Antropotsentrik paradigmaning yetakchi yo’nalishlari
Bugungi kunda lisoniy faoliyat bajaruvchisi bo’lgan shaxs omilini
o’rganish tilshunoslik sohalari – psixolingvistika, lingvokulturologiya,
kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika kabi sohalarda chuqurlashib
bormoqda. Ayni vaqtda, tilga antropotsentrik yondashuv ushbu sohalarning
eng so’nggi yutuqlarini o’zida mujassam etib, mustaqil paradigma
sifatidagi maqomini tobora mustahkamlab bormoqda.
Ko’plab tadqiqotchilarning e’tirof etishicha, kognitiv tilshunoslik va
lingvokulturologiya antropotsentrik paradigmaning yetakchi yo’nalishlari
hisoblanadi. Biz ham bu fikrni e’tirof etgan holda psixolingvistika
sohasini ham shu qatorga kiritish lozim, degan fikrni ilgari surish
tarafdorimiz. Zero, kognitiv tilshunoslik va lingvokulturologiya juda
ko’p nuqtalarda psixolingvistika bilan kesishadi. YAna shu narsani
ta’kidlash lozimki, tadqiq ob’ektimiz bo’lgan matn yaratilishi va uning
mazmuniy idroki masalasi bevosita psixolingvistik omillarga ham
daxldor hisoblanadi. “Psixolingvistika asoslari” kitobining
mualliflari I.N.Gorelov, K.F.Sedovlarning ta’kidiga ko’ra,
psixolingvistika tilshunoslikdagi antropotsentrik yo’nalishning yadrosini
tashkil etadi.
O’tgan asrning so’nggi choragida o’zining ilk qadamlarini qo’ygan
kognitiv tilshunoslik XXI asr boshidayoq lingvistikaning peshqadam
sohalaridan biriga aylanib ulgurdi. Hozirgi vaqtda ushbu sohaning bir
necha yo’nalishlari mavjud. Kognitiv tilshunoslik tilni umumiy kognitiv mexanizm sifatida o’rganuvchi sohadir. V.Z.Demyankov fikriga ko’ra, unda til tizimining
axborotni qayta ishlashdagi roli nutq yaratilishi va idrok etilishi nuqtai
nazaridan o’rganiladi. Bunda nutq yaratuvchi va uni idrok etuvchi sub’ektlar
– so’zlovchi va tinglovchiga axborotni qayta ishlovchi tizim sifatida
qaraladi. Olimning ta’biricha, “... tilshunoslik maydonida start olgan
tadqiqotchi finishda “qo’shma fanlar” manziliga yetib keladi. YA’ni
kognitiv tilshunoslik bilan shug’ullanmoqchi bo’lgan shaxsdan ushbu
sohaning yuzaga kelishiga asos bo’lgan psixologiya, nevrologiya, gnoseologiya,
sotsiologiya, sun’iy intellekt kabi fanlar alifbosidan ham xabardor
bo’lish talab etiladi. Kognitiv tilshunoslik kognitiv faoliyat tushunchasi bilan uzviy bog’liqdir. Kognitiv faoliyat insonning biror narsa yoki voqelikni idrok
etishini amalga oshiruvchi tafakkur jarayonidir. Konsept tushunchasi ham kognitiv tilshunoslikda markaziy o’rinda turuvchi tushuncha bo’lib, u ilmiy adabiyotlarda axborotni idrok etish, kodlashtirish va yaratish kabi jarayonlar tizimi sifatida izohlanadi.
Dunyo tilshunosligida pragmalingvistika, diskursiv tahlil, kognitiv
tilshunoslik, lingvokulturologiya kabi sohalarning yuzaga kelishi va
rivojlanishi qator til birliklari talqinida ham jiddiy nazariy
qarashlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Xususan, matn tahliliga
antropotsentrik nuqtai nazardan yondashish bugungi tilshunoslikning yetakchi
yo’nalishlaridan biriga aylandi. Murakkab va serqirra hodisa hisoblangan
matn tadqiqida so’zlovchi – matn – tinglovchi (matn muallifi – matn –
retsipiyent) dan iborat uchlik asosiy ob’ekt bo’lishi lozimligi ko’plab
tadqiqotchilar tomonidan ta’kidlanmoqda. Matn tadqiqiga oid ishlarda uni yaratuvchi shaxsga e’tiborning qaratilishi dastlab psixolingvistika va pragmalingvistika yo’nalishidagi tadqiqotlarda ko’zga tashlangan bo’lsa, bugungi kunda shiddat bilan
rivojlanayotgan kognitiv tilshunoslik, funksionalizm, etnolingvistika,
lingvokulturologiya, diskursiv tahlil kabi sohalar ushbu masalani
tilshunoslikning markaziy muammolaridan biriga aylantirdi.
Ma’lumki, kognitologiya o’z mohiyatiga ko’ra semantika bilan uzviy
bog’liq. A.V.Kravchenkoning fikriga ko’ra “... kognitiv tilshunoslik o’z
oldiga til vositasida bilimlarni saqlash, ifodalash va uzatish
mexanizmlarini tadqiq etishni asosiy vazifa qilib qo’yadi”
Jahon tilshunosligida yaratilgan boy nazariy ma’lumotlarga suyangan holda
muayyan ijodkor shaxs tilining lingvokognitiv xususiyatlarini o’rganish
o’zbek tili sohiblarining “tafakkur grammatikasi”ni yoritib berishda
muhim ahamiyat kasb etadi. Matn yaratilishida shaxsning kognitiv faoliyatini tadqiq etish o’zbek mentalitetiga xos fikrlash tarzini ham chuqurroq yoritishga xizmat qiladi.
Zero, matnda konseptuallashgan fikr ayrim hollarda etnik xarakterda ham
bo’lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |