O‘zbek tili taraqqiyoti va turkologiya masalalari
“Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 4-oktabr kuni e'lon qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi Qaror Ona tilimizga davlatimiz tomonidan qilinayotgan doimiy e'tibor va ehtiromning yuksak namunasi bo‘ldi. ”
Qarorda qayd etilganidek, o‘tgan 30 yil ichida til sohasida katta yutuqlarga erishildi. O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davrida ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi. Shu bilan birga ta'kidlash zarurki, ona tilimizni yanada rivojlantirish, taraqqiy ettirish borasida oldinda juda ulkan vazifalar turibdi.
“Davlat tili haqida”gi Qonunning 30 yilligini munosib nishonlashga qaratilgan Qaror bilan 2019-yil 29-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tili taraqqiyoti va turkologiya masalalari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman mamlakatimiz universiteti, Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozoq-Turk universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universiteti, Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Turkiyaning Afyon-Kochatepe universiteti, Ushak universiteti hamda O‘zbekistondagi Turkiya elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Xalqaro konferensiya o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish; uning boshqa turkiy tillar bilan o‘zaro aloqalarini o‘rganish va rivojlantirish; turkologiya sohasida erishilayotgan yutuqlar; turkiy tillar taraqqiyoti, bugungi holati, rivojlanishi va muammolarini o‘rganish; o‘zbek tili va turkiy tillar tarixi; lug‘atshunoslik, atamashunoslik, tarixiy-qiyosiy lingvistika kabi masalalariga bag‘ishlandi.
Anjuman “O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari”, “Ko‘hna turkiy manbalar”, “Turkiy tillar qiyosi”, “Til tarixi” “Amaliy tilshunoslik” kabi sho‘balar bo‘yicha ish olib boradi.
Ushbu xalqaro konferensiya milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyat bo‘lgan ona tilimizni tom ma'noda davlat tiliga aylantirish, uning jamiyatdagi, turkiy tillar orasidagi, xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |