Ilmiy-ommaviy matn yagona, yangi topilgan asarni e’lon qilish uchun yoki ilmiy-tanqidiy, shuningdek, yig‘ma-qiyosiy matn asosida matnning soddalashtirilgan variantini tuzish uchun tayyorlanadi. Keng o‘quvchilar auditoriyasiga mo‘ljallangan ko‘ptomli akademik nashrlar uchun ham ilmiy-ommaviy matnlar tayyorlanadi. Masalan, “Xamsa” dostonlarining ommaviy nashrlari 1939 yildan boshlab tayyorlab kelinmoqda. Jumladan, 1939-1940 yillar mobaynida “Hayrat ul-abror”, “Farhod va SHirin”, “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlari ayrim-ayrim bosilib chiqdi. Bulardan birinchi doston sharh, izoh va lug‘atlar bilan, qolganlari esa doston she’rlarining nasriy bayoni bilan kitobxonga taqdim etildi. “Xamsa”dagi dostonlar 1948 yili(“Hayrat ul-abror”dan boshqasi) Navoiy “Tanlangan asarlari” seriyasida ikkinchi marta nashr etildi. Dostonlarning bu nashriga nasriy sharh berilmagan, lekin har birining oxiriga izoh va lug‘at ilova qilingan. 1957 yildan boshlab dostonlarning nasriy ifodali nashrlari qayta bosildi. Bu nashrlarning hammasi ommaviy nashrlar bo‘lgani uchun dostonlar syujetiga bevosita aloqasi bo‘lmagan boblar qisqartirilgan edi. S. Ayniy tayyorlagan muxtasar “Xamsa” 1940-1947 yillari ikki bor nashr etildi. Ushbu nashrlardan maqsad keng ommani tezroq Navoiy ijodi bilan tanishtirish edi. Haqiqatan ham, “Xamsa”ni keng kitobxonlarga etkazish omma o‘rtasida milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz bilan tanishtirishda muhim o‘rin tutardi. SHuning uchun matnshunoslarimiz oldida matn turlarining xilma-xil shakllaridan foydalanish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. SHunday matn shakllaridan biri matnning nasriy bayon shaklini tuzish edi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar samarali bo‘ldi. G‘afur G‘ulom tomonidan tayyorlangan “Farhod va Shirin”ning ilmiy-ommaviy nashrida asar asl matni va nasriy bayoni yonma-yon berildi. Masalan:
Ki chun shahzodag‘a javri havodis, Muningdek mushkul amre qildi hodis. Aningdek bordi oromu qarori, Ki chiqti o‘z qo‘lidin ixtiyori. Matn nasriy bayoni quyidagicha: Vaqtiki shahzodaga hodisalarning javri shunday qiyin bir holni yuz keltirdi, uning chidam va to‘zumi shunchalik yo‘qoldiki, qo‘lidan ixtiyori ham ketdi84[6]. Bundan tashqari, Amin Umariy va Husaynzoda “Layli va Majnun” dostoni nasriy bayonini xuddi shunday usulda amalga oshirdilar. Bu kitobda ham bir tomonda dostonning asli, ikkinchi tomonda uning nasriy bayoni berib borildi85[7]. A. Qayumov ham Alisher Navoiy asarlari nasriy bayonini tayyorlashda shu mavjud prinsiplardan kelib chiqib ish tutgan. Keyinchalik Alisher Navoiy asarlarining nasriy bayonlari tayyorlanib, birin-ketin nashr etildi. Ulug‘ shoir va mutafakkir asarlarini bunday usulda nashrga tayyorlash ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan atoqli navoiyshunos olim A. Qayumovning xizmatlari katta bo‘ldi. O‘zbek matnshunosligi qo‘lga kiritgan tajribalar keng ilmiy jamoatchilik tomonidan ma’qullandi. Adabiyotshunos B. Valixo‘jaev klassik adabiyot asarlarining nasriy bayonini asl she’riy matndan alohida tarzda emas, balki kitob betining bir tomonida asl – she’riy nusxa va ikkinchi betida uning nasriy sharh yoki bayonini keltirish tajribasini ma’qulladi va bu an’anani izchil davom ettirishni tavsiya qildi.
O‘tgan asrning 60–80-yillari “Xamsa”dostonlari bir necha marta alohida va to‘liq hollarda ommaviy nashrga tayyorlandi. “Xamsa”ning 500 yilligi munosabati bilan chop etilgan ommaviy matn variantiga filologiya fanlari doktori Porso Shamsiev tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matnlar hamda izohlar asos qilib olindi. Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan chop etilgan 20 jildlik asarlar to‘plamidagi matnlar shu davrgacha tuzilgan barcha ilmiy-tanqidiy va ilmiy-ommaviy matnlar asosida yaratildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti va H. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti olimlari tomonidan amalga oshirilgan bu nashrdan maqsad buyuk shoirning she’riy, nasriy va ilmiy merosini to‘laligi bilan kitobxonlar ommasiga etkazib berish edi. Ilmiy-ommaviy matn prinsiplarining boshqa matn shakllari prinsiplaridan asosiy farqi, birinchidan, hozirgi o‘zbek yozuviga transliteratsiya qilinishi bo‘lsa, ikkinchidan, keng o‘quvchilar auditoriyasi talablarini nazarda tutishidir. Masalan, “Majolis un-nafois” ilmiy-tanqidiy matni Alisher Navoiy asarlari 15 jildligi o‘n ikkinchi jildi, Alisher Navoiy to‘la asarlari 20 jildligi o‘n uchinchi jildi nashri uchun asos qilib olindi.
“Majolis un-nafois” asari matniga berilgan sharhlar mazmun-mohiyati nuqtai nazaridan turli xil bo‘lib, ularni shartli ravishda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
– matnda uchraydigan arab, fors tillaridagi qiyin so‘z va iboralar tarjimasi;
– murakkab tashbehli va ramzli baytlar sharhi;
– matnda tilga olingan asarlar va ularning mualliflari haqidagi ma’lumotlar;
– she’riy san’atlarga doir izohlar;
– tarixiy va afsonaviy shaxslar tavsifi;
– muammoli yoki ilmiy–tadqiqotlarga turtki bo‘ladigan sharhlar.
Keltirilgan nisbiy tasnifdan ma’lum bo‘ladiki, S.G‘anieva matn sharhini berishda adabiyotshunoslik, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi, tarix, tilshunoslik fanlariga murojaat etadi. S.G‘anieva yozgan matn sharhlarining ahamiyatli tomoni yana shundaki, olima matn bilan bog‘liq deyarli har bir nuqtaga e’tibor qaratgan, matn sharhini berishda chuqur ilmiy izlanish olib borgan. Aslida S.G‘anievaning barcha asar sharhlaridagi – ilmiy, badiiy va tarixiy ma’lumotlarni bir joyga jamlansa, kattagina bir asar vujudga keladi.
Alisher Navoiy asarlarida arab, fors so‘zlaridan keng foydalangan. “Majolis un-nafois”da shoirlar ijodidan keltirilgan namunalar asosan fors tilida berilgan. “Majolis un-nafois”da Navoiy sherozlik Mavlono Tolib Jojarmiy degan shoirning qabr toshiga bitilgan ruboiysini o‘qib yodda qoldirganini yozadi. Navoiy Jojarmiy ijodidan namuna sifatida o‘sha ruboiyni keltiradi: