3.2. «Maxzan ul-asror» dostoni. «Maxzan ul-asror» ning bir necha qo’lyozma nusxalari bizgacha etib kelgan. Ular London, Parij, Vena, Qozon va boshqa joylarda saqlanadi va fanda o’sha joylarning nomi bilan birga aytiladi. Fan olamiga mashhur bo’lgan ushbu qo’lyozma nusxalardan biri London nusxasi bo’lib, u Britaniya muzeyida saqlanadi, 1508-1509 yillarda Hirotda ko’chirilgan.
Nizomiyning «Maxzan ul-asror»i jami 2264 baytdan (ayrim manbalarda 2244 bayt17) iborat. Haydar Xorazmiyning shu nomdagi dostoni 23 bobni o’z ichiga oladi. Hajmi 1230 misra 615 bayt (ayrim manbalarda 639 bayt18)dan iborat. An`anaga muvofiq, doston uch tarkibiy qismdan tashkil topgan: muqaddima, asosiy qism va xotima. Muqaddimaning o’zini shartli ravishda ikkiga bo’lish mumkin. Birinchi muqaddima Alloh hamdi, payg’ambar nat`i, xalifalar ta`rifidan iborat. Ikkinchi muqaddima esa Sulton Iskandar madhi, musannifning vasfil – holi kabi masalalarga bag’ishlangan. Ushbu muqaddima qism jami yetti bobni o’z ichiga oladi. Nizomiy o’z asarini Qur`oning «Bismilo» oyatidan boshlaydi. Bu asarga nazira bitgan barcha shoirlar qatori Haydar ham asarini shu tarzda boshlaydi»19. Shu o’rinda eng mashhur bir necha xamsalarning birinchi baytlarini keltirishni joiz deb bildik:
Nizomiy Ganjaviy:
Bismillohir-rahmonir-rahim,
Hast kalidi dari ganji hakim.
Haydar Xorazmiy:
Bismillohir-rahmonir-rahim,
Fathu zafar oyatidur ey hakim.
Dostonning asosiy qismi 16 bobdan tashkil topgan. Haydar Xorazmiy Nizomiy Ganjaviy- dan farqli o’laroq, dostonda avval hikoyat, undan so’ng shu hikoyadan kelib chiqadigan xulosa va fikrlarni mav`iza shaklida bayon etadi, ma`lum bir masala yuzasidan falsafiy qarashlari hikoyatlarda o’z aksini topgan. Ularning mavzu, mazmun doirasi ham anchayin keng bo’lib, ba`zilari Nizomiy Ganjaviyning «Maxzan ul-asror»iga ancha yaqin tursa, ba`zilari tamomila yangidir. Asosiy qism 8 hikoyat, 5 mav`iza, 3 maqolotdan tashkil topgan.
Mav’iza – o’git, qissadan hissa bo’lib, oldingi keltirilgan hikoyatdagi voqeadan kelib chiqadigan xulosa, o’git pand-nasihat ruhida ifodalanadi. Maqolotlar mav’izadan farqli o’laroq ma`lum bir mavzuga bag’ishlanadi. Maqolotlarda u insoniy sifatlardan – pastkashlik, ochko’zlik, nafrat, himmat, saxovat, iymon, e`tiqod haqida so’z yuritadi. Murojaat usuli maqolotlarda ustunlik qiladi.
Haydar Xorazmiy she`riy hikoyatlarning mohir san`atkori sifatida kichik hajmli hikoyalarda katta va muhim bo’lgan biror mavzuni yoritishga, xarakterli obraz va portretlar yaratishga muvaffaq bo’ladi. Ushbu hikoyatlarda biz Hotami Toy, Bahlul, Mahmud G’aznaviy, Sulaymon, Yoqub va Yusuf kabi a`anaviy obrazlarni, shu bilan birga, yangi hayotiy obrazlarni ko’ramiz.
«Maxzun ul-asror»da Haydar Xorazmiy ustozi Nizomiy kabi hikmatomuz misralar, baytlar keltirgan. Ushbu baytlarda shoirnng falsafiy-didaktik qarashlari o’z aksini topgan.:
Oqil agar so’z bila so’zni yopar,
Orif o’shal so’zda o’zini topar.
Dur koni qimmatki, butundir sadaf,
Kon ichida la`lg’a bormu sharaf.
Bo’lma ujuz olib og’ir sotquchi,
Unga kebak, sirkaga su qotquchi.
Dunyoda kim kuldi xush, ey xushyor,
Kim so’ngida yig’lamadi sad xazor
Odam atong’onga muruvvat kerak,
Orif-u omig’a futuvvat kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |