51
O‘zbek tilidagi undosh fonemalar ham o‘zaro zidlanish uchun asos bo‘luvchi
uch belgi – artikulyatsiya o‘rni, artikulyatsiya usuli hamda ovoz va shovqin
ishtirokiga ko‘ra belgilari asosida tasnif qilinadi.
Artikulyatsiya o‘rniga ko‘ra undoshlar bo‘g‘iz, til va lab undoshlariga
ajratiladi. Bular, o‘z
navbatida, ichki bo‘linishlarga ega.
Artikulyatsiya usuliga ko‘ra undoshlar sirg‘aluvchi, portlovchi va portlovchi-
sirg‘aluvchilarga (qorishiq) bo‘linadi.
Ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra ham undoshlar uch guruhga bo‘linadi:
sonorlar, jaranglilar va jarangsizlar.
O‘zbek tili fonologik sistemasidagi undoshlar uchun yuqoridagi belgilar
fonologik muhim sanaladi va ularning o‘zaro farqlanishi uchun asos bo‘ladi.
Masalan, [g] va [k] fonemalarining birinchi va ikkinchi belgisi bir xil. Ya’ni ularning
ikkisi ham til orqa, portlovchi undoshlardir. Sistemada ularni bir-biridan farqlovchi
belgi – ovoz va shovqin ishtiroki belgisidir: [g] – jarangli, [k] – jarangsiz. Yoki [d] va
[j] zilanishida ikkala fonema ham til oldi, ikkalasi ham jarangli bo‘lib, artikulyatsiya
o‘rni hamda ovoz va shovqinning ishtiroki belgilari ular uchun integrativ belgi
hisoblanadi. Artikulyatsiya usuliga ko‘ra belgisi esa ushbu fonemalarning
differensiatsiyasi uchun asos bo‘ladi: [d] – portlovchi, [j] – qorishiq (portlovchi-
sirg‘aluvchi). Shu belgisi asosida til sistemasida ular bir-biridan farqlanadi.
Ko‘rinadiki, shu uch belgi o‘zbek tilining fonologik sistemasida mavjud undoshlarni
bir-biridan farqlash uchun asos bo‘ladi.
Masalan, lab undoshlari oppozitsiyasini ko‘rib chiqaylik: b-p zidligida jarangli-
jarangsizlik belgisi fonologik muhim belgi bo‘lsa, b-m zidligida sonorlik-sonor
emaslik belgisi, b-f zidligida esa portlovchilik-sirg‘aluvchilik belgilari fonologik
muhim belgilar hisoblanadi.
Ko‘rinadiki, o‘zbek tilida undoshlar uch belgiga koʻra zidlanadi. Oppozitsiya
uchun asos boʻluvchi uch belgi – artikulyatsiya oʻrni, artikultsiya usuli hamda ovoz
va shovqin ishtiroki.
Lekin tasnif uchun asos qilib olingan yuqoridagi uch xususiyat nisbiy bo‘lib,
ayrim undoshlarning farqlanishi uchun yetarli emas. Xususan, [s] va [sh]
fonemalarining ikkisi ham artikulyatsiya o‘rniga ko‘ra til oldi, artikulyatsiya usuliga
ko‘ra sirg‘aluvchi, ovoz va shovqin ishtirokiga ko‘ra ikkisi ham jarangsiz. Bunday
holatlarda zidlanish sistemasini tahlil qilish ehtiyoji tug‘iladi.
N.S.Trubetskoy zidlanishlarni tasnif qilishda quyidagi uch belgi muhimligini
ta’kidlaydi:
1) zidlanuvchi a’zolarning zidalnish sistemasiga munosabatiga ko‘ra;
2) zidlanuvchi a’zolar o‘rtasidagi munosabatga ko‘ra;
3) zidlanuvchi a’zolarning ma’no farqlash kuchiga ko‘ra
O‘zbek tilidagi undosh fonemalarning tasnifi uchun asos qilib olingan
yuqoridagi uch xususiyat zidlanuvchi a’zolarning o‘zaro munosabatiga ko‘ra
belgilarni tashkil qiladi. Lekin sistemaga mansub har bir fonemani o‘zi mansub
qatordagi boshqa fonemadan farqlash uchun, xususan, [s] va [sh] o‘rtasidagi
faqlanishni yoritib berish uchun bu belgilar yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shunday
hollarda zidlanuvchi a’zolarning zidlanish sistemasiga munosabatini hisobga olish