Mavlono Gadoyi shaxsiyati va adabiy merosi. Mazkur davrda yashab ijod etgan shoirlardan yana biri Mavlono Gadoyidir. U haqda “Majolis un-nafoyis”ning 3-majlisidada quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: “…turkigo’ydur, balki mashohirdindur (mashhurlardan). Bobur Mirzo zamonida she’ri shuhrat tutti, bir nav’i aytur va uning mashhur matla’laridin biri budurkim:
Ohkim, devona ko’nglum mubtalo bo’ldi yana,
Bu ko’ngulning ilgidin jong’a balo bo’ldi yana.
Mavlononing yoshi to’qsondin oshibdur”.28
Gadoyi devonining birgina nusxasi bizgacha yetib kelgan. Fransiyada Parij milliy kutubxonasida saqlanadigan bu nusxa Lutfiy devoni bilan birga muqovalangan. Qo’lyozma 66 varaqdan iborat. Unda shoirning 230 g’azali, 1 qasidasi va mustazodi, tortlik shaklidagi 5 ta sher’ri kiritilgan. Devonning umumiy hajmi 2974 misra.
Sultion Husayn Boyqaro shaxsiyati va adabiy merosi. XV asrning ikkinchi yarmidagi adabiy, madaniy va ilmiy muhitni maydonga keltirish, uni qo’llab-quvvatlashda temuriyzoda Sohibqiron Sulton Husayn Boyqaroning xizmatlari kattadir.
Sohibqiron Amir Temurning nevaralaridan bo’lgan Sulton Husayn Boyqaro (1438-1506) o’z hayoti va Xurosonning podshosi sifatidagi faoliyati davomida mamlakatning obodonligi, ilm, adabiyot va madaniyat rivojiga alohida e`tiborni qaratib, ustodi Abdurahmon Jomiy, do’sti Alisher Navoiy, amirlari Shayximbek Suhayliylarning qo’llab-quvvatlashlari hamda maslahatlari asosida ma`rifatparvar shoh sifatida ham tanildi. Husayn Boyqaroning bu sohadagi faoliyati uning "Risola"sida, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Alisher Navoiy asarlari va boshqa manbalarda, jumladan, "Ravzat us-safo", "Habib us-siyar"larda samimiyat bilan e`tirof etildi va keng yoritildi.
Sulton Husayn Boyqaroning ma`rifatparvar shoh sifatidagi faoliyati davrida (1469-1506) jahon madaniyati xazinasiga qimmatbaho durdonalar bo’lib qo’shilgan asarlarning mualliflari-mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Sulton Ali Mashhadiy, Husayn Voiz Koshifiylar yashab ijod qildilar.
Ana shu muhit ta`sirida Sulton Husayn Boyqaro shoir va adabiyotshunos sifatida ham shakllanib, o’sha davr adabiy jarayonida o’ziga xos mavqeni egalladi.
Sulton Husayn Boyqaro she`riyatida "Husayniy" taxallusini qo’llar edi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur shunday yozgan edi: "(Husayn Boyqaroning) tab`i nazmi bor edi… Taxallusi "Husayniy" edi".
Sulton Husayn Boyqaroning shoirligi haqida Alisher Navoiy quyidagilarni bayon etgan: "Abulg’ozi Sulton Husayn Bahodirxon… o’z sharif tab` va latif zehnlaridin dag’i agarchi ham forsiy demakka qodir va ham turkcha aytmoqqa mohir erdi, ammo asliy tab` iqtizosi va shoye` takallum munosabati adosi bila turkiy devon tadvinig’a mayl qildilar va dilpazir abyot va benazir g’azaliyot tartib berdilar… Devon demayki, bahri ummondur… Turkcha til bila bu nav` devon…voqe` bo’ldi va orag’a tushdi" (“Muhokamat ul-lug’atayn”).
Sulton Husayn Boyqaro she`riyatidan iborat bo’lgan devonning mashhur xattotlardan Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandonlar tomonidan 1485-1495 yillar orasida ko’chirgan bir necha nusxasi bizgacha etib kelib, hozir ular Parij, London, Istanbuldagi qo’lyozma kitoblar jamg’armalarida saqlanmoqda. Boshqa nusxalari ham bor. Husayn Boyqaroning devoni Boku (1926), Toshkent (1968), Kobul (1968) da nashr ettirilgan. Uning mukammalroq nusxasi Kobul nashridir.
Husayn Boyqaro devonining tarkibi quyidagicha: turkiy tilde: Risola; g’azal-202 (2), Muxammas – 3, Ruboiy-3, Fard-3, forsiy tilde: g’azal (1ta), notamom baytlar-3. Ko’rinadiki, devonda g’azallar ko’pchilikni tashkil etadi. Shunisi ham borki, bu g’azallarning hammasi aruzning bir bahrida, ya`ni ramali musammani mahzuf (maqsur)da yozilgan. Bunday hol devon tuzish tarixida kamdan-kam uchraydigan hodisadir. Shuning uchun Alisher Navoiy bu masalaga e`tiborini qaratib, uning sabablari haqida "Mezon ul-avzon" asarida so’z yuritadi.
Masalan, Alisher Navoiy bu asarda turkiy xalqlar og’zaki ijodida mavjud bo’lgan "qo’shuq" va "turkiy" kabi nav`lar haqida so’z yuritganda bu masalaga, ya`ni Husayn Boyqaro she`riyatining ularga munosabatidan ham bahs ochib, jumladan "turkiy" nav`i bo’limida shunday yozadi: "Yana surudedurkim, ani "turkiy" debdurlar. Bu lafz anga alam bo’lubdur va ul g’oyatdin tashqari dilpisand va ruhafzo va nihoyatdin mutajoiz (had-me`yordan ortiq) aysh ahlig’a sudmand va majlisoro suruddur, andoqki salotin ani yaxshi aytur elni tarbiyatlar qilibdurlar, turkiygo’ylik laqabi bila mashhurdur va ul dog’i ramali musammani maqsur vaznida voqe`dur…hazrati Sultoni Sohibqiron (Husayn Boyqaro) bu vaznning g’oyat ravonlig’ va latofatidin va ruhparvarlig’ va salosatidin o’z devonlarinki, jame`i davovin orasida badanlar aro jondekdur va kavokib ichra Xurshedi raxshondek voqe` bo’lubdur, boshtin oyoq iltizom (lozim ko’rmoq) qilib, bu vaznda tartib beribdurlar erdi". Demak, Husayn Boyqaro she`riyatining birinchi tadqiqotchisi bo’lmish Alisher Navoiy uning (devonining) o’ziga xos xususiyatlaridan so’z yuritib qolmay, balki uning sabablari va ahamiyatini ham belgilab bergan. Shunisi diqqatga sazovorki, Alisher Navoiy "turkiy" nav`ning "g’oyat ravonligi, … latofati,… ruhparvarligi va salosati" haqida alohida to’xtalib, Husayn Boyqaroning "o’z devonini… boshtin-oyoq …" bu vaznda tartib berganligini uqtirish bilan devondagi she`rlarning ham ana shunday xususiyatlarga ega ekanligiga ishora qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |