Tayanch tushunchalar: Turоnzamin, qadimgi madaniy markaz, qadimgi davrlardan eramizning VIII gacha Markaziy Оsiyoda yashagan хalqlar madaniyati, yozuvi va san’ati, qadimgi shumеr madaniyati va turkiy qavmlar tariхi, “Bilgamish” dоstоnining turk хalqlari epоsiga munоsabati, eng qadimgi оg‘zaki adabiy yodgоrliklar, ularning asоsiy manbalari, mif va afsоnalar qadimgi hayot aksi, tabiat haqidagi tasavvurlarining badiiy ifоdasi, mif va afsоnalarda badiiy хayolоtning o‘rni, Хitоy manbalarida Markaziy Оsiyo хalqlariga dоir ma’lumоtlar, qahramоnlik epоsi, Markaziy Оsiyo epоslar vatani ekanligi, Sharq epik adabiyotining mashhur qahramоnlari, qadimgi qahramоnlik epоsining yunоn manbalari оrqali yеtib kеlgan namunalari: «To‘maris», «SHirоq» xalq qissalari haqida ma’lumоt, Iskandar to‘g‘risidagi qissalar, uyg‘ur yozuvidagi yodgоrliklar, «Dеvоnu lug‘atit turk» asari оrqali bizgacha yеtib kеlgan badiiyat namunalari, Alp Erto‘nga marsiyasi, qadimgi afsоna va qo‘shiqlar pоetikasi, «Dеvоnu lug‘оtit turk»da munоzara janrining ilk ildizlari, «Dеvоn»dagi хalq maqоllari pоetikasi, qadimgi turk mоniylik adabiyoti, Mоniy va uning ta’limоti хususiyatlari, Mоniylik - zardushtiylikning mahsuli sifatida, Mоniylik shе’rlarining mavzui, «Хuastuanift» (Mоniylarning tavbanоmasi) asarining o‘ziga хоs хususiyatlari, Budda mazmunidagi turkiy adabiyot, Markaziy Оsiyoda buddaviylikning хоs хususiyatlari, «Оltun yoruq», «Shahzоda va bars» afsоnalari.
Turon insoniyat madaniyati tarixining qadimiy go‘shalaridan biridir. Arxeologik kuzatishlar bu zaminda uzoq o‘tmishda ham kishilar yashashi uchun tabiiy sharoit mavjudligini tasdiqlaydi. Boysun tog‘larining Teshiktosh darasida 8-9 yoshli bolaning bosh suyaklari topilishi fikrimizning yorqin dalilidir. Insoniyat tarixining ilk davrlari haqida ma’lumot beruvchi ushbu ashyoviy dalil neondertal odam zoti avlodidan bo‘lib, yovvoyilik davrining quyi pog‘onasida yashab o‘tganligi aniqlandi (O‘zbek adabiyoti tarixi 1-tom, Toshkent.: 1977, 19-bet). Umuman, Markaziy Osiyo hududida eramizdan ko‘p ming yillar ilgari odamlar yashagan, degan fikrlar mavjud. Kishilik jamiyati taraqqiyoti bilan o‘lkamizda ilm-fan, madaniyat va san’at rivojlanib bordi. Xalqimiz madaniyati tarixi haqida yunon, xitoy, hind va arman tarixchilari kitoblarida, "Avesto", Behustun, Bundaxishin, O‘rxun-Enasoy yodgorliklari kabi bir qancha manbalar va Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Narshaxiy singari ulug‘ olimlarimizning asarlarida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
Qadimgi Turon hududi eramizdan oldingi birinchi ming yillik o‘rtalarida Baqtriya, Marg‘iyona, So‘g‘diyona, Xorazm, Parfiya, Amudaryoning quyi oqimi, Zarafshon vohalari, Parkana (Farg‘ona) va boshqa joylardan tarkib topgan edi. Bu yerlarda til va turmush tarzi jihatidan bir-biridan uncha farqlanmagan massagetlar, xorazmiylar, sug‘dlar, parfiyanlar kabi qabila va elatlar istiqomat qilishib, ba’zan ko‘chmanchilik, ba’zan esa o‘troq holda kun kechirishgan. Bular ibtidoiy jamoa tuzumi davrida ovchilik va baliqchilik, keyinchalik esa chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Dehqonchilik, asosan, toshqin suvlardan foydalanish asosida tog‘ yon bag‘irlarida va soylik joylarda rivojlangan. Jamiyatning ijtimoiy va iqtisodiy, siyosiy-tarixiy, axloqiy-madaniy taraqqiyoti natijasida dehqonchilikda sun’iy sug‘orishdan keng foydalanila boshlandi. Bunday jarayonning tadrijiy takomili ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirdi. Natijada katta qabilalar ittifoqi, quldorlik davlatiga asos solindi. Kishilarning bu shakldagi uyushmalari ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi. Kanal qazish, to‘g‘onlar qurish, sug‘orish shahobchalarini tozalash, mudofa inshootlarini qurish kabi ishlar amalga oshirildi.
Markaziy Osiyo xalqlari juda qadim zamonlardan yozuvdan ham foydalanib kelishgan. Turon, Eron va ularga tutash o‘lkalarda dastlab oromiy yozuvi qo‘llanilganligi juda ko‘p manbalarda qayd etiladi. Greklar tomonidan Markaziy Osiyoning zabt etilishi bilan grek yozuvi ham e’tibor paydo qila boshladi. Olimlarning fikricha, oromiy, grek, forsiy mixxat yozuvlari ma’lum davrlar mobaynida ma’muriy hujjatlarda qo‘llangan.
"Avesto", Xorazm, so‘g‘d, kushon, run (O‘rxun-Enasoy), uyg‘ur yozuvi va boshqa shunga o‘xshash yozuvlar esa eramizdan avvalgi birinchi ming yillik o‘rtalarida asta-sekin oromiy yozuvi negizida paydo bo‘lgan mahalliy yozuvlardir.
So‘g‘d xati negizida, O‘rxun-Enasoy yozuvi, bilan oldinma-keyin, vujudga kelgan yozuv uyg‘ur yozuvi nomi bilan shuhrat topdi. Sharqiy Turkiston, Movarounnahr va Xurosonda uyg‘ur yozuvi juda uzoq yillar tatbiq etildi. Arablar istilosidan so‘ng yurtimizda arab yozuvi joriy etilgan bo‘lsa-da, temuriylar davriga qadar uyg‘ur yozuvidan foydalanildi. Yusuf Xos Hojib "Qutadg‘u bilig" dostonining Venadagi kutubxonada saqlanayotgan nusxasi, Ahmad Yugnakiyning "Hibatul-haqoyiq" asari, Xorazmiyning "Muhabbatnoma"si, Lutfiy va boshqa shoirlarning ayrim she’rlari uyg‘ur yozuvida yozilgan. Ilm-fan, madaniyatimiz tarixida arab yozuvi muhim ahamiyat kasb etadi. VIII asrdan keng tarqala boshlagan arab yozuvidan o‘zbek xalqi taxminan 1200 yil davomida istifoda etdi. Yusuf Xos Hojib "Qutadg‘u bilig" dostonining Namangan va Qohira shaharlarida saqlangan nusxalari arab yozuvida bitilgan eng qadimiy turkiy yodgorlik sanaladi. Ko‘rinadiki, Markaziy Osiyo xalqlari yozuvdan juda qadim zamonlardan, eramizdan avvalgi birinchi ming yillik o‘rtalaridanoq foydalana boshlashgan va u madaniyat, ilm-fan, jumladan, adabiyotning rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
1932-yilda Termiz yaqinidagi Ayritoshdan toshga ishlangan uch cholg‘uchi ayol surati topildi. Ularning qo‘llaridagi musiqa asboblari rubob, arfa va do‘mbiraga juda o‘xshab ketadi. 1945-1947 yillarda ochilgan Tuproqqal’a saroyidagi III asrga mansub devor naqshlari va haykallar, shuningdek, shu yerdan topilgan arfa chaluvchi qiz surati qadimiy Turonda tasviriy san’at, naqqoshlik va musiqa qadimiy taraqqiyot bosqichini o‘tganligidan yorqin dalolatdir. 1938-yilda Buxorodan uncha uzoqlikda bo‘lmagan Varaxsha saroyidagi II-VI asrlarga tegishli naqshlar va manzarali o‘yma bezaklar ham shunday tasavvur hosil qilishga imkon beradi (Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi. Toshkent.: 1976, 35-37 -betlar).Qadimgi shumеr madaniyati va turkiy qavmlar tariхi ma’lum ma’noda bog‘liq. “Bilgamish” dоstоnining turk хalqlari epоsiga munоsabatini unda ham “Avesto”da kabi ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik o‘rtasida kurash borishi va yaxshilikning g‘olib chiqishi haqida gapirilganida ko‘ramiz. Shumer madaniyati eramizgacha IV-I asrlarda yashagan xalqlar madaniyatidir. Bular Mesopatamiya – Tigr va Yevfrat daryosi oralig‘ida yashagan, Buyuk Shumer davlatini tuzganlar. Ular bir tomondan, fan, adabiyot va san’atning yuksak darajadaligi bilan xarakterlanadi, ikkinchi tomondan, diniy mafkuraga ega edilar. Mesopatamiyaning qadimiy madaniyati shumer-akkad (territoriyaning janubiy va shimoliy qismlari nomidan olingan) madaniyati deyiladi. Ko‘plab manbalar shumerlarning astronomiya va matematikadagi yuqori muvaffaqiyatlari, binokorlik san’ati(1-zinasimon piramidani shumerlar qurishgan) haqida guvohlik beradi. Ular qadimiy kalendar, retseptlar ma’lumotnomasi, kutubxona katalogi muallifidirlar. Shumerlarning jahon madaniyatidagi eng salmoqli durdonasi “Bilgamesh” dostonidir. Bu “Gilgamesh haqida doston” («все видевшем») — yer yuzidagi qadimiy epik dostondir. Doston qahramoni, ko‘p sonli xavf va dushmanlar bilan kurashib yenggan yariminson-yarimxudo hayot mohiyati va yashash quvonchini anglaydi, dunyoda 1-bo‘lib g‘amni biladi. Mixxatga yozilgan(xati ponaga o‘xshash yozuv)turli tillarda gaplashadigan Messopatamiya xalqlari yozuv sistemasida, “Bilgamesh” dostoni Qadimgi Vavilon madaniyatining buyuk yodgorligidir. Qadimgi Vavilon podsholigi shimol va janub - Shumer va Akkad viloyatini birlashtirib, qadimgi shumerlar madaniyatining vorisi bo‘lib qoldi. Vavilon shahri Xammurapi(1792-1750) poytaxt qilgan davrda gullab yashnadi. U dunyoda 1- qonun muallifi sifatida ulug‘lanadi(shundan bizgacha “qonga qon, jonga jon” ifodasi yetib kelgan). Shumerlar madaniyati madaniy jarayonning bir-biriga zid tipiga misol bo‘la oladi. Aynan jadal o‘zaro ta’sir, madaniy vorislik, o‘zlashtirish va meros bo‘lib qolishlik. Vavilonliklar pozitsion hisob sistemasini, vaqtni aniq o‘lchash sistemasini(ular 1 soatni 60 minutga minutni 60 sekundga bo‘lishgan), maydonni, geometrik figuralarni o‘lchashni, planetalarni yulduzlardan farqlashni jahon madaniyatiga olib kirishgan. 7 kunlik haftani joriy qilib, har bir kuniga alohida Xudoga bag‘ishlashgan. Roman tillarida hafta kunlari nomi saqlanib qolgan. Avlodlarga astrologiyani osmon yoritgichlari joylashuvining inson taqdiri bilan bog‘liqligi ilmini meros qoldirishgan.
“Bilgamish” dostoni shumer afsonalarining yig‘indisi bo‘lib, so‘ng akkad tiliga o‘tkazilgan. Epos yozilgan taxtacha(tunuka) shoh Ashshurbanapal kutubxonasidan topilgan.Eposda afsonaviy podsho Uruk Bilgamesh va uning yovvoyi do‘sti Enkidu va mangulik sirini izlashlari hikoya qilinadi. Shuningdek, “Enuma elish” shumer-akkad kosmogonik eposi, 24 kitobdan iborat o‘z davrining qomusi bo‘lgan tablichkalar seriyasi “Urra-Xubullu” ham mavjud.
“Bilgamish” dostoni («Эпос о Гильгамеше») Bilgamish haqidagi alohida shumer rivoyatlari yig‘ilib, akkad eposida qayta ishlangan. Epik poemaning uch versiyasi saqlangan. Eng qadimiysi eski vavilon versiyasi bo‘lib, 5 tablichka fragmenti - 2-,3-,4-,5-,10-,mashhur Meysner tablichkasi, saqlanib qolgan, Britaniya muzeyida. Ular eramizgacha XVIII—XVII asrlarga tegishli, aftidan, matn eramizgacha 3-ming yillikka kiradi.
Eramizgacha 2-ming yillikka tegishli Yaqin Sharqda keng tarqalgan Periferiy versiyasida ko‘p fragmentlar saqlanib qolgan. Dostonning nisbatan to‘liq va oxirgi versiyasi er.av.VII asrga tegishli assiriy shoh Ashshurbanapal kutubxonasidan topilgan Ninevskiy versiyasidir. 11 taxtachadan iborat poemaning o‘nga yaqin nusxasi topilgan. Bu versiya olim (заклинателем”) Sinlikiunninni tomonidan tuzilgan deb hisoblashadi. U eski vavilon versiyasisini tahrir qilib, ayrim so‘z va ifodalarni almashtirgan. Er. Av.VIII asr oxirida matnlarni qayta yozuvchi assiriy Nabuzukupken Ninevskiy versiyaga Enkiduning quyi olamga safar qilishini hikoya qiluvchi 12-tablichkani qo‘shgan. Bu “Bilgamish, Enkidu va quyi olam” nomli shumer mifining so‘zma-so‘z tarjimasi bo‘lib, doston kompozitsiyasiga bog‘liq emas, ammo mangulik izlash mavzusida.
Doston I.M.Dyakonova tarjimasida ruschada nashr qilingan. Qiziquvchilar o‘quv-uslubiy majmuaning “O‘quv materiallari” qismida tarjima bilan to‘liq tanishishlari mumkin. Matn Nineviyada Ashshurbanapal kutubxonasidan topilgan sopol tunukalarga muvofiq qismlarga ajratilgan.
Dastlab og‘zaki shaklda paydo bo‘lgan badiiy ijod yozma adabiyotning vujudga kelishi uchun keng imkoniyat yaratdi. Xalq og‘zaki ijodiyotining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u ilk yaratilgan shaklini to‘la saqlab qolmay og‘izdan-og‘izga, avloddan-avlodga, davrdan-davrga o‘tib sayqallashib boradi. Shu yo‘sinda badiiy ijod asarlarining turli variantlari vujudga keladi. Uzoq o‘tmishda ajdodlarimiz tomonidan ijod etilgan badiiy so‘z namunalarining ko‘pchiligi tabiiyki unutilib yuborilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, ba’zi tarix kitoblari, ilmiy asarlar, yozma yodgorliklar va boshqalar ilk og‘zaki badiiy ijod haqida ma’lum taassurotlarni hosil qilishimizga asos bo‘ladi. Bular Gerodot, Polien, Xores Mitilenskiy kabilarning tarixiy asarlari, shuningdek, o‘rta asrlar tarixchilari Hamza Isfahoniy, Tabariy, Ma’sudiy, Beruniy, Saolibiy, Bal’amiylarning ilmiy, tarixiy kitoblari va tazkiralaridir. Mazkur tarixiy-ilmiy asarlarda xalq og‘zaki ijodining ayrim namunalarining mazmuni hikoya qilingan bo‘lsa, ba’zilaridan namunalar keltirilgan. Bulardan tashqari, "Avesto", "Behustun", "Bundaxshin", "Denkard" singari yozma yodgorliklardan ham qadimgi folklor namunalari o‘rin olgan. Mashhur tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariyning "Devonu lug‘otit turk" asarida qadimgi turkiy xalqlar og‘zaki ijodining qo‘shiq, lirik she’r, maqol kabi janrlaridan namunalar keltiriladi. Qadimgi mif va afsonalar Firdavsiyning "Shohnoma"sida qayta ishlandi. Arab tilida yirik tazkira yaratgan Abu Mansur as-Saolibiyning “Yatimat-ad dahr” (961-1038) asarida o‘sha qadimiy madaniy-obidalarning namunalari keltirilgan. To‘la nomi "Yatimat ad-dahr fi mahosini ahli asr" ("Asr ahlining fazilatlari haqida zamonasining durdonasi") bo‘lgan bu tazkiraning Qohira nashri 1801 sahifani tashkil etadi. Tazkira to‘rt qismdan tarkib topadi. Uning oxirgi fasli O‘rta Osiyoda nash’u namo topgan ijod axliga bag‘ishlangan bo‘lib, ular 124 adibdir. Bizgacha yetib kelgan qadimgi xalq og‘zaki ijodi namunalari miflar, afsonalar, qo‘shiqlar, lirik she’rlar, qahramonlik eposlari va boshqa shakldagi adabiy asarlardan iboratdir.
Mif va afsonalar. Tabiatning mo‘jizaviy siru sanoatlari oldida juda ojiz qolgan ibtidoiy odamlar, tabiiy hodisalar, chaqmoq chaqishi, dovul, suv toshqini, zilzila kabilardan dahshatga tushishgan, ularning kelib chiqishi, mohiyatini yetarli darajada anglamagan. Ular osmon, Yer, Oy, Quyosh kabilarni jonli narsalar sifatida tasavvur qilishgan. Shu bois kishilarga ofat keltiruvchi kuchlar (dushman)lardan halos bo‘lish uchun, ezgulik kuchlari (do‘st)lardan madad so‘rashgan, ularga topingan, ayrim hayvonlarni muqaddas deb bilishgan. Qadimgi kishilar ezgulik kuchlarini xudolar, ruhlar, yomonlik kuchlarini esa, devlar, jinlar tarzida tasavvurlarida gavdalantirishgan. Shu tariqa olamning tuzilishi, uning mohiyati, tabiiy hodisalarning vujudga kelish sabablari xususidagi xayoliy tasavvurlari mahsuli-miflar paydo bo‘lgan.
Mif grekcha mythos - so‘z, rivoyatdan olingan bo‘lib, dunyoning paydo bo‘lishi, tabiat hodisalari, xudolar va pahlavonlar haqidagi to‘qima afsonalardir. Mazkur miflar ibtidoiy odamlarning ezgulik bobidagi shirin niyatlarini o‘zida badiiy ifoda etgan, ularga ruhan dalda bergan, doimo g‘alabalar sari undagan. Baxt va baxtsizlik o‘lkasi qahramonlari o‘rtasidagi keskin kurash miflarning asosiy konflikti va mavzui sanaladi. Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi "Avesto" va boshqa diniy kitoblarda mohiyat e’tibori bilan shunday mavzularga uyg‘un ohanglar ko‘zga tashlanadi.
"Avesto", shuningdek, "Bundaxshin"da aytilishicha, ikki olam, yaxshilik va yomonlik olami bor. Yaxshilik olamiga Ahura Mazda (Hurmuz), yomonlik olamiga Angra Manyu (Axriman) boshchilik qiladi. Go‘yo 3000 yil mobaynida bu ikki olam bir-biri bilan to‘qnashmagan, olishmagan. Yaxshilik va nur olamidan xabar topgan Axriman unga qarshi kurash ochmoqchi bo‘ladi. Hurmuz bu kurashning‘ oldini olib, ikkinchi uch ming yillikda osmon, suv, yer, o‘simlik, hayvonlar kabi mavjudotlarni hamda birinchi insonni yaratadi. O‘sha davrda zulm ham, kasallik va o‘lim ham bo‘lmagan ekan. Shundan so‘ng uchinchi davr (6000-8999) - kurash davri boshlanadi. Yer yuzi turli kuchlarning to‘qnashuv maydoniga aylanadi. Ahriman birinchi insonni o‘ldirsa ham, kishilik urug‘ini butunlay yo‘qotib yuborolmaydi. To‘rtinchi davr (9000.-11999) da yaxshilik va nur kuchlari yomonlik va zulmat ustidan g‘alaba qozonadi. Yaxshilik va yomonlik kuchlari o‘rtasida shafqatsiz kurash manzaralari Mitra, Anaxita, Kayumars, Yima (Jamshid), Gershasp, Elikbek va boshqalar obrazida mujassamlashtirilgan (Mallayev N. O‘zbek adabiyot tarixi. Toshkent.: "O‘qituvchi", 1976, 43-6et).
Kayumars afsonasi. Qadimgi Turon va Eron xalqlari orasida keng tarqalgan. Kayumars afsonasining mufassal bayoni va uning turli nusxalari haqida Abu Ja’far Muhammad bin Jariy Tabariyning "Ta’rixi Tabariy" asarida ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, Firdavsiyning "Shohnoma", Beruniyning "O‘tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar", Alisher Navoiyning "Tarixi muluku Ajam" asarlarida ushbu afsonaning tafsilotlarini uchratish mumkin. Professor S. P. Tolstoyning "Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab", adabiyotshunos N. M. Mallayevning "O‘zbek adabiyoti tarixi", hamda V tomlik "O‘zbek adabiyoti tarixi" kitobining I tomida (Toshkent, 1977) ushbu qadimiy afsona haqidagi ilmiy mulohazalar o‘z ifodasini topgan. Olimlarning fikricha, Kayumars afsonasining asosiy manbasi “Avesto”dir.
N. Mallayev Kayumarsni Gaya Martan yoki gavomard (ho‘kiz kishi) deya atalganligini e’tirof etib, mifalogiyaga ko‘ra, u Ahura Mazda tomonidan yer yuzida yaratilgan ilk odam ekanligini qayd qiladi. Tadqiqotchi Kayumarsning ikki vujud: ho‘kiz va odamdan tarkib topganligini aytib o‘tib, uni insoniyatning ashaddiy dushmani bo‘lgan Ahriman tomonidan o‘ldirilishi, Kayumars jasadining ho‘kiz qismidan 55 xil don, 12 xil o‘simlik, sigir va ho‘kiz, ulardan esa 272 xil foydali hayvonlar paydo bo‘lgani, odam qismidan esa insonning erkak va ayol jinsi hamda metall vujudga kelganligini bayon etadi (Mallayev N.O‘zbek adabiyoti tarixi. Toshkent.: "O‘qituvchi", 1976,45-bet).
Beruniy ham "O‘tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar" asarida Kayumars afsonasining variantlari xususida to‘xtaladi. Olimning fikricha, Kayumarsning "Tirshoh" ("Tog‘ podshohi") va Gilshoh ("Loyshoh") degan laqablari bo‘lgan. Kayumars afsonasining Beruniy asaridagi tafsilotlari N. Mallayevning mulohazalari uchun asos vazifasini o‘tagan ko‘rinadi. Afsonada hikoya qilinishicha Ahrimanning qilmishlaridan xudo ham hayratda qoladi va peshonasidan ter chiqadi. Terni artib tashlagandan ter tomchisidan hosil bo‘lgan Kayumarsni Ahrimanga jo‘natadi. Kayumars Ahriman yoniga yetib kelib, uning yelkasiga minib oladi va shu holda dunyoni aylana boshlaydi Nihoyat, Ahriman bir hiyla bilan Kayumarsni yelkasidan uloqtirib tashlaydi va uni ustiga minib olib eyajagini aytadi. Seni qaysi tomoningdan boshlab eyayin, deya so‘raydi Ahriman. Oyoq tomonimdan, deb javob beradi Kayumars va ilova qiladi: tokim bosh qismimga yetguningcha dunyo go‘zalligidan uzoqroq bahra olib turayin. Ammo Kayumars Axriman o‘zi aytgan gapning teskarisini qilishini bilar edi. Axriman Kayumarsni bosh tomonidan eya boshlaydi. Beliga etganda, Kayumrsning urug‘donidan ikki dona urug‘ yerga tushadi va ulardan o‘simlik o‘sib chiqadi. O‘sha o‘simliklardan esa bir o‘g‘il va bir qiz (Meshi va Meshona) paydo bo‘ladi. Ularni forslar Odam va Momohavo deb biladilar. O‘sha mo‘jizaviy odamlar yana Malhi va Malhiana deb ham atalganlar. Xorazmliklar esa ularni Mard va Mardona deb ataydilar (O‘zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik. 1-tom. Toshkent.: "Fan", 1977, 26-bet).
Gershasp afsonasi. Afsonalarda Gershasp obrazi xalqni ofatlardan qutqaruvchi qahramon sifatida tasvirlanadi. Elikbek afsonasi. Elikbek obrazi ham xalq afsonalarida Gershasp singari qahramon sifatida gavdalantiriladi. Bu afsona 1902-yilda Qoshqarda qadimgi og‘zaki adabiyotning "Chistoni Elikbek" degan muhim bir yodgorlik matni kashf qilinishi bilan og‘izga tushadi. Olimlarning fikricha, bu afsona matni taxminan VIII-IX asrlarga mansubdir. "Chistoni Elikbek" A.Fitratning "O‘zbek adabiyoti namunalari" kitobidan ham o‘rin olgan. "Chistoni Elikbek"ning to‘la matni saqlanmagan, uning bizgacha yetib kelgan matnida quyidagilar bayon etilgan. Xubbi afsonasi. Turon xalqlari og‘zaki ijodida kishilarning orzu-intilishlarini o‘zida ifodalagan, ularga ruhan tetiklik bag‘ishlab, qahramonlik ko‘rsatishga undagan ko‘plab afsonaviy qahramonlar obrazi yaratilgan. Shunday obrazlardan biri Xorazm mifalogiyasiga ko‘ra suv xudosi sifatida talqin qilingan Xubbidir. Farg‘ona vodiysida ham shu obrazga o‘xshash Erxubbi haqida afsonalar mavjud. Quyida Xorazmda tarqalgan Xubbi afsonasining qisqacha mazmuni keltiriladi.
Turon xalqlari folklorida qadim zamonlarda yuqorida ko‘rib o‘tganimiz singari juda ko‘p mifologik afsonalar yaratildi. Ular ma’lum ma’noda qahramonlik eposlarining vujudga kelishiga zamin hozirladi. Mifologik afsonalar yozma adabiyotda qayta ishlanib, yangicha mohiyat va mazmun kasb etib, insoniyat avlodiga yuksak zavq, Vatanga, Ona-zaminga muhabbat va qahramonlik tuyg‘ularini shakllantirib yashashda davom qildi.
Qo‘shiqlar va lirik she’rlar. Turon xalqlarining qadimgi qo‘shiq va lirik she’rlaridan na’munalar "Avesto", "Devonu lug‘otit turk" singari yozma manbalar bag‘rida bizgacha yetib kelgan. Ayniqsa, "Devoni lug‘otit turk" da qadimgi turkiy xalq va qabilalarga oid badiiyat namunalari o‘z ifodasini topganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Asar muallifi mashhur tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariy ko‘plab turkiy so‘zlarning lug‘aviy ma’nolarini izohlash uchun xalq og‘zaki ijodi va qisman yozma adabiyot namunalaridan foydalangan.
"Devonu lug‘otit turk" da keltirilgan she’riy parchalarning aksariyati uzoq o‘tmishda zakovatli ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan yuksak badiiy zavq va tafakkurning nodir mahsulidir. Ularning matni va ifoda uslubida juda ko‘p qadimiy so‘zlarning uchrashi, arabcha kalima va islom diniga oid e’tiqodiy qarashlarning aks etganligi mazkur parchalarning qadimiyligidan dalolat beradi. Xuddi shunday fikrni Alp Er To‘nga (Afrosiyob)ga bag‘ishlangan parchalar xususida ham aytish joizdir. Devondagi she’riy parchalar g‘oyaviy yo‘nalishi va mavzui jihatidan g‘oyat rang-barangdir. Adabiyotshunos N. Mallayev Mahmud Qoshg‘ariy asarida tez-tez ko‘zga tashlanadigan "Qish bilan Yoz munozarasi", "Ov" kabi badiiyat namunalarini kattaroq hajmdagi epik asarlarning parchasi bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keladi. Qo‘shiq va lirik she’rlar asosan to‘rt, ba’zan esa ikki misradan tarkib topgan bo‘lib, to‘rtliklar "a-a-a-b", "v-v-v-b" shaklida qofiyalangan. Devonda keltirilgan she’riy parchalar orasida ilmiy va axloqiy-ta’limiy mohiyat kasb etadiganlari salmoqli o‘rin tutadi. Ular ko‘proq ikkilik shaklida uchraydi. Devonda ilmiy va axloqiy-ta’limiy xususiyatga ega bo‘lgan to‘rt misrali she’riy parchalar ham mavjud:
Yay ko‘rkina inanma
Suvlar uza tajanma
Esizliging anunma
Tilda(n) chiqar ezgu so‘z.
Mazmuni:Bahor ko‘rkiga, uning rang-barang gullariga chiroyliliga ishonma, undan yaxshilik umid qilma, suvga tayanma, chunki dunyo ne’matlarining shirinligiga, bahor go‘zalligiga suyangan kishilar suvga suyanganlar kabidir. Yomonlikka otlanma. Tilingdan xalq sendan doim minnatdor bo‘ladigan yaxshi so‘zlar chiqar (O‘sha kitob, 176-bet).
"Devonu lug‘otit turk"dagi mehnat qo‘shiqlari ovchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan bog‘liq jarayonlarni badiiy ifoda etadi. Shuningdek, undagi ayrim adabiy parchalar qabilalar o‘rtasidagi jang tafsilotlari va qabila bahodirlarining mardonavor kurashi tasviriga bag‘ishlangan. Bunday qo‘shiqlar rajaz deb ataladi. "Devoni lug‘otit turk"dan o‘rin olgan bunday qo‘shiq va she’rlar Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlarning mushtarak yodgorliklaridir.
Хitоy manbalarida Markaziy Оsiyo хalqlariga dоir ma’lumоtlar saqlanib qolgan. Ularda tik, di, tukyu qabilalarining nomi qayd etilgan. Aslida bularning barchasi ”turk” so‘zining turlicha nomlaridir.
Qahramonlik eposi. Turon zaminida yashagan xalqlar og‘zaki ijodida vujudga kelgan qahramonlik yo‘nalishidagi mif va afsonalar shu sarzaminda bahodirlik g‘oyalari yo‘g‘rilgan ertak va dostonlarning shakllanishida zamin hozirladi. Turkiy xalqlar folklorida qahramonlik eposi moziyning juda qadim qatlamlarida paydo bo‘ldi. Eramizdan oldingi davrlarda yashagan yunon tarixchilari turkiy xalqlar og‘zaki ijodiniig ertak, rivoyat, afsona singari janrlari mavjudligini o‘z asarlarida e’tirof etishgan va ulardan ayrimlarining qisqacha mazmunini yozib qoldirishgan. Qahramonlik eposining ko‘pgina namunalari muayyaan tarixiy voqealar, aksariyat hollarda Turon xalqlarining chet el bosqinchilariga qarshi mardonavor, fidokorona kurashi zaminida maydonga keldi. Shu bois ularda mifologik asarlarda bo‘lgani singari tabiat yovuzliklariga emas, balki ijtimoiy illatlar, zulm va zo‘ravonlikka qarshi kurashgan Shiroq, To‘maris, Zarina, Rustam, Siyovush va shunga o‘xshash vatanparvar, fidoiy, mard va bahodirlar obrazi yaratildi.
To‘maris rivoyati Yunon tarixchisi Geradotning (484-425) "Tarix" kitobida qisqacha mazmuni keltirilgan. Shiroq eposida ham bosqinchilarga qarshi jang tafsilotlari asos qilib olingan. Uning qisqacha mazmuni yunon tarixchisi Polien (eramizdan oldingi II asr)ning "Harbiy hiylalar" kitobida hikoya qilinadi.
Arrian Flaviy(2-asrda yashagan yunon tarixchisi va yozuvchisi) “Iskandarning yurishi” va boshqa asarlarida makedoniyalik Iskandarning So‘g‘diyonaga qanday bostirib kelgani haqida yozadi. Iskandar to‘g‘risidagi qissalar Tabariyning “Tarixi Tabariy”, 13-asrda yozilgan “Tarixi ibn al-asir”, 14-asrdagi “Tarixi Banokatiy”, Firdavsiyning “Shohnoma”sida yoziladi. Navoiy “Tarixi muluki Ajam”da Iskandar tarixiga oid ma’lumotlarni umumlashtiradi.(O‘zbek adabiyoti. 5 tomlik. 1-tom. 51-65 betlar). Tabariyning “Tarixi Tabariy”da Iskandarning Zulqarnayn laqabi to‘g‘risida yoziladi: Dunyoning kun chiqadigan va botadigan tomonlarini “Qarn“ deb atalgan. Iskandar dunyoning u boshidan oxirigacha hamma yerni qo‘l ostiga kiritgan. Shu tufayli uni “Zulqarnayn” (arab tilida “zu” – ega, qarn - tomon, dunyoning har ikki tomoni, ayn - ikkilik), ya’ni “ikkala tomonning egasi” deb ataganlar.
Turli manbalar asosida bizgacha yetib kelgan og‘zaki badiiy yodgorliklar Turon xalqlarining juda boy folklori haqida ma’lumot beradi va ular turon zaminda og‘zaki badiiy ijodning xilma-xil janrlari takomillashib borganini tasdiqlaydi. Sharq xalqlari bilan Turon xalqlarining iqtisodiy-madaniy, siyosiy-ijtimoiy aloqalari badiiy adabiyotning rivojiga ham sezilarli ta’sirini o‘tkazdi. Qadimgi mif va afsonalar, qahramonlik qo‘shiq, hamda qissalari yozma adabiyot ravnaqiga hissa qo‘shdi, ulardan aksariyati esa qayta ishlandi, sayqallashtirildi.
8-asrdan 15-asrgacha uyg‘ur yozuvi birga qo‘llanildi. Yu.X.Hojibning ”Qutadg‘u bilig” dostonining Vena nusxasi, Yugnakiyning ”Hibatul haqoyiq” asari, Xorazmiyning ”Muhabbatnoma”si, ”Oltin yorug‘”, ”O‘g‘uznoma”, Xo‘jandiyning ”Latofatnoma”, Mir Haydarning ”Mahzan ul-asror” asari, Mavlono Lutfiy va boshqa shoirlarning ayrim she’rlari uyg‘ur yozuvidagi yodgоrliklardir.
Qadimgi turk mоniylik adabiyoti eramizning 5-asrida paydo bo‘lgan. Mоniy va uning ta’limоti хususiyatlari zardushtiylik ta’limotiga hamohang. Mоniylik - zardushtiylikning mahsulidir.
MONIYLIK — III asrda Eronda vujudga kelgan din. Moniylik qadimgi turkiy xalqlar e’tiqodida alohida oqim bo‘lib, «Xuastuanift» («Moniylik tavbanomasi») uning nazariy manbasi va diniy yodgorligidir. Moniylik ta’limoti xitoylik Moniy ibn Fatak (216-276) nomi bilan bog‘lanadi. Uning ta’limoti koinotda nur bilan zulmat o‘rtasida kurash bo‘lishiga asoslanadi. Shu sababli ham nur – Quyosh, Oy, ya’ni nur taratuvchi osmon jismlari muqaddas sanaladi va ularga tangri nomi bilan sig‘iniladi. Nur va zulmat o‘z mantig‘ini yaxshilik va yomonlik kurashida topadi. Moniylik koinotda nur bilan zulmat, ruhiy asos bilan moddiy asos, yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi o‘zaro kurashni e’tirof etishga asoslanadi. Nur, ruhiy asos, yaxshilik olamida xudo, ikkinchisida — shayton (iblis) hukm suradi. Moniylikka ko‘ra, ikki olam kurashi falokat bilan tugaydi, natijada moddiy asos olami halokatga uchrab, ruh ozodlikka chiqadi. Moniylik ta’limotiga ko‘ra, bu dunyo yovuzlik dunyosidir. Inson 2 unsur (ruh — nur farzandi, jism — zulmat farzandi) dan iborat mavjudot bo‘lgani uchun zulmat kuchlariga qarshi kurashda nur kuchlariga yordam bera oladi. Moniy samo nuri elchisi hisoblangan.
Budda mazmunidagi turkiy adabiyot o‘ziga xos. Markaziy Оsiyoda buddaviylikning хоs хususiyatlari ularning but va sanamlarga topinishlaridir. «Оltun yoruq» 10-asrda Beshbaliq(Sharqiy Turkiston) shahrida yaratilgan. Singqu Seli Tutung bu asarni xitoy tilidan nasriy usulda tarjima qilgan. Ushbu asar uyg‘ur yozuvidadir. X- XVIII asrlar davоmida o‘n marta ko‘chirilgan va sharqdagi ko‘p tillarga tarjima kilingan."Оltun yorug‘" asari o‘z davrida buddaviylikka e’tiqоd qiluvchi qavmlar оrasida kеng tarqalgan. Bu asar ular etiqоd qiladigan buddaviylik qоnunlaridan ibоratdir. "'Оltun yorug‘" mazmunan va mоhiyatan buddaviylikning maхayama mazhabiga оiddir. "Оltun yorug‘" asarining kadimgi turkiydagi to‘liq nоmi "Altun оnglug, yaruq, yaltiriqlig, qоpta ko‘tulmsh no‘m iliki atlig no‘m bitig - Оltin rangli, yorug‘, yaltirоq, hamma (narsa)dan ustun turadigan no‘m pоdshоhi nоmli no‘m bitigi" dеb nоmlanib. hоzirgacha '"Оltun yorug‘" dеb nоmlanib kеladi. Asarning sanskritcha nоmi "'Suvarnaprabхasa"dir. "Оltin yorug‘"ning asl matni taхminan milоdiy I asrda yaratilgan. Saоdat CHig‘atоy "Оltun yorug‘" asaridan "Ku tay" va "SHahхzоda va bars" afsоnalarini ilk bоr Turkiyada chоp ettirdi.(CHig‘atay S.S. Altun yarukdan iki parcha. Anqara. 1945.) S.Е. Malоv ham yuqоrida aytib o‘tilgan ikki afеsоnani translitеratsiya qilib. rus tiliga tarjimasini amalga оshirdi.(Malоv S.Yе. Pamyatniki drеvnstyurkskоy iismеnnоsti. M.-L.; 1951). O‘zbеkistоnda ana shu ikki afsоna S.Е.Malоv nashri asоsida hоzirgi o‘zbеk tiliga tabdil qilindi.(Rahmоn N.. Turk хоqоnligi. Tоshkеnt. Abdulla Qоdiriy nоmidagi Хalq mеrоsi nashriyoti. 1993. 130-bеt.)
Insоniyatni sоlihlikka yеtaklashda dunyoning turli jоylarida mushtarak yo‘llar bir manzilga оlib bоradi. Manzil - insоn, insоn ko‘ngli. Hindistоnda - buddaviylik. Erоnda - mоniylik. Yaqin SHarq mamlakatlarida - islоm. Aqidalaru e’tiqоdlar turlicha bo‘lsa-da, maqsad bir. Ana shu mushtarak yo‘llar bir manzilda - kоmillik manzilida tutashadilar. Bugun biz ko‘p gapirayotgan ma’naviyatning pirоvard natijasi ham jamiyatga kоmil insоnni tarbiyalab yеtishtirishdan ibоrat bo‘lgan edi va shunday bo‘lib qоladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |