O‘zbek tili lahjalarining tarqalishi
Areal lingvistikaning asosini lingvistik tadqiqotlarda foydalaniladigan til hodisalari tashkil etadi. Shuning uchun areal lingvistikaning metodlarini farqlash muhim ahamiyat kasb etadi9.
Ular quyidagilar:
1. Muayyan til(shevalar) areali doirasida til (sheva) faktlarini qayd qilish. Bu jihatdan dialektologiya va lingvistik geografiya metodlari mos keladi. Sheva faktlarining haqqoniyligi areal lingvistikaning mukammalligini ta’minlaydi.
2.Areal lingvistika uchun tanlanadigan sheva materiallarini sharhlash. Dialektologik atlas tuzishda sheva faktlarining sharhi muhim o‘rin tutadi. Ular quyidagi aniq lingvistik vazifalarni bajaradi:
a) o‘rganilayotgan til yoki shevalarining aloqada bo‘lgan (qo‘shni) til va shevalar bilan interferensiyasi natijalarini talqin qilish. Avvalgi sahifalarda ta’kidlanganidek, o‘zbek tili qozoq, qirg‘iz, qoraqolpoq, turkman va tojik tili hamda shevalari bilan kesishgan. Shevalar kesishgan joyda har ikkala til shevalariga o‘xshamagan shevalar paydo bo‘ladi. So‘zsiz, bu shevalardagi o‘zbek tiliga xos bo‘lgan xususiyatni ajratib olish muammosi paydo bo‘ladi. Bu muammo sharhlash, talqin qilish orqali hal qilinadi. Masalan, turkman tili bilan aralash va qo‘shni yashaydigan o‘zbeklar shevasida egalik affiksi va o‘rin-payt, chiqish kelishigi o‘rtasida “n” undoshining orttirilishi izohlar yordamida oydinlashtiriladi: qo‘lida ~ əлъндə ~ älindä, qolidan ~ əлъннəн ~ älinnän va b. Qirg‘iz tilida bunday pozitsiyada interkalyar n undoshining yo‘qolib borishi ham o‘zbek tili shevalari bilan interferensiyaning natijasidir.
b) ijtimoiy omillarni hisobga olish. Interferentsiya natijalariga baho berishda turli xildagi ijtimoiy omillarni hisobga olish katta ahamiyatga egadir. Bunda ikki sheva yoki tilning interferensiya sharoitida qo‘shilib ketishi chog‘idagi til qarshiligi bo‘lishi hisobga olinadi. Bunga Qashqadaryodagi “й/j”lovchi shevalar “дж/ž”lovchi shevalarga qorishuvi natijasida “й/j”lovchi shevalar aholisining ko‘pligi tufayli “й/j”lashishning ustun kelishi misol bo‘la oladi.
d) muayyan hududda turg‘unlashmagan til hodisalarini sharhlash. Ikki sheva yoki dialektga xos xususiyatlarning shu sheva va dialektlarda qo‘llanishi hamda ulardan birining g‘olib kelmasligi interferentsiyaning tugallanmaganligini, ya’ni bir sheva ikkinchi shevaga singib ketmaganligini bildiradi. Bunga o‘zbek tilidagi “ɔ/ā”va “a”lashish, “й/j”va“дж/j” hodisasining parallel qo‘llanishi misol bo‘la oladi.
e) konvergensiya hodisalarini farqlash. Ma’lumki, o‘zbek tili taraqqiyotida shahar shevalarida ө/ö– o/o, ү/ü – y/u, и/i: - ы/ї: unlilari konvergensiyaga uchragan. Ular ham kartada izohlar bilan beriladi va hk.
3. Innovatsion markazni aniqlash. Bu tamoyil, albatta, til tarixi bilan bog‘langan. U yoki bu izoglossaning paydo bo‘lish nuqtasini aniqlashda til tarixi faktlariga tayaniladi. Ma’lumki, qadimgi turkiy tilda “й/j/-дж/ž” paralleli bo‘lmagan. Hozirgi qipchoq shevalarida va ba’zi turkiy tillarda so‘z boshida “дж/ž”ning paydo bo‘lishi ikkilamchi hodisadir. O‘zbek shevalarida “дж/ž”lashishning “й/j”lashish (qipchoq lahjasi shevalarida джaxшь ~ žaxšї o‘rnnida йaxшь ~ jaxšї) varianti paydo bo‘lmoqda hamda u tobora kengroq tarqalmoqda. Ko‘rinadiki, “й/j”ning innovatsion nuqtasi qadimgi turkiy til bo‘lgan. Hozirgi singarmonizmni yo‘qotgan shevalar ham qadimda singarmonizmli bo‘lgan. Bunda ham innovatsiya nuqtasi sifatida qadimgi turkiy til qatnashadi.
4. Til substratlari ta’sirini aniqlash. Substrat hokim til yoki shevaning qoldiqlari bo‘lib, muayyan hududda hokim til elementlari qolgan bo‘ladi. Masalan, hozirgi Xorazm shevalarida “Avesto” tilining substratlarini uchratish mumkin, jumladan, Xorazm (Hvairizm), Asfandiyor (Spandudota), Bahrom (Varxram). O‘zbek va tojik shevalari interferensiyasi sharoitida tojik shevalariga xos xususiyatlar shu shevalarda saqlanib qoladi. Bu substratlar ham izohlar bilan kartalarda aks ettiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |