Tadqiqotning metodologik asosi. Tadqiqotda milliy istiqlol g`oyasi, ilmiy-nazariy jihatdan dunyo adabiyotshunosligi va estetik tafakkurida yorqin iz qoldirgan Aristotel va Belinskiyning ilmiy fikrlari, adabiyot nazariyasiga oid fundamental tadqiqotlarga asoslangan holda ko`rilishi kerak bo`lgan masalalar yuzasidan o`zbek adabiyotshunos va tasavvufshunos olimlardan Y. E. Bertels, V.Zohidov, Natan Mallayev, B. Valixo`jayev, A. Hayitmetov, Sh. Sharipov, H.Karimov, Najmiddin Komilov, Rahim Vohidov, I. Haqqul, S. Olimovlarning ilmiy qarashlariga murojaat qilindi. Adabiyotda irfon ahli talqiniga bag`ishlangan risolalar va boshqa adabiyotlardan foydalanildi.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
1. “Lison ut-tayr” dostonining ayrim jihatlari o`rganilgan, ammo hali bu juda kam.
2. Bundan tashqari, tadqiqotda hayotiy asos (tanlangan material) va uning badiiy in`ikosidagi ulug` adib mahorati tahlil etildi.
3. Tahlilga tortilgan dostondagi obrazlar dunyosi, tarixiy shaxslar, ayniqsa, irfon ahli churuqroq o`rganildi.
4. Badiiy g`oya va uning amalga oshishida ramziy obrazlarning roli masalasiga ham diqqat qaratildi.
Tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot masalalari o`zbek adabiyoti xazinasidan o`rin olgan asarlarda tasavvuf ahli holatini ifoda etilishi, ularning badiiy qiymatini belgilab chiqish, dostondagi irfon ahlining o`ziga xosliklarini aniqlash va anglash katta ahamiyatga egadir. Tadqiqotning qoida va xulosalari tasavvuf ilmini tushunishga, dostondagi obrazlar asosida irfon ahlining umumiy manzarasini ilmiy tasavvur qilish va sharhlashga yordam beradi.
Tadqiqotning jamoatchilik e`tiboridan o`tishi. Dissertatsiya Buxoro davlat universiteti o`zbek filologiyasi kafedrasida bajarilgan.
Tadqiqotning tuzilishi. Dissertatsiya kirish, ikki bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro`yxatidan iborat, hajmi 79- bet.
I BOB
TASAVVUFNING NAZARIY ASOSLARI VA “LISON UT-TAYR”.
I.1.Tasavvuf g’oyalari va “Lison ut-tayr” dostoni
Mustaqillik davri boshlanishi bilan tasavvuf ta`limoti va tasavvuf adabiyoti vakillariga munosabat ijobiy tomonga o`zgardi. Bu qonuniy va tabiiy o`zgarish, albatta. Chunki tasavvuf va tariqatlar, tasavvuf maslagi zaminida shakllangan ma`naviy hayot bizning madaniyatimiz, tariximizda muhim mavqega ega bo`lgan. Biz nafaqat ilm-fan, adabiyot, san`at va musiqamizni, hatto tilimiz taraqqiyotini ham tasavvufdan butunlay ajratib tasavvur eta olmaymiz. Urf-odat, milliy qadriyat va muomala munosabatlarimizning ildiziga yetib borish uchun ham tasavvufga murojaat qilishga to`g`ri keladi. Sho`rolar davrida Alisher Navoiy asarlari garchi o`rganilgan bo`lsa-da, ammo ko`proq o`sha davr mafkurasiga moslashtirish, Navoiyni kommunistik g`oyalarni tasdiqlashga xizmat qildirish bor edi. Ammo biz uchun ulug` Navoiy bor bo`yi bilan qadrdon va zarur, Biz endi ulug` shoirni “kerakli” va “keraksiz” qismlarga ajratmaymiz. Endilikda biz uning merosxo`rlari sho`rolar mafkurasi oqibatida yo`qotgan qadriyatlarimiz, lat yegan, kemtik bo`lib qolgan ma`naviyatimizni qayta tiklashda Alisher Navoiy kabi ulug` zotlarimiz ijodidan madad, kuch olamiz, uni to`liq holda, xolisona o`rganib, bahramand bo`lamiz. Bunga to`la imkoniyatlar mavjud. Milliy-ma`naviy tiklanish siyosatimizning ustuvor yo`nalishi qilib belgilangan ekan, bunda birinchi navbatda Navoiyni o`zlashtirish, Navoiy ma`naviy xazinasini yangidan kashf etib, hayotimizga olib kirish asosiy vazifa bo`lishi lozim. [26; 6]
Yurtboshimiz ta`kidlaganlaridek, adabiyot, so`z san`ati azaldan xalq qalbining ifodachisi, haqiqat va adolat jarchisi bo`lib keladi. [6; 136-137] Xususan, mustaqillik yillarida yurtimizda ma`naviyatimizning g`oyat muhim va uzviy qismi bo`lgan adabiyotni rivojlantirish, yozuvchi va shoirlarning xizmatini qadrlashga katta e`tibor berilayotgani diqqatga sazovordir. Shuningdek, yoshlarimizga Navoiyni anglash, ulug` adibning insonparvar g`oyalarini yosh avlod qalbiga singdirish zarur. Chunki bugungi kunda insonning aqliy kashfiyoti behisob hayratlanarli bo`lsa ham, insoniyat ma`naviyat kamoloti jihatidan juda ilgarilab ketgan emas. Agar biz Navoiy ma`naviyati cho`qqisidan qaraydigan bo`lsak, anchagina orqada qolib ketganimiz ma`lum bo`ladi. [26; 6] Shuning uchun Navoiyga qaytish Navoiy olamini yangidan kashf etishning zarurati va ahamiyati katta. Navoiydan insonga muhabbatni, hayotga muhabbatni, futuvvatni, javonmardlik, vafo va sadoqatni o`rganishimiz lozim. Alisher Navoiy asarlarida hamma narsa inson qalbi go`zalligi, inson axloqi kamoloti nuqtai nazaridan olib qaraladi.
Alisher Navoiyning islomga munosabatiga bir nazar tashlaylik, ulug` shoir uchun Olloh – olam yaratuvchisi, olamni yaratishdan ma`sad esa – odamni – jami maxluqot gultojini yaratish. Buyuk mutafakkir mana shuni to`g`ri anglashni iymonning asosi deb biladi va islomga ulug` shoir ma`rifat deb qaraydi, ya`ni dunyoni Ollohni va o`zlikni bilish ma`rifati deb biladi. Tasavvuf oddiy qilib aytganda Sharq falsafasi bo`lib hisoblanadi. Tasavvuf ta`limotida insoniyat har tomonlama tarbiyalanadi. Shuningdek, tasavvuf bir tomondan din va shariat, ikkinchi tomondan, falsafa va hikmat ilmi bilan bog`liq holda rivojlanib kelgan o`ziga xos ta`limotdir.
Tasavvufning Sharqda keng tarqalishiga sabab uning arab, fors va turkiy tillarda buyuk bir she`riyatni vujudga keltirishidir. VIII-IX asrlarda Robiya Adaviya, Mansur Xalloj singari ulug` so`fiylar ijodi bilan boshlangan so`fiyona ash`or XII asrlarga kelib ulkan bir adabiyotga aylandi, o`ziga xos obrazlar, timsollar olami, alohida ramzlar, uslub va usullar shakllanib bordi. Olimlar tasavvufning adabiyot bilan yaqinlashish sabablarini ko`proq so`fiylarning raqs-u samo majlislari bilan bog`laydilar. Biroq aytish kerakki, sabab faqat shundan iborat emas. To`g`ri, tasavvuf shayxlari muridlariga ta`sir etish uchun ruboiy, g`azal kabi kichik she`riy janrlardan foydalanganlar. Ba`zan o`zlari so`fiyona g`oyalarga mos asarlar ijod qilib, ko`p hollarda xalq orasida yurgan og`zaki ijod namunalari va mashhur shoirlarning she`rlaridan foydalanib, suhbatlarini qizitganlar, so`zlariga yangi ma`no berib, so`fiyona g`oyalar ruhida talqin va tafsir etganlar. O`z o`rnida adabiyot ham tasavvufga qarab intilgan. Tasavvuf g`oyalari keng tarqalgandan keyin u ba`zi shoirlar qalbini rom etgan. Tasavvufning pok ilohiy ishq haqidagi, haq va haqiqat, chin insoniy xislatlar haqidagi g`oyalari she`riyat g`oyalariga aylanadi – shoirlar qizg`in ruh, ko`ngil amri bilan irfoniy g`oyalarni qo`llaydilar. Bu bekorga emas edi. Chunki inson qalbiga yo`l badiiy adabiyot orqali topiladi. Tasavvufning behudlik va ishq, soflik, adolat va haqiqat timsoli – Mutloq Ilohga muhabbat zavqi ijod ahliga qattiq ta`sir etdi. Insoniyat g`ami bilan qalbi dardga to`lgan isyonkor ruhdagi shoirlarni bir ohanraboday o`ziga tortib o`rtanishli, his-hayajonga serob, ajoyib she`riyatni vujudga keltiradi. Bu yo`nalishda ijod qilayotganlarni so`fiy shoirlar, adabiyotini esa so`fiyona adabiyot deb yuritish an`anaga aylanadi. So`fiyona adabiyotning tasvir mavzusi tariqat yo`li bilan tiklanayotgan va tinmay komillik sari taraqqiy etayotgan inson bo`lib, tasavvufiy adabiyotda mana shu inson tuyg`ulari, kechinmalari, tushunchasi tasvir etgan. Tasavvufiy asarlar to`rtliklar, g`azallar, ruboiy kabi janrlardan tortib hatto dostonlargacha bitila boshlandi. Bu esa tasavvufiy adabiyotning qanchalik keng quloch yoyganini ko`rsatadi. Bunga yaqqol misol qilib XI asrda yashab ijod etgan ijodkor Yusuf Xos Hojibning “Qutadg`u bilig” dostonini keltirish mumkin. Tasavvufiy adabiyot ham ramzlar, majozlar orqali ish ko`radi. Didaktik adabiyot namunasi hisoblanmish ushbu doston ham ramziylikka boy, tarbiyaviy asar hisoblanadi, quyidagi bayt fikrimizga yaqqol dalil bo`la oladi:
Bu dunyo, davlat bevafo, u yashnatadi va buzadi,
U shunday beqarorki, jam bo`lgach yana to`zib ketadi.
Sen bu baxtga inonma, andishali bo`l, yaxshilik qil,
Baxt bugun bunda bo`lsa, ertaga unda deb bilgin. [35; 139]
Hammamizga ma`lumki, Yusuf Xos Hojibning ushbu asarida to`rtta ramziy obraz asosida butun asarning g`oyasi ochib beriladi. Yuqoridagi baytda shu ramziy obrazlardan biri Oyto`ldi tilidan aytilgan bo`lib, mol-davlatga berilmaslikka da`vat etadi. Boylik bugun birov qo`lida bo`lsa, ertaga yana boshqa birovning qo`liga o`tib ketadi. Boylik ustun bo`lgan joyda odamgarchilik yo`qoladi. Adib davlatni koptokka o`xshatadi:
To`p o`rinsiz dumalab yurgani kabi,
Men, davlat ham uning kabi kezaman. [35; 155]
Keltirilgan iqtibosdan shu narsa oydinlashadiki, haqiqatda mol-davlat koptokka o`xshab bir joyda turmaydi. U dumalab bir joydan ikkinchi joyga o`tib yuradi. Shuning uchun muallif davlatni Oyto`ldi deb nomlayaptiki, bunda ham ramziylik bor. Chunki oy gohi yarim, gohida to`lib turadi. Bu tabiiy jarayondan esa muallif mohirona foydalana olgan.
Shuningdek, tasavvufda insondagi xush muomalalik, kamtarlik, xokisorlik, to`g`rilik kabi sifatlar ulug`lanadi. Yuqorida so`z yuritgan asarimiz “Qutadg`u bilig” da ham ayni shu jihatga e`tabor berilgan. Asarda Oyto`ldi tilidan aytilgan quyidagi baytda shunday ifodaning guvohi bo`lishimiz mumkin:
Menga erishuvchi kishi zarif bo`lishi kerak,
Ko`ngi muloyim, so`zi, tili yumshoq bo`lishi kerak.
O`zini ehtiyot tutsa, zinhor mag`rurlanmasa,
Yovuz va yaramas ishlarga yaqin turmasa,
Mag`rurlik bilan kishilarga qasd qilmasa,
O`zidan kichiklarni kulib oyoq osti qilmasa.
Qo`lda va tilda hiyla, nayrang qilmasa,
Xulq, atvorini to`g`ri tutsa. [35; 161]
Ko`rinadiki, muallif davlat va baxtga erishuvni istagan kishi, avvalo, ko`ngli toza, dili sof bo’lishini istaydi, bunday inson g`ururlanmasa, o`zidan kichiklarga ozor bermasa, yomonlikdan yiroq yursa va tili, dilida hiyla-nayrangdan uzoqroq bo`lsa, u chinakkam baxtli va badavlat inson bo`la oladi. Shu o`rinda Yusuf Xos Hojibning “Qutadg`u bilig” dostonini ilk tasavvufiy g`oyalar ilgari surilgan asar deyishimiz mumkin. Xuddi shunday tasavvufiy g`oyalar ilgari surilgan, mumtoz adabiyotimizning go`zal namunalaridan biri “Devoni hikmatlar” dir. Bu asar muallifi Ahmad Yassaviy bo`lib, mutaxassislar uni XI asrda tug`ilgan degan fikr bildirishadi. Bunday fikrlarning kelib chiqishiga sabab adib Yusuf Hamadoniyning qo`lida tahsil olganligi ma`lum. Yusuf Hamadoniy esa 1048-yilda tug`ilgan. Ahmad Yassaviy ijodida tasavvufona g`oyalar yaqqol ko`zga tashlanadi. Tasavvufda muridning tilagi haqqa, Alloh vasliga erishmoqdir. Buning uchun solik, ya`ni tariqatning yo`liga kirgan kishi, boshqacha aytganda faqir muayyan bosqichlarni bosib o`tishi kerak. Bular: shariat, tariqat, ma`rifat, haqiqat. Ahmad Yassaviy ushbu bosqichlarning har biriga she`riy usulda ta`rif bergan:
Tariqatga shariatsiz kirganlarni,
Shayton kelib iymonini olur emish.
Ushbu yo`lni pirsiz da`vo qilg`onlarni,
Sarson bo`lib aro yo`lda qolar emish.
Tariqatga siyosatliq murshid kerak,
Ul murshidga e`tiqodliq murid kerak.
Xizmat qilib pir rizosin topmoq kerak,
Mundoq oshiq haqdin ulush olur emish. [11; 36]
Tasavvufda insonning ma’naviy kamolotga tetkazuvchi eng yuqori bosqich haqiqat bo`lsa, uning boshlanishi shariatdir. Undan keyingi bosqich esa Alloh ishqi tomon olib boradigan yo’l ma’nosini o’zida mujassam etgan tariqatdir. Keyingi bosqich esa Allohni tanish bosqichi bo’lib, u ma’rifat deb nomlanadi. Adib esa tariqatga shariatsiz kirib bo’lmasligini aytib, bu yo’lda siyosatli pir, ya’ni ustoz lozimligini ta’kidlaydi. Ulug’ shoir bu bilan tasavvuf Qur’oni karim va hadisi sharifning umumbashariy g’oyalarini o’zida mujassam etganligi, muqaddas dinimizda insonni yuksak axloqiy fazilatlat sohibi bo’lishga da’vat etilganligiga ishora qiladi. Tariqatda shunchaki shogird tushishning o’zigina kifoya qilmaydi. Buning uchun solikda o’z maqsadiga nisbatan komil ishonch bo’lishi va bu yo’lga sobit e’tiqod bilan kirishib, har qanday mashaqqat-u qiyinchiliklarni yengib o’tish talab etiladi.
Tasavvuf deyilganda, bugun har kim o’z saviyasi va nuqtayi nazari darajasida fikrlaydi va so’z aytadi. Ammo bu fikr va mulohazalarning aksariyatida umumiy bir o’xshashlik bor. Bu o’xshashlik esa ilmning tasavvufdagi o’rni, mavqei va tasavvuf ta’limotining ilm-fan taraqqiyotidagi xizmatlarini hisobga olishga borib taqaladi.. Ko’p hollarda tasavvuf deganda faqat dinni yoki din yo’liga kirgan kishilarni tushunishadi. Bu bir yoqlama qarashdir. Chunki tarixdan ma’lumki, tasavvufiy ijodkorlarning ko’pchiligi ham diniy, ham dunyoviy bilimlarning nuktadoni bo’lishgan. Bulardan Zunun Misriy, Shohin al-Xilvatiy kabi kimyo ilmining bilimdonlari, shuningdek, Abdurahmon as-Sufiy, Ibrohim Haqqiy kabi astronomlar va fanning boshqa tarmoqlari bo’yicha bir qancha mutaxassislar yetishib chiqqani fikrimizning dalilidir. Bundan ko’rinadiki, tasavvuf shunchaki din emas, u ilm-ma’rifat orqali insonga o’zligini tanishtirishdir. Allohni tanish o’zini tanish hisoblanadi. Adib Ahmad Yassaviy hikmatlaridan biri misolida fikrimizga oydinlik kiritamiz:
Ma’rifatni bo’stonida jonin burg`on,
Muhabbatning maydonida bosh o’ynog’on,
Haqiqatning dunyosidin gavhar olg’on,
G’avvos yanglig’ ul dunyodin chiqmas bo’lur. [16; 155]
Keltirilgan baytdan ma’lum bo’ladiki, jon-jahdi bilan ilm-ma’rifatni o’rgangan va shu yo’lda borini ayamagan inson asl haqiqatni anglay oladi. Xuddi g’avvos dengiz ostidagi durni topgach, shu ishini davom ettirgani kabi ilm yo’liga kirgan va uning mohiyatini ocha olgan inson har qanday qiyinchilikda ham bu yo’ldan chekinmaydi. Ushbu hikmatdagi “Muhabbatning maydonida bosh o’ynog’on” misrasidan anglash mumkinki, unda tasavvufning ma’rifat bosqichi haqida so’z yuritiladi. Tasavvuf adabiyotida muhabbat Ollohga bo’lgan muhabbatdir. Bu ilm ramzi, chunki yaratganni faqat ilm orqali tanish mumkin. Bundan tashqari, tasavvufda halollik, adolatli bo’lish, xushmuomalalik, to’g’rilik, umuman, insonni komillik sari yetaklovchi xususiyatlar jamlangan bo’lib, unda inson nafsdan tiyiladi, halollik bilan kelmagan mol vafo qilmasligini tushunadi. Harom, yolg’on jazosiz qolmaydi. Shu bois kishi vijdonan, iymon-e’tiqodidan og’ishmay halollikka qat’iy tayanib yashashi kerak. Ahmad Yassaviy ijodida ham ana shunday mulohazalardan yiroq bo’lgan, mol-dunyoga hirs qo’ygan kishilar qoralanadi. Mutasavvif shoir hikmatlaridan birida shunday insonlar o’limtikxo’r qushga qiyos etilgani diqqatga sazovordir:
Dunyo mening degonlar, jahon molin olg`onlar,
Karkas qushdek bo’lubon, ul haromga botmishlar. [16; 196]
Keltirilgan iqtibosda shu narsa anglashiladiki, mol-dunyoga mukkasidan ketib, nihoyatda berilgan kishilar karkas qushdek haromga botganlarni xotirga keltiradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, karkas qushi o’limtiklar bilan oziqlanadi. Shariyat o’lgan hayvonlar-u parrandalarning go’shtidan oziqlanishni qat’iyan man etadi. Dunyo boylikklariga berilgan kishilar ham halol va haromning farqiga bormaydilar. Karkas uchun o’limtik qanday oziqa bo’lsa, iymon-e’tiqodsiz, nafsning quli bo`lganlar uchun ham mol-dunyo ana shunday holda namoyon bo’ladi. Aslida, esa inson bunday narsalardan hazar qilishi lozim.
Tasavvuf ramzlar, majozlar orqali ish ko’rgani uchun ham biz ko’ra olmagan ma’lum bir voqelikni bizga mana shu ramzlar orqali yaqqol tasvirlab beradi. Sharq adabiyotining taniqli namoyandalari Jaloliddin Rumiy, Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi ko’plab ulug’ mutasavvif shoirlar ijodida ayni holat tez-tez uchrashiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” va “Lison ut-tayr” kabi dostonlarida yuqorida nomlari keltirilgan salaflar adabiy merosida kuzatilgani kabi irfoniy-falsafiy fikrlar she’riy satrlar orqali o’quvchiga yuqtiriladi. Shuningdek, juda ko’p masal va hikoyatlar, ramziy tashbehlar keltirilib, kitobxonga juda go’zal tasvirlab beriladi. “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr” kabi dostonlarda ishtirok etuvchi personajlar ham ramziy: Hudhud – pir, ustoz timsoli bo’lsa, o’ttiz qush solik muridlar timsoli bo’lib hisoblanadi. Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonisiz Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonini tasavvur etish qiyin. Bu ikki asar markazida ham yetti vodiy tasviriga diqqat qaratilgan bo’lib, tariqat yo’liga kirgan shogird ruhining yetti xil tovlanuvchi manzarasi – Allohga yetishishning ma’naviy kamolot bosqichlari sifatida talqin etiladi. “Lison ut-tayr” da oltmishdan ortiq har xil hikoyatlar bor. Ularda tariqat va shariat, irfoniy bilish masalalari bilan bog’liq bo’lgan, shuningdek, inson axloqiga oid masalalar qalamga olinadi. Hikoyatlarning ko’pchiligi xalq og’zaki ijodidan olingan, ammo ulardan kelib chiqadigan xulosalar so’fiyona ma’nolar talqiniga moslashtiriladi. Masal va hikoyatlar axloqiy mavzular, chunonchi, nafsning yomonligi, dunyoga mehr qo’yishning arzimasligi, xasislik halokati, saxiylik sharofati, sadoqat, vafo va boshqa jihatlar haqida fikr yuritiladi. Umuman, so’fiyona adabiyotda o’git ohangi, pand-u nasihat yetakchilik qiladi. Bu tabiiy, chunki shayxlar o’z muridlarini suhbat orqali, nasihat qilish orqali tarbiyalaganlar. Ayni ana shu suhbatlarda hikoyatlar, she’riy parchalardan foydalanilgan. Bunday adabiyotning o’ziga yarasha ta’sir kuchi va jozibasi bor. Alisher Navoiy asarlarida insonning Olloh tomon ko’tarilishi asosiy g’oya hisoblanadi. Ulug’ shoir shu yo’l iztiroblari va martabalarini turli vositalar yordamida tasvirlaydi. Buyuk mutafakkir “Xamsa” dostonlaridagi singari “Lison ut-tayr” da ham oddiylikdan murakkablikka, dag’allikdan yumshoqlikka, nodonlikdan donolikka, oddiy iymonlilikdan irfoniy iymonga o’sib chiqish holatlarini tasvirlaydi. Bularning hammasi tagzaminida insonning o’zini anglash holati yotadi. Bir so’z bilan aytganda, Alisher Navoiy insonlar yuziga ko’zgu tutadi. Biz so’z yuritmoqchi bo’lganimiz “Lison ut-tayr” dostoni mana shunday ma’rifiy-badiiy asarlardan biridir. Alisher Navoiy ushbu dostoni orqali o’zining irfoniy qarashlarini nazokat bilan ko’rsata olgan va jonli obrazlar orqali insonlar qalbiga, ong-u shuuriga singiydigan holatda tasvirlagan. Ulug’ shoirning ushbu dostoni orqali irfon ahlining betakror ilm-u ma’rifatidan bahra olishimiz mumkin deya to’la ishonch bilan ayta olamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |