SO’ROQ, UNDOV BELGILARI VA ULARNING QO’LLANISH O’RINLARI.
So‘roq belgisi gap oxirida qo‘llanuvchi asosiy belgilardan hisoblanadi. Bu belgi mazmunidan so‘roq anglashilgan gaplar oxiriga qo‘yiladi; shu gapning tugallanish nuqtasini, uning boshqa gaplardan ajralish chegarasini ko‘rsatadi va mazkur gapning ifoda maqsadiga ko‘ra so‘roq gap ekanligini bildiradi. Masalan: «Qayoqqa chekinasan? Bormi keraksiz yering? Ne uchun odam bo‘lding, Kelmasang dushmanga teng?
Prof. A.N.Gvozdev «so‘roq belgisi latincha (QUESTION (so‘roq) so‘zining qisqarishidan kelib chiqqan» deb ko‘rsatadi: avval so‘roq ma’nosini ifodalash uchun bu so‘z qisqartirib (Q-O) qo‘llangan; keyinchalik mazkur funksiyada shu so‘zning faqat bosh harfi ishlatilgan (Q); bundan hozirgi so‘roq belgisi (?) paydo bo‘lgan.
So‘roq belgisining o‘zbek tilida qo‘llana boshlashi XIX asrning oxirlariga to‘g‘ri keladi. Bu belgi o‘zbek tiliga rus tilidan kirgan. U 1885-yildagi ba’zi o‘zbekcha matnlarda uchraydi. “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida 1900- yildan keyin muntazam qo‘llana boshlagan. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘roq belgisining qo‘llanishi quyidagicha:
1.Sof so‘roq ma’nosini anglatuvchi gaplar oxiriga qo‘yiladi. Bunday gaplar ikki xil shakllangan bo‘ladi: a) tarkibida so‘roqni bildiruvchi grammatik vositalar; ishtirok etadi:–Endi ketib qolmaysizmi? Ha, nima, uyalasanmi, kap-katta qiz-a? (G‘. G‘.) b) tarkibida so‘roqni bildiruvchi grammatik vositalar ishtirok etmaydi: bundagi so‘roq ma’nosi yozuvda so‘roq belgisi orqali, og‘zaki nutqda intonatsiya orqali bilinadi: To‘ygacha qo‘limni xam ushlatmayman deysiz chog‘i? (U.)
So‘roqni anglatuvchi gaplar to‘liq va to‘liqsiz gap shaklida bo‘lganda ham, so‘roq belgisi qo‘llanadi:– Ustingizdan shikoyat tushdi.– Shikoyat? So‘roqni anglatuvchi gaplar sodda va qo‘shma gap shaklida bo‘lishi mumkin. Sodda gap shaklidagi so‘roq gaplarda taajjub, taxmin, chama, buyruq kabi ma’no ottenkalari ham ifodalanadi. Masalan:–Mening soatim to‘xtab qolibdi.– Soatim to‘xtab qolibdi? (A. Q.)
Qo‘shma gaplarda so‘roq ma’nosining ifodalanishi xiyla murakkab: qo‘shma gapni tashkil etuvchi barcha gaplardan (komponentlardan) so‘roq ma’nosi anglashiladi; qo‘shma gapni tashkil etuvchi bir gap so‘roq ma’nosini anglatib, ikkinchisi (yoki boshqalari) shu ma’noni ifodalamaydi; ergash gapli qo‘shma gaplarda esa so‘roq ma’nosi bosh gapda bo‘lishi mumkin va aksincha; ergash gap so‘roq ma’nosini anglatganda, ko‘pincha bosh gapdan so‘ng qo‘llanadi.
Bunday holatlarda ham gap oxiriga so‘roq belgisi qo‘yiladi. Masalan: Axir har borganingizda, pochchangiz quruq qo‘ymas? (A.Q.) Qanday uxlar, oyli tun qizning, Yuragiga hayajon solsa?
2. Taqrizlarda yoki sitatalarda biron so‘z yoki„jumla noaniqlik, gumon va anglashilmovchilikni bildirsa, bunday so‘z va jumladan so‘ng so‘roq belgisi qavsga o‘ralgan holda qo‘yiladi. Masalan: «Onaning bokira siynasida (?) gavdalangan...», kampir o‘zining sodda tafakkuri, o‘tmish ongi (?) bilan, tilidagi o‘zbekcha joziba (?) bilan esda qoladi.
3.So‘roq gap tipidagi sarlavhalardan keyin so‘roq belgisi qo‘yiladi: Inglizlar qanday salomlashadi?
4.Kim, nima, qaysi, qanaqa, qanday qilib, nima qildi kabi so‘z va so‘z birikmalari so‘roq ma’nosi uchun ishtatilsa, ulardan so‘ng so‘roq belgisi qo‘yiladi. Masalan: Ega kim?, nima?, kimlar?, nimalar? kabi so‘roqlarga javob bo‘ladi.
Undov belgisi gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilariga kiradi. Undov belgisi, o‘z tuzilishiga ko‘ra ikki elementli tinish belgisidir. Undov belgisi badiiy asarlarda (ayniqsa, poeziyada, lirik asarlarda) ko‘p qo‘llanadi: yozma nutqdagi turli tuyg‘ular, holatlar, har xil emotsionalliklarni ifodalashda undov belgisining roli katta. SHuning uchun bo‘lsa kerak, lirik shoir Uyg‘unning asarlarida undov belgisi boshqa shoir va yozuvchilarnyng asarlariga nisbatan ko‘p qo‘llangan.
Hozirgi o‘zbek tilida undov belgisi takroriy, oddiy va murakkab qo‘sha (birgalikda) qo‘llanish xususiyatiga ega: undov belgisi bir o‘rinda uch martagacha takroriy qo‘sha qo‘llana oladi. Masalan:
Seni unutolmas yuragim aslo,
Ey, O‘rta Osiyo, O‘rta Osiyo!!!
Do'stlaringiz bilan baham: |