilgan tipo-litografik korxonalarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Asli litografiya so‘zi grekcha “lithos” – tosh, “grapho” – yozmoq so‘zlaridan olingan. Toshbosma kitob bosish uchun toshning sirti bosma shakl bo‘lib xizmat qilgan, matn yoki tasvir toshbosma toshiga quyuq tush yoki maxsus qalam bilan tushirilgan va nusxalar ko‘paytirilgan. Litografiya usulida kitob tayyorlashni ba’zi olimlar yassi chop etish deb yozishadi. Jumladan, Sh.Ziyodovning yozishicha, harf terilmaydigan, poligrafiya terminologiyasi bo‘yicha yassi chop etish usuli litografiya bo‘lib, ya’ni yassi chop etish – matn oldindan qog‘oz varag‘iga bitilgan va tosh shaklga teskarisi tushirilgan aksdan nusxa ko‘chirish usuli hisoblanadi31[13].
Litografiya usuli nemis noshiri Alonziy Zenefelder tomonidan 1796-1798 yillarda kashf etilgan bo‘lib, Sharq o‘lkalariga 19 asrning ikkinchi yarmidan kirib kelgan. Qo‘lyozmalarni ko‘paytirish ishlarida litografiya juda katta qulaylik yaratgan. Hindistonda litografik usulda kitob nashr etish ishlarining rivojlanishi Sharq qo‘lyozma nashrlarining keng tarqalishiga olib keldi. 19 asrning oxiri va XX asrning boshlarida O‘rta Osiyo va Hindiston o‘rtasida savdo aloqalari jonlanib, O‘zbekiston hududiga ko‘plab Sharq adiblari va tarixchilari asarlarining litografik nashrlari kirib keldi. Qo‘lyozma asarlarning bunday qulay ko‘paytirish imkoniyati O‘zbekistonda ham litografik nashriyotlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Otajon Abdullaev tomonidan Xivada 1880 yilda Xiva xoni rahnamoligida ochilgan litografiyada Alisher Navoiyning “Xamsa”si nashr etildi. Shu davrda Toshkentda S.Laktin bosmaxonasi ishga tushdi. 1893 yilda O.Porsev nashriyoti, 1896 yilda O. Breydenbax va V.Ilin nashriyoti tashkil etilib, arab, fors, o‘zbek tillarida turli badiiy va tarixiy asarlar chop etila boshladi. 1907 yilda Toshkentda Ko‘kcha dahasining Chaqichmon mahallasida ochilgan Mulla G‘ulom Hasan maxsum Orifjon o‘g‘li bosmaxonasi, ayniqsa, o‘zbek matbaachiligi tarixida o‘zining mahsuldorligi bilan alohida o‘rin tutadi. Ushbu bosmaxonada o‘sha davrning mashhur xattot, rassom va bosmaxona ustalari jamlangan edi. Ular tomonidan xalq ehtiyojidan kelib chiqib, “Ustodi avval”, “Adibul-avval”, “Haftiyak” kabi darsliklar, Hind xalqining falsafiy-didaktik asari ”Kalila va Dimna” tarjimasi, Firdavsiy “Shohnoma”sining tarjimasi,So‘fi Olloyor , Bedil, Alisher Navoiy asarlari bilan birga zamonaviy shoirlarning bayozlari va turli tazkiralari chop etilgan.
Toshkent va Xivada ochilgan bosmaxonalar shu davrda o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari bilan xalqni ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Markaziy Osiyoda ilk tipografiya rasman Toshkentda 1868-yili harbiy shtabda tashkil etildi. Toshkentdagi bu bosmaxona xizmat doirasi uchungina tashkil etilgan bo‘lib, tipo-litografiyada, asosan, Turkiston gubernatorligi rasmiy xatlari, buyruqlari, telegramma va boshqa hujjatlarini chop etish mo‘ljallangan edi. Toshkentda birin-ketin matbaalar ish yurita boshladi.
Turkistonda kitob bosishning ikki xil usuli qo‘llandi. Birinchisi tipografik (mixbosma) usul bo‘lib, unda mix shaklidagi metall harflarni qo‘lda terish orqali kitob bosilgan. Bunda arab yozuvining nasx yozuvidan keng foydalanilgan. Ikkinchisi esa litografiya (toshbosma) usul, unda dastlabki, asosiy ishni xattot bajargan. Xattot bosiladigan kitobning matnini maxsus qog‘ozga ko‘chirgan. Bu qog‘ozdagi matn toshqolip sirtiga o‘tkazilgan va unga kimyoviy ishlov berilgan. So‘ngra ana shu toshqoliplardan nusxalar olingan. Xattot toshbosmaga matn ko‘chirganda asosan nasta’liq xatidan foydalangan. Lito-tipografikka nisbatan litografik usul keng qo‘llangan. Bunga Alisher Navoiy asarlarining 1879–1917 yillar davomida Turkiston shaharlaridagi ko‘p matbaalarda bosilgan 70ga yaqin nashri faqat toshbosma usulida amalga oshirilganligi misol bo‘la oladi [14].
O‘rta Osiyoda toshbosma usulidagi dastlabki matbaa Xivada Muhammad Rahimxon II saroyida yuzaga keladi. “Sharqda birinchi matbaa 1832 yili Eronda paydo bo‘lgan edi. Shuning uchun Erondan Ibrohim Sulton nomli matbaachi Xiva saroyiga taklif etiladi. Ibrohim Sulton mahalliy yoshlardan Otajon Abdalovga matbaachilik sirlarini o‘rgatadi, 1874 yildan boshlab ba’zi hujjatlar toshbosma usulida chop etila boshlaydi”33[15].
XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida Xiva xonligi madaniy va ijtimoiy hayotida muhim rol o‘ynagan Muhammad Rahimxon II kutubxonalar tashkil etish hamda qo‘lyozma manbalarni asrash va ko‘paytirishga katta ahamiyat qaratgan. Boshqa Xiva hukmdorlaridan farqli o‘laroq Muhammad Rahimxon II o‘z zamonining etuk shoiri bo‘lgan. U tarixiy, adabiy asarlarni sevgan va ularni ko‘plab ko‘chirtirgan hamda saroyga to‘plagan. Muhammad Rahimxonning ikkita kutubxonasi bo‘lib, biri qishki qarorgoh – Ark ichkarisida, yana biri yozgi qarorgoh – shahar tashqarisidagi Tozabog‘ saroyida joylashgan edi. Bu kutubxonalarda ixcham fehrist – kataloglar tuzilgan, kitoblarning muqovalariga ularning nomlari bitilgan yorliqlar yopishtirilgan. Fihrest-katalogda qo‘lyozma va litografik asarlardan jami 914 jild kitob bayoni keltirilgan. Ular 893 asarni tashkil etib, bularning 604 jildi qo‘lyozma bo‘lib, 310 jildi toshbosma nusxalardir34[16]. Shu davrda Toshkentda ham birinchi xususiy litografik matbaa – S.I.Laxtin matbaasi ish boshladi. 1877-yili ochilgan bu bosmaxona rus tilidagi kitoblar bilan birga mahalliy tillardagi kitoblarni ham nashr qilishga e’tibor qaratdi. Toshkentdagi yirik matbaalardan yana biri – O.A.Porsev matbaasi edi. U 1888 yili ochilib, kitoblari ancha sifatli, qog‘ozi va muqovalari alohida e’tibor bilan tanlanar edi. V.M.Ilin matbaasi esa 1899 yili tashkil topgan, unda o‘zbek adabiyoti tarixiga oid ko‘pgina kitoblar bosib chiqarilgan[17].Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon kabi shaharlarda keyinchalik rivoj topgan matbaalar o‘zaro bir-biridan keskin farqlanmaydi. Lekin shunga qaramay ularning ayrim tomonlari, jumladan, nashr etish texnikasi va sifati, asosan chop etgan asarlari mavzu ko‘lami bilan turlicha bo‘lgan.
XIX asr oxiri – XX asr boshidagi toshbosma nusxa tayyorlash jarayonida olib borilgan amaliy ishlar o‘zbek matnshunosligi bilan bevosita bog‘liq. Nashr uchun nusxalarning tanlanishi, ularni nashrga tayyorlash chog‘ida muayyan tahrir ishlarining olib borilishi matnshunoslik izlanishlarini talab qilardi. Ko‘plab nusxalar orasidan bosma nashr uchun nusxalarni saralash hamda nashrga tayyorlash jarayonida ularni qiyosan o‘rganish, lozim bo‘lganda, matniy tafovutlarni bartaraf etish, xatolarni aniqlab, yagona matnni tuzish ishlari keyingi davr matnshunosligida muayyan prinsiplarning shakllanishiga zamin yaratdi. Shu jihatdan toshbosma nusxadagi kitoblar O‘rta Osiyo xalqlari tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lish bilan birga shu davrga xos xususiyatlarini o‘rganish nuqtai nazaridan ham ahamiyatli hodisa hisoblanadi.
O‘zbek matnshunosligi taraqqiyotida bu davrning o‘ziga xos xususiyatlari shu bilan ajralib turadiki, toshbosma nusxa tayyorlash uchun aynan matnshunosning ishini bevosita o‘z vazifasi bilan aloqador holda kotib, noshir, muharrir kabilar amalga oshirgan. Toshbosma nusxa uchun asarni ko‘chirayotgan xattot yoki kotib o‘z ishiga ilmiy yondashib, qo‘l ostidagi matnga tanqidiy qaragan. Albatta, bunday yondashuvni hozirgi davrdagi tanqidiy munosabat bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Ammo xattot va kotiblar matnni nafaqat ko‘chirish bilan shug‘ullanganlar, balki uni badiiy, falsafiy va tarixiy aspektlari bilan birga kompleks tadqiq etganlar, jiddiy tekshiruvdan o‘tkazib, tegishli tuzatishlar kiritganlar. O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixini o‘rgangan A.Murodov Sharqda kotiblik bilan nom chiqargan har bir shaxs oddiy texnik vazifasini bajaruvchi kishi emas, balki o‘z zamonasining madaniy hayotida favqulodda katta rol o‘ynagan ilm-ma’rifat ahli va yirik madaniyat arbobi bo‘lganini alohida ta’kidlaydi[18].
Toshbosma nashr uchun matn tayyorlashda xattot qo‘lyozmalarni ma’lum darajada o‘rganib, ularning ishonchlilari asosida toshbosma uchun matn tayyorlagan va muayyan matnshunoslik faoliyatini olib borgan.
Kotiblarning ko‘pchiligi filologik bilimga ega savodli, ilmli kishilar bo‘lgan. Xususan, A.Murodov mashhur Shohmurod kotib shogirdlaridan Husniddinxon haqida so‘z yuritarkan, uni “Sharq adabiyoti tarixi va nazariyasi bo‘yicha olim hamda arab, fors tillariga tarjimon edi”[19], – deb yozadi. XIX asrning ikkinchi yarmida tarjimonlik faoliyati bilan tanilgan Almaiy Qori Fazlulloh Mirjalol o‘g‘li mashhur shoir va xushnavis xattot bo‘lgan. Sharq didaktik adabiyotining o‘zbek tilidagi tarjimalari orasida eng mashhurlaridan biri bo‘lgan “Kalila va Dimna” asari Almaiy qalamiga mansub bo‘lib, toshbosmada bir necha bor nashr etilgan va xalqimiz tomonidan sevib o‘qilgan. “Kalila va Dimna”ning o‘zbek tiliga qilingan keyingi tarjimasida qahramonlar hamda personajlar, mamlakat, shahar va qushlar nomi ham turli tarjimalarda turlicha bo‘lganligidan ko‘proq Almaiy tarjimasiga tayanilgan[20]. Bunday kotiblar asar matnining mukammal bo‘lishini ta’minlaganlar.Toshbosma nusxalar tayyorlanishida kotibning matn mazmunini qay daraja tushunishi, muallif g‘oyasini idrok etishi muhimdir. Jumladan, 1323/1905 yili Toshkentda Porsev matbaasida tayyorlangan “Xamsa” asari toshbosma nusxa matni Abdumannof Hoji tomonidan ko‘chirilgan. Kotibning to‘la ismi Abdumannof Abdulvahhob o‘g‘li bo‘lib, xalq o‘rtasida Qori Abdumannof, Abdumannof hoji nomlari bilan ham mashhur bo‘lgan. Toshbosma uchun ko‘chirib bergan qo‘lyozmalariga ham Qori Abdumannof yoki Abdumannof Hoji deb imzo qo‘ygan. Abdulmannof Hoji Toshkentning Hofiz Ko‘yki mahallasida yashagan. U Buxoroda ta’lim olgan. So‘ngra Toshkentda mashhur xattot Abdulhaq Kotib Alim o‘g‘li (1808–1886)ga shogird tushib xattotlik san’atini o‘rgangan va tez yozuvchi xattot sifatida tanilgan. Abdulmannof Hoji 1945 yili 65 yoshida poezd ostida qolib halok bo‘lgan. Kotibning arab va fors tillarida ko‘chirgan qo‘lyozmalari saqlanib qolgan[21]. Matnshunos P.SHamsiev tayyorlagan “Xamsa” dostonlari ilmiy-tanqidiy matni bilan Abdumannof Hoji ko‘chirgan nusxa matni o‘zaro solishtirilganda diqqatimizni Abdumannof Hoji asarni ko‘chirishda juda e’tiborli bo‘lgani tortdi. U muallif matnini asli holicha saqlashga harakat qilgan ekan. “Farhod va Shirin” asari ilmiy-tanqidiy matni bilan Abdumannof Hoji tayyorlagan nusxa matni bir-biriga deyarli mos keladi va dostondagi baytlar soni ham boshqa toshbosma nusxalariga nisbatan kam tafovut qiladi. Misol uchun, Abdumannof Hoji tomonidan tayyorlangan litografik nashrning ba’zi joylarini asar ilmiy-tanqidiy matni bilan o‘zaro qiyosiy solishtirib ko‘rsak:
کوزومقانینینگقماغینچوباقیب
انینگداغیکوزومدیکقانیآقیب[22]
(Ko‘zum qonining qamog‘in chu boqib,
Aning dog‘i ko‘zumdek qoni oqib).
Litografik nashrda esa bu bayt quyidagicha yoziladi:
کوزومقانینینگآقماغینچوباقیب
انینگداغیکوزومدیکقانیآقیب[23]
(Ko‘zum qonining oqmog‘in chu boqib,
Aning dog‘i ko‘zumdek qoni oqib).
Ko‘rinadiki, “Farhod va Shirin”ning ilmiy-tanqidiy matnidagi
“کوزومقانینینگقماغین” birikmasi Abdumannof Qori ko‘chirgan nusxada “کوزومقانینینگآقماغین” tarzida yozilgan. Agar “Farhod va SHirin” dostonining hazaji musaddasi mahzuf(mafoiylun mafoiylun faulun V – – – V – – – V – –) vaznida yozilganligini inobatga olsak, har ikkala birikma ham vazn talabiga mos tushadi. Ammo eski o‘zbek tilining grammatik qurilishiga ko‘ra, -ni tushum kelishigi va – ning qaratqich kelishigi qo‘shimchasining qo‘llanishida xatolik kelib chiqqan. Shuning uchun ham dostonning toshbosma matnida “ko‘zum qonining oqmog‘in” birikmasi o‘rinli qo‘llangan, deb hisoblaymiz. Lekin ilmiy-tanqidiy matn nashrida shu misradagi “قماغین”so‘zidagi “ ا” alif harfi tushirib qoldirilgan, litografik nusxada “آقماغین” tarzida to‘g‘ri yozilgan. Abdumannof Hoji ko‘chirgan toshbosma nusxa bilan doston ilmiy-tanqidiy matni nashrida yana shunday farqlanishlar uchraydi: “Farhod va Shirin” dostoni ilmiy-tanqidiy matnida:
بولارایچرابارایردیبیرضعیفایت
مینینگدیکزارومحجورونحیفایت42[24]
(Bular ichra bor erdi bir zaif it,
Meningdek zoru mahjuru nahif it).
Asarning toshbosma nashrida esa:
بولارایچرابارایردیبیرضعیفایت
مینینگدیکناتوانوبیرنحیفایت43[25]
(Bular ichra bor erdi bir zaif it,
Meningdek notavonu bir nahif it).
Ma’lum bo‘layaptiki, Abdumannof Hoji مینینگدیکزارومحجورونحیف
ایت
birikmasini مینینگدیکناتوانوبیرنحیفایتshaklida yozgan. Agar “mahjur” – tashlab ketilgan, qoldirilgan, “notavon” – zaif, quvvatsiz, degan ma’nolarni anglatishini nazarda tutsak, “zoru mahjur” so‘zida badiiy mantiq va ta’sirchanlik kuchli. Arabcha ( نحیف) “oriq” so‘zining mazmunini “notavon” so‘zidan ko‘ra “zoru mahjur” birikmasi ko‘proq kuchaytiradi. Notavon – bemador, zaif ma’nolarini beradi, nahif so‘zi “egasi tashlab ketgan qarovsiz, oriq it” ma’nosida ilmiy-tanqidiy matndagi kabi kuchli hissiy-mantiqiy tasavvur uyg‘otmaydi. Shuning uchun ham ilmiy-tanqidiy matnda “mahjur” so‘zi tanlanganligi, albatta, to‘g‘ri bo‘lgan. Ammo, tan olish kerakki, Abdumannof Hoji “Xamsa”ni ko‘chirish uchun mukammal nusxani tanlay olgan, matn bilan ishlashga jiddiy yondashgan.
O‘zbek matnshunosligining toshbosma nashrlar bilan bog‘liq davri haqida shuni aytish mumkinki, shu jarayonlarda ilgaridan shakllanib kelayotgan an’analar, prinsiplar qat’iy ko‘rinish kasb etdi. Sharoit talabidan kelib chiqib kotib, noshir, muharrirlar, o‘z vazifalari bilan birga matn tuzish ishlariga taalluqli bo‘lgan uslubiy qo‘llanmalarni amaliyotga joriy etishdi. Bu davrning asosiy xususiyatlaridan yana biri toshbosma nusxa matnini tayyorlashda matnga o‘rta asrlardagidek asossiz ravishda qo‘shimcha kiritish yoki tushirib qoldirish kabi kamchiliklarga chek qo‘yildi. Ilgari, ya’ni XIX asrgacha bo‘lgan davrda asarning nusxa ko‘chirilishi yoki tarjima etilishida ayrim hollarda, muallif matniga ijodiy yondashilgan bo‘lsa, endi bunday erkinlik taqiqlandi. Toshbosma nusxa noshirlarining ko‘pchiligi ma’rifatli insonlar bo‘lib, matnshunos sifatida ham mas’uliyat bilan ish yuritganlar. Bu davrga xos yana bir xususiyat shundaki, toshbosma usulida original matnshunoslik ishlari ham nashr etila boshlandi. Masalan, 1908 yili Alisher Navoiy “Xamsa” asarining nasriy bayoni Toshkentda nashr etildi. “Nasri “Xamsa”i benazir” deb nomlangan bu kitobning kotibi Rahmatulloh Abdushukur o‘g‘lidir. E’tiborlisi, Mullo Mir Maxdum ibn Shohyunus kitobga noshirlik qilgan va “Xamsa” dostonlari nasriy variantini uning o‘zi tayyorlagan[26]. Bu nusxa noshirning Navoiy asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lganligini ko‘rsatadi. Bu davrga xos ilg‘or tendensiyalardan biri yig‘ma-qiyosiy matnlarga e’tiborning kuchayishidir. Toshbosma nusxa matni mukammalligini o‘z nazoratiga olgan kishilar asar muharrirlari edilar. Chunki har doim ham toshbosma uchun xattot tomonidan nusxa tanlanmagan, balki maxsus kishilar, aytaylik, muharrir qo‘lyozma matnini tanlagan, kotib esa uni ko‘chirgan. Muharrir deb, aslida, tahrir qiluvchi shaxsga aytiladi. Biroq XIX asr oxiri – XX asr boshiga kelib muharrir faqat yozadigan, tahrir qiladigan emas, balki qo‘lyozma manbani nashrga tayyorlashda bevosita uning nusxalarini o‘rganadigan shaxsning lavozimiga nisbatan qo‘llaniladigan istilohga aylandi. Ba’zan nashr muharriri manbaning nusxalarini saralagan, muayyan matnni turli jihatdan tahrir qilib, asosiy matnni tuzgan, uni bosmaga tayyorlagan. Albatta, bunday toshbosma nusxa matnini bizning tushunchamizdagi yig‘ma-qiyosiy matn shakli deb bo‘lmaydi, lekin ularga yig‘ma matn shaklining yaxshi namunasi deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, Navoiy “Xamsa”si 1297/1879 yili Muhammad Rahimxon II farmoni bilan toshbosma matbaada chop etiladi. Asarni toshbosma uchun So‘fi Xorazmiy degan xattot ko‘chirgan. “Xamsa”ni shoir Komil Xorazmiy nashrga tayyorlaydi va “Hayrat ul-abror” dostoni kitobiga o‘zi uch sahifalik muqaddima ham yozadi[27]. Ma’lumki, Komil Xorazmiy XIX asrning ikkinchi yarmida Xivada davom etgan adabiy harakatda salmoqli o‘rin egallagan shoirlaridan biri va talantli musiqashunos, usta xattot va atoqli naqqosh ham edi. Vaholanki, Komil Xorazmiy nashrning amalga oshishida matn sifatini to‘liq kuzatuvga olgan va ishga mas’uliyat bilan yondashgan. Shuning uchun ham 640 sahifalik bu “Xamsa” asari nashri Navoiy asarlarining Turkistonda bosilgan birinchi mukammal toshbosma nusxasi hisoblanadi. Navoiy asarlaridan “Xazoyin ul-maoniy”ning toshbosma nusxasi ham Komil Xorazmiy tomonidan tayyorlangan. Bu nusxa xususida R. Mahmudova shunday yozadi: “1299/1881-82 yili chop bo‘lgan bu asar to‘rt devondan iborat bo‘lib, uning matnlari Ibrohim Sulton Eroniy tomonidan ko‘chirilgan. Navoiyning nashr etilgan devonlari ichida eng mukammallari ana shu devonlar desak bo‘ladi”[28].
O‘zbek matnshunosligi rivojining bu bosqichi yana shu bilan ahamiyatliki, bu davrda amalga oshirilgan ishlar keyingi matnshunoslik ishlari uchun tayanch manba bo‘ldi. Jumladan, P.SHamsiev Alisher Navoiy “Xamsa” asari ilmiy-tanqidiy matnini tuzishda olti asos qo‘lyozmadan tashqari asarning 1880 yildagi Xiva litografik nusxasiga ham murojaat etganligini yozadi[29].
Adabiyotshunos va xattot Ashurali Zohiriy tomonidan Navoiy asarlarining ba’zilari nashrga tayyorlangan. U Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Vaqfiya” asarlari ustida izlanishlar olib boradi va bu asarlarni toshbosma nashrga tayyorlaydi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari Qo‘qonda Vayner matbaasida 1336/1917 yili chop etiladi. Bu litografik nashr asarning to‘liq matni emas. Asar matnida xatoliklar va erkin tuzatishlarga yo‘l qo‘yilgan. Ammo keyingi “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari solishtirma matnini yaratishda matnshunoslar A. Usmonov va P. Shamsiev bu nashrdan kerakli o‘rinlarda foydalanishgan[30]. Matnshunoslar Parij (1841) nashrini asos sifatida olib, Istanbul (1895) va Qo‘qon (1917) litografik nashrlari bilan solishtirib, ularda uchragan xato, tushib qolgan o‘rinlarni to‘la ravishda ko‘rsatishga harakat qilishgan. So‘z va jumlalardagi farqlar ilmiy apparatda ko‘rsatilgan.
Ashurali Zohiriy tomonidan tayyorlangan “Vaqfiya” asarining varianti nashr etilmagan. Asar qo‘lyozma matni hozir Qo‘qon Adabiyot muzeyida Ashurali Zohiriyning shaxsiy arxivida saqlanmoqda[31]. Bu qo‘lyozmani “Vaqfiya”ning bugungi kundagi nashrlari bilan solishtirib o‘rganish Ashurali Zohiriy tomonidan olib borilgan matnshunoslik ishlari darajasiga aniqlik kiritadi. Matnshunoslikda devon, bayoz, tazkiralar va badiiy-tarixiy nasr namunalari bo‘lgan memuar-qissalardan (masalan, Bobur va Ogahiy asarlari) so‘ng lug‘atlarning ahamiyati ham kattadir. Ma’lumki lug‘atlar o‘z maqsadi va vazifasiga ega bo‘lib, ular turli fan sohalari bo‘yicha turli yo‘nalish va metodlarda tuziladi. Matnshunoslikda tarixiy filologik lug‘atlarning ahamiyati kattaroq. Shuning uchun biz lug‘atlar deyilganda ana shunday lug‘atlarni nazarda tutamiz. Bundan tashqari, matnshunoslik fani uchun maxsus tuzilgan lug‘atlar ham juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan biz ularni quyidagicha tasnif qilishni ma’qul hisoblaymiz:
1. Tilga doir izohli lug‘atlar.
2. Ikki tilli lug‘atlar.
3. Qomusiy lug‘atlar.
Shuni ta’kidlash lozimki, bizning filologiyamizda turkiy tilda lug‘at tuzish ishi nisbatan keyingi asrlarda yuzaga kelgan. Asosan, arab va fors tillarida yaratilgan lug‘atlardan ilmiy istifoda qilib kelingan.
Tilga doir izohli lug‘atlar ma’lum bir tildagi so‘zlarni izohlashni nazarda tutadi va bunda ularning ma’nolarini tushuntirish uchun misol sifatida adabiy parchalardan foydalaniladi. Ikki tilli (ba’zan ko‘p tilli) lug‘atlarda ham adabiy parchalardan misol sifatida foydalaniladi. Qardosh xalqlar tillari uchun tuzilgan lug‘atlarda bunday misollar ko‘proq uchraydi. Masalan, Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoiy va turki usmoniy” (“Chig‘atoycha-turkcha lug‘at”)da (XIX asr) deyarli barcha mumtoz shoirlar ijodidan namunalar keltirilgan. Qomusiy lug‘atlar, asosan, matnda uchraydigan tushunchalar haqida ma’lumot beradi. Lekin ma’lum ijodkor va uning faoliyati haqidagi qomusiy lug‘atlar matn tarixi tadqiqi yoki ijod fenomenologiyasi bo‘yicha ehtiyojlarni qondirishga katta yordam beradi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, har bir fan nazariyasi shu soha terminlari (istilohlari)ga asoslanib ish ko‘radi. Matnshunoslik to‘laligicha filologiya ilmi – tilshunoslik va adabiyotshunoslikning yutuqlari asosida ish olib boriishini e’tiborga olsak, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik terminlarini, hozircha, tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohasi terminlari orasidan terib, o‘zlashtirish kerak bo‘ladi. Ular jumlasida quyidagi nashrlarni keltirishimiz mumkin:
Lingvistik terminlar lug‘ati (Axmanova O.S. Slovar lingvisticheskix terminov. –M.: Sovetskaya ensiklopediya, 1966). –607 s.
Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati (Homidiy H., Abdullaeva SH., Ibrohimov S.).-T.:O‘qituvchi, 1970.–300 b.
Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati (Hotamov N., Sarimsoqov B. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati. – T.: O‘qituvchi, 1983. – 376 b.)
Ensiklopediyalar. O‘z SE; O‘zME; Kratkaya literaturnaya ensiklopediya. Tom 7. – M. 1972; Literaturniy ensiklopedicheskiy slovar. – M., 1987.
Adabiyotshunoslik lug‘ati / Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura SHeralieva. f.f.d. D.Quronovning umumiy tahriri ostida. - Toshkent: Akademnashr, 2010.– 400 b.
Mazkur nashrlar hozirgi kunda sohada faol qo‘llaniladigan atamalarning hammasini qamrab olgan deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, qadimdan ishlatib kelgan istilohlarning ko‘pini hozirgi lug‘atlardan topib bo‘lmaydi. Ulardan ayrimlarining izohi manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqotlarida, ba’zi hollarda yo‘l-yo‘lakay uchrab qoladi. Matnshunoslik O‘rta asrlarda xattotlik va kitobat san’ati bag‘rida yuzaga kelgan va o‘zining barqarorlashgan an’analariga ega bo‘lgan. Bu an’analar ko‘plab terminlarni yuzaga keltirgan. Hozirgi zamon matnshunosligida ularning ko‘pchiligi hamon muomalada. Ulardan qog‘oz ishlab chiqarish va kitobatga oid atamalar hozir birmuncha kam ishlatiladi. Bevosita matn bilan aloqador (muqova, unvon, jadval, hoshiya, poygir, basmala, hamd, na’t, ammo ba’d..., tammat kabi) atamalar esa hozir ham muomalada bo‘lgan faol qatlamni tashkil etadi. Hali ular bir joyga yig‘ilib, terminologik lug‘at yaratilmagan. Ammo bu ishga urinishlar bo‘lgan (Hakimov M. Sharq qo‘lyozmalariga doir terminlarning qisqacha izohli lug‘ati. Adabiy meros. 1985, № 2 (33).
O‘zbek matnshunosligi jahon faniga integratsiyalasha boshlagan o‘tgan asrning 20 yillarida atamalar sohasida, asosan, rus matnshu nosligiga suyanib ish ko‘rila boshlandi. Soha ruscha-internatsional atamalar bilan boyitildi (fond, arxiv, tekst, tekstologiya, annota siya, atributsiya, ilmiy apparat, interpolyatsiya, katalog, kartoteka, kartochka, paginatsiya, kolofon, kinovar, inventar nomeri, transkripsiya, transliteratsiya kabi).
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan ayrim atamalar tilimizda mavjud so‘zlar bilan almashtirildi (tekst – matn, inventar raqam – ashyo raqami // saqlanish raqami, titul varag‘i –sarvaraq kabi). Atamalarning o‘z o‘rnida ishlatilishida sohaning nazariy masalalarini yoritib beruvchi tadqiqotlarning bo‘lishi juda muhim. Afsuski, bizda bu yo‘nalishda maxsus shug‘ullanuvchilar kam topiladi. Natijada yetuk matnshunos olimlarning tadqiqotlarida ham har xilliklarga duch kelamiz. Jumladan, I. Abdullayevning «Meros va talqin» asarida (349-b.) manbashunoslik shunday ta’riflanadi: “Ana shu arab, fors va qadimgi arab yozuvidagi qo‘lyozmalar va keyinchalik nashr etilgan bosma manbalarni o‘rganish, asarni tarjima qilish, tadqiq qilish, izohlar tuzish, terma va tanqidiy matnlarini tayyorlash, ularni nashr etish manbashunoslik deb, bu fan bilan shug‘ullanuvchi olimni manbashunos olim deb ataladi». Holbuki, bu yerda gap matnshunoslik haqida boradi; «terma matn» atamasi ham hozir «yig‘ma matn» tarzida barqarorlashgan.
Aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik terminlarining izohli lug‘atini tuzish hozirda soha oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Bu lug‘at leksikografiya talablariga javob beradigan izohli terminologik lug‘at shaklida bo‘lishi kerak. Soha atamalari lug‘atlarini tuzish bo‘yicha o‘zbek leksikografiyasi boy tajribaga ega. Ishni amalga oshirish uchun, hozirgi paytda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish imkoni bor. Lug‘at uchun uning mazmunini tashkil qiluvchi so‘zlik (tanlangan so‘zlar ro‘yxati), kompyuterda tuziladi. Bu ishga sohabo‘yicha e’lon qilingan tadqiqotlar imkon boricha ko‘proq jalb etish lozim bo‘ladi. Bu ish jarayonida so‘zlar izohidagi farqlarni tahlil qilish osonlashadi. Shunday qilib, matnshunoslikning lug‘atlarga bo‘lgan ehtiyoji hamon mavjud va u davom etadi. Tarixiy lug‘atlarga kelsak, ularning boshida “Devonu lug‘ati-t-turk” turadi. U XI asrning buyuk tilshunos olimi Mahmud Koshg‘ariy tomonidan yozilgan bo‘lib, unda turkiy so‘zlarning ma’nolarini izohlash uchun badiiy matnlar parchalaridan keng ko‘lamda foydalanilgan. Bu badiiy asarlar qismlari turli ko‘rinishlarda keltiriladi. Nasr ko‘rinishidagi parchalar tarixiy doston, qissa va rivoyatlardan olingan. Shuni ta’kidlash lozimki, ularning ayrimlari Koshg‘ariydek yirik olim tomonidan qayta ishlangan bo‘lishi ham mumkin. Shunga qaramay, ularning ba’zilari o‘z isnodi, ya’ni hikoya qiluvchisi nomi bilan birga qayd etilsa, ba’zilari xalq og‘zida hikoya qilib yurilgani aytiladi. “Devon”da keltirilgan Alp Er To‘nga – Afrosiyob hamda uning o‘g‘li Borman haqidagi parchalar ham badiiy qimmati katta rivoyatlardandir. Mahmud Koshg‘ariy ba’zan juda kichik masallar (sav) ham keltiradiki, ular kichikligidan qat’i nazar o‘z qimmatiga ega. Masalan,
Ashich ayur: tubum altun,
Qamich ayur: men qaydaman?
Mazmuni: Qozon aytar: tubim oltin, Cho‘mich aytar: men qaydaman?
O‘rta Osiyoning qadimgi aholisi qo‘shiqlaridan namunalar ham «Devonu lug‘oti-t-turk»da kattagina qismni egallaydi. Unda so‘zlarni izohlash uchun, tabiiy ravishda, XI asrgacha avloddan-avlodga, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan qo‘shiq matnlariga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Ularda o‘ta arxaik elementlarning ko‘pligi va musulmon e’tiqodiga doir arabiy jumlalarning deyarli uchramasligi qo‘shiqlarning asosi juda qadim davrlarga mansubligini ko‘rsatadi.
Masalan, yaboqu va basmil qabilalari urushi haqidagi parchalar Urxun-Enasoy yodgorliklarida ham uchraydi. Shuningdek, Alp Ertunga marsiyasi ham juda qadimiyligi ma’lum. Lekin «Devonu lug‘oti-t-turk» bilan bir davrda yoki undan oldin yaratilgan, qiyoslashga arzirli manbalarning yo‘qligi bois undagi adabiy parchalar xronologiyasini – qaysi matn qaysi davrda yaratilganini aniqlash juda qiyin ishdir. Ular aniqlanganda ham, mukammal holda bo‘lmagani uchun, qadimiy adabiy parchalar sifatidagina qimmatga egaligicha qolaveradi. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» kitobidan «Yoz o‘yinlari» (6 ta to‘rtlik), «Ovdan urushqa» (12 ta to‘rtlik)ni ko‘rsatadi.
N. Mallayev “Devon”dagi parchalarni quyidagicha tasnif qilgan:
Mehnat qo‘shiqlari.
Qahramonlik qo‘shiqlari.
Marosim qo‘shiqlari.
Mavsum qo‘shiqlari va peyzaj lirikasi.
Ishqiy intim qo‘shiqlar.
«Devonu lug‘oti-t-turk»da qadimiy xalq maqollaridan ham keng foydalanilgan.
Bilik ari yog‘isin nolik savar?! (Bilimli er dushmanini qanday (nega) sevsin?!)
Kichikda qotig‘lansa, ulg‘ozu savinur (Kichiklikda qiyinchilik ko‘rgan ulg‘ayganda sevinar).
«Devonu lugotit turk»da keltirilgan ayrim maqollar ba’zi o‘zgarishlar bilan yoki aynan holida hozirgi kunda ham qo‘llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |