Bayozi Haziniy. Bayozga Haziniy, Xislat, Komil Xorazmiy, Kamiy, Fuzuliy, Amiriy, Muqimiylar asarlari, Saryomiyning ham she’rlari kiritilgan. Bayozning noshiri Mirzo Ahmad bin Maxdum Karim, kotibi Sirojiddin Maxdum mulla Mirzo Oxund Sidqiy Xondayliqiy. Toshkentdagi H.Orifjonov matbaasida chop etilgan. Muqovasi ko‘k, qizil hoshiyali kartondan ishlangan. Mazkur bayoz mavjud bayozlar ichida to‘laligi, kotibi, noshiri aniq bo‘lganligi sababli ishonchli majmua sifatida ahamiyatlidir.
Tuzuvchisi noma’lum bayoz
Bayozning kotibi, noshiri, matbaa va yili noma’lum. Titul varag‘i 1, 2, 3, 4 hamda 21, 26, 33, 40 sahifalari yo‘q. Mazkur bayozda Jomiy, Ado, Kamiy, Saryomiy, Gulshan kabi 20 dan ortiq shoirning she’rlaridan namunalar bor. Saryomiy asarlariga ajratilgan sahifalar, g‘azallarning joylanish tartibi yuqorida sharhlab o‘tilgan 170 inv. raqamli «Gulshani ash’or»ga ko‘p jihatdan yaqin, deyarli bir xil. Shu sababli ularni takrorlab o‘tirishga hojat sezmadik.
«Armug‘oni Xislat»
Ma’lum va mashhur «Armug‘oni Xislat» bayozida Xislat, Miskin Toshkandiy, Akmalxon, Zokiriy, Pirimqori Andijoniy, Saryomiy kabi 30 ga yaqin shoirning asarlari berilgan. Bayoz mashhur xonanda Mulla To‘ychi Hofiz iltimosiga binoan Mulla Sayyid Haybatulloh Xo‘ja Xislat tuzib savti va maqom nomini yozib, tartib bilan nashrga tayyorlagan. Kitobga Sirojiddin Maxdum Sidqiy Xondayliqiy kotiblik qilgan. Majmua Toshkentdagi G‘.Orifjonov matbaasida hijriy 1329 (melodiy 1911) yilda tuzilgan. «Armug‘oni Xislat»ning 205-210-varaqlarida Saryomiyning «Dar marsiyai echku Yusuf Saryomiy» sarlavhali hajviyasi joy olgan. 20 band (100 misra)ni tashkil etuvchi ushbu hajviy asar devonga kiritilmagan. Ushbu bayoz kotibi, noshiri, bitilgan yili aniq bo‘lganligi hamda shoirning bizga ma’lum bo‘lmagan katta hajmdagi asar matni to‘liq berilganligi bilan diqqatga sazovordir. Bayoz hijriy 1332 yil, melodiy 1914 yilda O.A.Porsev matbaasida chop etilgan. Bayozda Saryomiyning «Sho‘ring qursun!» radifli hajviy asari berilgan. Bu hajviya devonda yo‘q. 125 misrani tashkil qiluvchi ushbu hajviya mazkur bayoz bosmadan chiqqach, so‘nggi 4 varaqqa qo‘lda yozib kiritilgan. Sanasi yo‘q.
Hijriy 1311 (1893) yilda Abdulkarim Kamiy tomonidan kitobat etilgani bayoz Jomiy g‘azallari bilan boshlangan. Shuningdek, Xoja Ismat, Mushfiqiy, Sayyido, Amiriy, Ado, Husayniy, Tajalliy, Muhyi, Muqimiy, Furqat, Saryomiy kabi 50 dan ziyod zamondosh va o‘tmishdosh shorlarning she’rlaridan namunalar berilgan.
«Bayozi Muhallo” 144 sahifadan iborat bo‘lib, G‘ulom Hasan Orifjonov matbaasida hijriy 1330 yilda chop etilgan. Kotibi – Mulla Maxdum binni shoh Yunus marhum.
Ushbu majmuada shoirning «Novak andoz qazoya», «Rashki ravoq jannat», «Ko‘rdim yuzini davrida» deb boshlanuvchi g‘azallari takror uchraydi. shu bilan bir qatorda shoirning «Man nega mahvi oraz ra’nosi bo‘lmayin» g‘azalining faqat matla’ va maqta’sigina berilgan. Shoirning Amiriy g‘azaliga bog‘lagan muxammasi «Umrlardurkim biyobon olami po‘yoniman» deb boshlanib, bu bayozning 36-betida takror keladi. Kitobning oxirgi sahifasida shoir Shavkat Iskandariyning Saryomiyni «Kokuling» radifli g‘azaliga bog‘lagan muxammasi «Muxammasi Shavkat Iskandariy bar g‘azali Yusuf Saryomiy» nomi bilan beriladi. Majmuada Muqimiy, Kamiy, Ozariy, Tajalliy, Saryomiy, Noqis, Rog‘ib kabi 20 dan ziyod shoirning asarlaridan namuna berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |