7.2. Mavlono Lutfiyning tarjimai holiga doir ma`lumotlar oz. Uning hijriy hisobda 99 yosh yashagani, taxallusi Lutfiy ekani, Hirotdagi Dehikanorda vafot etgani Alisher Navoiy asarlaridan ma`lum. Ammo nomi, otasining ismi, shoirning tug’ilgan va vafot yillari aniq emas. Shuning uchun shoirning tug’ilgan va vafot etgan yillari, tug’ilgan joyi haqida har xil mulohazalar bor. O’quv adabiyotlarida Lutfiyning 1366-1465 yillarda yashaganligi, Dehi kanorda tug’ilganligi qayd etiladi. Ammo Alisher Navoiy "99 yosh yashadi" deganda hijriy hisobni nazarda tutgan. Binobarin, bu yillar to’g’ri bo’lishi mumkin emas. Akademik B.Valixo’jaev Alisher Navoiy asarlaridagi mavlono Lutfiy bilan bog’liq fikr va ma’lumotlarga tayangan holda shoirning tug’ilgan yilini hijriy 787- melodiy 1385 - 1386 yil, vafotini esa hijriy 886-melodiy 1482 - 1483 yil deb ko’rsatadilar. Biroq shoir shaxsiyati haqida ma’lumot beruvchi yangi manbalar aniqlanmaguncha bu ham taxmin bo’lib qolaveradi.
Shayx Ahmad Taroziyning 1437-yilda yozilgan "Funun ul-balog’a" asari topilgach, Mavlono Lutfiyning tug’ilgan joyi haqida ham yangi fikrlar aytilmoqda. Zero unda Lutfiy Shoshiy (Toshkentlik) nisbasi bilan tilga olinadi.
Shunday qilib, Mavlono Lutfiy Sohibqiron Amir Temur davrida dunyoga kelib, avval maktabda savod chiqargach, madrasada tahsil olgan. So’ng esa Hirotda Shahobiddin Xiyoboniydan so’fiya tariqatidan saboq olgan. Shoirlik sohasidagi faoliyatini ham davom ettirib, XV asrning 20-yillarida ancha shuhrat qozonganidan Ulug’bek mirzo, Boysung’ur mirzolar uni hurmat qilganlar. Bu holni mavlono Lutfiyning o’zi ham ta`kidlab, quyidagilarni yozadi:
Ulug’bekxon bilur Lutfiy kamolin,
Ki rangin she`ri Salmondin qolishmas.
Lutfiy ash`orini lutfi Boysung’urxon bilur,
Kim arusi mulk ko’rmaydur aningdek shoh-shoh.
Shohrux, Abulqosim Bobur, Abusaid, Sulton Husayn Boyqarolar saltanati davrida mavlono Lutfiy hayoti Hirotning Dehi kanor mavzeida o’tgan. U darvesh va kamtar bo’lganidan asosan badiiy ijod, yosh shoirlarga saboq berish, adabiy anjumanlarga qatnashish bilan shug’ullangan.
Mavlono Lutfiy Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar bilan yaqin munosabatda bo’lgan. Jumladan, Alisher Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat" asarida shunday eslaydi: "Bu faqir borasiga ko’p iltifoti bor erdi va fotihalar o’qur erdi va doim volida (ona) mulozamatig’a va rizoi xotirig’a targ’ib qilur erdi". Xondamirning "Makorim ul-axloq"ida keltirilishicha, mavlono Lutfiy yosh Alisher Navoiyning she`r yozishini kuzatib borgan, she`rlarini maqtagan. Jumladan, Alisher Navoiyning:
Orazin yopg’och ko’zumdin sochilur har lahza yosh,
Bo’ylakim paydo bo’lur yulduz nihon bo’lg’och quyosh,-
bayti bilan boshlanadigan g’azalini eshitgan mavlono Lutfiy "Hayrat dengiziga cho’mib shunday dedi: “Agar muyassar bo’lsa edi o’zimning o’n-o’n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g’azalga almashtirardim va bu ishni zo’r muvaffaqiyat hisoblardim". Mavlono Lutfiy umri oxirigacha shoirlar bilan muloqotda bo’lib, ularga, jumladan, Abdurahmon Jomiyga bag’ishlab qasidalar yozgan. “Nasoyim ul-muhabbat”da Jomiyga bag’islab “Suxan” radifli qasida bitganligi va uning evaziga Jomiyning eski to’nini “gadoylik” qilganligi eslanadi. Shuningdek, “Majolis…”da vafotidan oldin yozgan “aftad” radifli matla’ baytini ham Hazrat Jomiyga vasiyat qilganligi qayd etiladi.
Mavlono Lutfiy hijriy hisobda "to’qson to’qqiz yoshida olamdin o’tdi. Qabri Dehi kanordadur, o’z maskani erdi " (Alisher Navoiy).
13.3. Shoir adabiy merosi. Mavlono Lutfiy qoldirgan adabiy meros haqida Alisher Navoiyning ma`lumoti asoslidir. Uning yozishicha, mavlono Lutfiy forsiy va turkiy tillarda she`r aytgan bo’lsa-da, turkiy she`rlarining shuhrati ko’proq edi va "turkcha devoni ham mashhurdur", ikkinchidan, "Mavlono (Lutfiy)ning "Zafarnoma" tarjimasida o’n ming baytdin ortiqroq masnaviysi bor. Bayozg’a yozmag’on (oqqa ko’chirilmagani ) uchun shuhrat tutmadi".
Demak, mavlono Lutfiy merosi she`rlar devoni va "Zafarnoma" tarjimasidan iborat bo’lgan. Ammo XX asr oxirlariga qadar "Gul va Navro’z" dostoni ham mavlono Lutfiyga nisbat berilar edi. Biroq dostonining muallifi Haydar Xorazmiy ekani oldingi mavzularda ko’rib o’tgan edik.
Mavlono Lutfiy merosidan turkiycha devoni o’nga yaqin qo’lyozma nusxada bizgacha yetib kelgan bo’lsa-da, ammo ular mukammal emas, balki qariyb uch ming baytni o’z ichiga oladi, xolos.
Bizgacha yetib kelgan she`rlarning tarkibi quyidagicha: g’azal (372 ta 2080 bayt), qasida (3 ta 107 bayt), qit`a, ruboiy, tuyuq (115 ta 230 bayt), fard (60 ta 60 bayt), ayrim baytlar (22 ta 22 bayt). Ularning umumiy soni 572 ta bo’lib, 2774 baytni tashkil etadi. Bu mavlono Lutfiy she`riy merosining bir qismidir xolos. Chunki Xondamirning ma`lumotiga ko’ra, mavlono Lutfiyning Navoiy g’azaliga bergan baholarida o’zlarining "o’n-o’n ikki ming bayt" she`rlarini tilga olganlar. Bas shunday ekan, mavlono Lutfiy qalamiga mansub she`rlarning to’liq devonini izlash lutfiyshunoslikning muhim vazifalaridandir.
13.3.1. G’zaliyot. Shoir she`rlari tarkibidan ma`lumki, unda g’azal soni va salmig’i jihatdan yetakchi o’rindadir.
Mavlono Lutfiy g’azallari o’ziga xos xususiyatlar, xillarga ega bo’lsa-da, ularning asosiy mavzusi ishq, axloq, falsafiy mushohadalardan iborat.
G’azallarning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilarda ko’rinadi:
-sodda bayonli uslubda bo’lib, ravon va o’ynoqi vaznlarda;
-asosan 5-7 bayt, ba`zida 9-baytdan tashkil topgan;
-g’azal ichidagi baytlar o’zaro turlicha bog’langan. Bu jihatdan g’azallarni ikki guruhga ajratish mumkin: birinchi, baytlar o’zaro mantiqiy bog’langan bo’lib, ularda mavzu va timsol izchil yoritiladi. Ularni yakpora g’azallar deb tavsiflash mumkin; ikkinchi, har bir bayti alohida mavzu va timsol tasviriga bag’ishlanib, g’oyaviy jihatdan birlashuvchi baytlardan tashkil topgan g’azallar.
Birinchi guruhga – yakpora g’azallar xiliga mansub bo’lgan, quyidagi matla` bilan boshlanuvchi g’azalni ko’zdan kechirish masalani oydinlashtiradi:
Jonim chiqadur dard ila jononima ayting,
Bu xasta gado holini sultonima ayting.
G’azal besh baytli bo’lib, unda "ayting" radif, "jonima, sultonima" qofiyadir. Birinchi baytda-matla`da g’azalning asosiy mavzusi - ishq, mazmuni - oshiqning hijrondagi holati va timsollari - oshiq (gado) va ma`shuqa (sulton) g’oyatda katta mahorat bilan ifodalangan. G’azalning keyingi to’rt baytida ana shu mavzu, mazmun va timsollar sharhlanadi. Natijada, g’azalni o’qigan kishi oshiqning ma`shuqa hijronida o’rtangani, ko’z yoshlar to’kkani, yuragining qat-qat qon bog’lagani kabi ruhiy-botiniy holatini bosqichma-bosqich yaqqol tasavvur eta oladi. Bundagi mantiqiy izchillik baytlarning o’z o’rnida bo’lishini, ular o’rnini almashtirish yoki birortasini tushirib qoldirish mumkin emasligini ta`minlagan. Shu jihatdan u yaxlit asar yoki yakpora g’azaldir. G’azalda mavlono Lutfiyning olami sug’ro (kichik) va olami kubro (katta)larning yaxlitligi, vahdatiga oid tasavvufona qarashlari ham juda nozik va mahorat bilan ifodalangan. Bu hol, xususan, quyidagi baytda o’z ifodasini topgandek tuyuladi:
Qon yoshim erur yuz uza yulduz kibi sonsiz,
Ul ko’zlari cho’lpon mahi tobonima ayting.
Bunda oshiq-olami sug’ro bilan bog’liq bo’lgan "qon yosh, yuz" bilan bir qatorda olami kubro (ma`shuqa) - koinotdagi "yulduz cho’lpon, mah (oy)" yaxlit kelganligi fikrni tasdiqlaydi. Chunki bular oshiq va ma`shuqada mujassamlashib, olami kubro olami sug’roda zuhur etgan. Shunday ekan, ular yaxlit bo’lib, vahdati vujudni tashkil etadi. Agar masalaning bu tomoniga e`tibor qilinsa, unda oshiqdagi hijron dardining falsafiy mazmuni, ya`ni "hajr - judolik" ya’ni juzv - qatraning kull - ummondan ajralib qolib, unga (kullga, ummonga) qo’shilish uchun tortayotgan iztirobi bayon etilgani oydinlashadi. Bas shunday ekan, g’azalda majoziy va haqiqiy ishq bilan bog’liq bo’lgan jihatlar ham qalamga olingan. Shoir g’azalda o’xshatish, sifatlash, mubolag’a, istiora, tazod, irsoli masal (xasta, gado, gado-sulton, sham`i shabiston, yurak - g’uncha, guli xandon, ko’zlari cho’lpon) kabi badiiy tasvir vositalaridan o’rinli foydalangan. G’azal sodda bayonli uslubda yozilganidan unda tushinishi qiyin so’z yoki iboralar deyarli uchramaydi. Uning muhim belgilaridan biri aruzning o’ynoqi vaznida ya’ni hazaji musammani axrabi makfufi mahzuf (maf’uvlu mafoiylu mafoiylu fauvlun) vaznida yozilganligidir
Mavlono Lutfiyning ayrim g’azallari bir umumiy mavzuga bag’ishlangan bo’lsa-da ulardagi har bir bayt alohida mazmun va timsollar tasviridan iborat. Bu kabi g’azallar Navoiygacha bo’lgan davrdagi she’riyat uchun xos belgilardan edi. Ayrim manbalarda ular “parokanda g’azallar” sifatida tilga olinadi. Ana shunday g’azallardan biri, Alisher Navoiy e`tirof etganday, quyidagi "mutaazzir ul-javob (javob aytish qiyin bo’lgan) matla’" bilan boshlanadi:
Sayd etti dilbarim meni oshufta sochtin,
Soldi kamand bo’ynuma ikki qulochtin.
Besh baytdan iborat g’azalning asosiy mavzusi ishq bo’lib, dilbar - ma`shuqa chehrasi (portreti)ning go’zalligini tavsiflash uning mazmunini tashkil etadi. Shuning uchun g’azalning birinchi va to’rtinchi baytlarida "soch", ikkinchisida "husn", uchinchisida "irn" - lablar, beshinchisida esa "yuz" bilan bog’liq mulohazalar tasvirlangan. Demak, g’azal matlaida bayon etilgan mazmun - "soch" tasviri butun g’azal bo’ylab uzluksiz davom etmaydi. Keyingi misralarda dilbar yuzi va uning atributlari (irn, husn) mazmunan bog’lanib, dilbar chehrasi- portretini tasavvur etishga xizmat qiladi.
Mazkur g’azal matla`si mustaqil mazmunga ega bo’lib, o’zining har jihatdan barkamolligi bilan Alisher Navoiy nazariga tushgan. Buning sababi shundaki, mavlono Lutfiy baytda tanosib san’ati asosida ov manzarasini ajoyib tarzda gavdalantiradi. Shoir ovchi o’rniga dilbarni, ovchi kamand-arqoni o’rniga dilbarning ikki quloch keladigan sochini, ov jonvori o’rniga esa oshiqni qo’yib, dilbar-ovchi, soch-kamand, oshiq-sayd lavhasini maydonga keltirgan. Mavlono Lutfiy bir tomondan, dilbarni o’z oshig’ini qo’lga kiritish uchun harakat qiluvchi faol kuch-timsolga aylantirgan, ikkinchi tomondan oshiqni o’z ixtiyori bilan ovchi tuzog’iga tushgan saydga aylantirgan. Dilbarning sochini oddiygina qilib "uzun" deb qo’ya qolmasdan, balki "ikki quloch" tarzida xalqona go’zal ibora bilan tasvirlab, uni sayd-oshiq bo’yniga solinadigan kamandga o’xshatgan. Shu tartibda tanlangan (sayd qilingan) oshiq baxtli va saodatli sanalgan baytda oddiy mazmunning shoirona kashf etilishi (soch-oshufta, ikki quloch; dilbar-sayyod, sayd, kamand) tufayli mavlono Lutfiyning shoirona nigohi, kashfiyoti Alisher Navoiyni ham maftun etgan.
Mavlono Lutfiyning ko’pgina g’azallarida tabiatdagi barcha go’zalliklar inson go’zalliklaridan namuna olish tufayli ekani shoirona mahorat bilan tasvirlangan. Masalan:
Yuzungdin lola rang eltib uyolib shahrg’a kirmas,
Aning bo’ynin kishi bog’lab keturmog’uncha sahrodin.
Ma`lumki, lola tog’ va tog’ etaklarida o’sadi. Odamlar uni terib, bog’lab shaharga olib keladilar. Ana shu hayotiy holatni mavlono Lutfiy shoirona tarzda sharhlab, go’zal badiiy manzarani chizadi: lola ma`shuqa yuzidan qizil rangni o’g’irlagani uchun toqqa qochib ketgan. Shuning uchun to odamlar uni bo’ynidan bog’lab olib kelmasalar, lola (uyalgani uchun) shaharga kira olmaydi. Bu hayotiy voqelikning yangicha sharhi, yangicha shoirona talqinidir. Husni ta’lil usulidagi bunday go’zal tasvirlar mavlono Lutfiy she`riyatining ko’pchilik qismini tashkil etadi. Quyidagi baytlar mazmuniga e’tibor bering:
Labingdin chun suchuklik qand o’g’urlar,
Solurlar el ani suvg’a yalang’och.
Gul qamaringdan o’g’irlab oldi jamol aning uchun,
Shohi rabe` oni tikan dorig’a o’g’ritek osar.
Shunday qilib, mavlono Lutfiy g’azallari o’zining hayotiy mazmuni, go’zal badiiyligi bilan o’quvchilarni hayratga qoldiradigan asarlar bo’lib, ularda inson va insoniylik, tabiatning go’zal lavhalari, pand-axloqqa, ma`rifat va ma`naviyatga oid mulohazalar bayon etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |