7-MAVZU. Adabiy jarayon va ijtimoiy voqelik
REJA:
1.Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotida jadidchilik g‘oyalarining aks etishi. 2.Jadid va qadim masalalari. Davr adabiyotida ijtimoiy-siyosiy mavzularning ifoda etilishi.
3. Mardikorlik adabiyoti. Ozodlik harakatining badiiy adabiyotdagi talqini.
4.Mavzu tadqiqida erishilgan natijalar, yechimini kutayotgan muammolar.
Tayanch so‘z va iboralar:Tarjimachilik,adabiy-estetik tamoyillar, mardikorlik adabiyoti, “Turkiston viloyatining gazetasi”.
Bu davr adabiyotida oktyabr to‘ntarishidan keyingi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy uzgarishlarning jamiyat hayotida, ishlab chiqarishda, shaxs va davlat munosabatlarida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar mohiyati o‘z aksini topgan. Mazkur jarayonning asrlar davomida shakllangan milliy udumlar va hayot tarzini barbod etish, mustamlakachilikni yanada mustahkamlash ruhi bilan sug‘orilganligi anglab etilgan. Bolsheviklarning O‘rta Osiyoda yurgizgan siyosatiga xos razolatlar ayovsiz fosh etilgan. Inqilobchilarning hokimlik yo‘sini, tuzumi va boshqaruv siyosati ochib tashlangan. Mafkuraviy ziddiyatlar, xalq iqtisodiy-madaniy hayotiga qo‘pol ravishda daxl qilish hollari o‘z badiiy ifodasini topgan. Moddiy qashshoqlik, madaniyat va maorif sohasida shoshma-shosharlik bilan o‘tkazilgan islohotlar turli alamzadaliklarni keltirib chiqarganligi ro‘yi-rost ko‘rsatilgan.
Davr adabiyotining adabiy-estetik tamoyillari bir jihatdan keskin tarafkashlik asosida, ikkinchi tomondan esa ijtimoiy-estetik tafakkur taraqqiyotiga hamohang tarzda tadrijiy ravishda shakllanib borgan. Tarixiy o‘tmishning nomargub jihatlari, bid’at urf-odatlar qoralanishi barobarida, o‘tmish qa’ridagi nurli hayot munosabatlari insoniy iliqlik bilan tasvirlangan. Zamon dardlari milliy ranglarda go‘zallik tamoyillari, umuminsoniy qadriyatlar asosida aks ettirilgan. Hatto xayoliy-romantik fikr-tuyg‘ular ham tabiat va inson munosabatlari, ruhiyat iqlimlariini ifodalashga yo‘naltirilgan. Natijada zamon kishisi va millat qiyofasini ishonarli gavdalantirishga erishilgan. Binobarin, davr adabiyotining asl mohiyatini sho‘ro mafkurasining nuqsi urgan asarlar emas, balki jadidchilik g‘oyalari yaqqol sezilib turuvchi millatparvarlik ruhidagi yaratiqlar tashkil etadi.
Biz mazkur davrda yaratilgan asarlarni imkon qadar ilk manbalar asosida o‘rganishga, ularga umuminsoniy qadriyatlar va insonparvarlik tamoyillari asosida yondoshishga, shu orqali ijodkorlar haqidagi mavjud tasavvurlarga muayyan oydinliklar kiritishga urindik. Millatparvar adiblarimiz 20-yillardayoq jahon adabiyoti tamoyillariga hamohang tarzda qalam tebratganliklarini nazardan qochirmaslikka urindik. Natijada ulug‘ adiblarimizning har biri o‘z ijodlarining ichki tadriji orqali individualliklarini namoyon etganligining guvohi bo‘ldik. Bu esa adabiyotimiz evolyusiyasini tashki faktorlar, xususan sho‘ro adabiyoti ta’sirigagina bog‘lab qo‘yish tamoyili g‘oyatda cheklangan qarash ekanligini ko‘rsatdi.
20-yillar adabiyotida kechgan bahs-munozalarning keskin qutbiy tus olishi o‘sha davr adabiy siyosatining noto‘g‘ri metodologik konsepsiyaga asoslanganligi bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbek shoir va adiblarining sho‘rolashuvi masalasiga kelsak, bu bir jihatdan Turkiston muxtoriyati qonga botirilgach, yangi tuzumning shirin va’dalariga ishonib aldanish tuyg‘usining paydo bo‘lishi bilan, ikkinchi tomondan, adabiy tazyiq o‘tkazish siyosati bilan izohlanmog‘i lozim. Adabiyotimizdagi romantik ko‘tarinkilik, sentimentallik, mahzunlik, mayuslik, hajviy keskirlik, ramziy-majoziylik, ishoraviylik singari turfa holat-ko‘rinishlar realistik adabiyot imkoniyatlarining turlicha uslubiy ifodalaridir. Anglashiladiki, 1918-1929 yillarda adabiyotimiz mohiyat e’tibori bilan xalqni uyg‘otishga, madaniy taraqqiyot sari Chorlashga, kitobxon didini nafosatli tarzda shakllantirishga, unga o‘zligini anglatish va g‘ururini mustahkam-lashga xizmat qildi.
Bu davrda A.S.Pushkinning “Bekat nazoratchsi”, N.V.Gogolning “Shinel”, “Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikoforovich oralarida bo‘lib utmish nizolar hikoyati”, L.N.Tolstoyning “Tirshish”(asardan parchalar), A.P.Chexovning “Buqalamun”, M.Gorkiyning “Lochin qo‘shigi”I.S.Turgenevning “Cho‘ri qiz”singari asarlarining tarjima etilishi o‘zbek nasrining rivojiga ham samarali ta’sirini ko‘rsatdi. O‘bek adabiyotining ozarbayjon, tatar, tojiq, qozoq, qirg‘iz va turkman adabiyotlari bilan ham hamkorligi kuchaya bordi. O.Ibrohimov, Xodi Toqtosh, Majid G‘afuriy, Hasan To‘fon kabi tatar adiblarining, A.Qodiriy, G‘ayratiy, G‘.G‘ulom, Sh.Sulaymon, A.Qahhor kabi o‘zbek ijodkorlarining tatar tillarida qator asarlari e’lon qilindi. “Mulla Nasriddin”(Boku) va “Mushtum”jurnallari o‘rtasida ijodiy hamkorlik o‘rnatildi. A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar”asari ozarbayjon tilida chop etildi. Adabiyotlararo yaqin hamkorlik ularning o‘zaro bir-birini boyitishi va faol ta’sir o‘tkazishiga olib keldi. Adabiyotimizda yangi janrlarning shakllanish jarayoni ancha tezlashdi. Realistik tamoyillar o‘zlashtirish ancha chuqurlashdi. E.E.Bertels ta’biri bilan aytganda “oltinchi romanchilik maktabi”ga asos solindi. Mazkur jarayon qardosh qo‘shni xalqlar – tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman adabiyotlari taraqqiyotiga ham barakali ta’sir etdi.
Toshkent Turkiston general gubernatorligini markaziy shahri bo‘lganligidan yevropalashish jarayoni bu yerda tezroq va sezilarliroq bo‘ldi. Toshkentda ko‘proq matbaachilik, ya’ni noshirlik va gazetachilik rivojlandi. Tarjimachilik, birinchi navbatda, ruschadan tarjima taraqqiy topdi. Chimkentlik ma’rifatparvar Sattorxon Abdug‘afforov (1843-1901) 80-90- yillarda, mashhur Furqat (1851-1909) 1889-1891- yillarda “Turkiston viloyatining gazetasi”da bevosita ishlaganliklari, o‘z hayotlari davomida ushbu gazeta bilan hamkorlikda bo‘ldilar. Adabiyot rivojlandi. Mo‘minjon Muhammadjonov – Toshqin (1883-1964)ning 40 dan ortiq shoir haqida ma’lumot beruvchi “Toshkentlik va Toshkentda bo‘lgan o‘zbek shoirlarining tarjimayi hollari” (1948) asarida bu haqda ma’lumotlar berilgan.
Adabiy-madaniy jarayon ko‘proq shaharning “Ko‘kaldosh”, “Beklarbegi”, “Baroqxon”, “Xo‘ja Ahror” madrasalarida kechdi. Ayniqsa, dastlabki ikkitasini mavqeyi baland edi. “Ko‘kaldosh”da mashhur hattot “Tig‘bandiy” taxallusi bilan she’rlar ham yozib turadigan Shohmurod kotib (1850-1922), Qosimxonto‘ra Muztarib (1858-1944), “Beklarbegi”da “qashshoq mulla” nomi bilan tanilgan Rahimxo‘ja Xatmiy (1855-1908), o‘ttiz yoshida “Baroqxon”ga mudarris bo‘lgan mashhur Bedilxon Alouddin Fununiy (1861-1932) kabi qalamkashlar atrofida adabiy muhit shakllandi. 1890- yilda Furqat, 1899 -yilda Muqimiy “Ko‘kaldosh”da turganlar. Karimbek Komiy (1865-1922), Qodirqori Ramziy (1861-1943), Afandixon Maxzum Anbariy (1870-1946), Sayyid Haybatulloh Xislat (1880-1845), Mulla Qo‘shoq Miskin (1880-1937), Sirojiddin Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934) ijod etdilar.
Fazlulloh Almaiy (1851-1891) X1X asr o‘zbek adabiyotini Toshkentda yetishtirgan taniqli voqealaridan, shoir, olim va tarjimondir. El orasida “Qori Fazlulloh” nomi bilan mashhur bo‘lgan. U Toshkent shahrining Qo‘shtut mahallasida tug‘ilgan. Otasi Mirjalol bo‘zchilik bilan shug‘ullangan. U dastlab mahalladan eski maktabda, so‘ng Toshkentda “Mo‘yi Muborak” madrasasida, so‘ng Buxoro madrasalarining birida o‘qidi. Madrasadan qaytib kelgach, Toshkentdagi Shukurxon madrasasida mudarrislik qiladi.
Zamondoshlarning aytishicha, Fazlulloh tikso‘z, taptortmas, kishini yuzini ko‘ziga demay aybini ochiq aytuvchi kishi bo‘lgan. Shu sababli u amaldorlarga yoqmagan. Jumladan, qiziqqon Umarbek bilan kelisholmay madrasadan chetlatilgan. Shundan so‘ng u asosan hattotlik va tarjimonlik bilan ro‘zg‘or tebratgan. Fazlulloh xat yozishda “nastaliq”, “xatti noxuniy” (tirnoq bilan yozish) san’atlarini egallagan xattot edi.
X1X asrning so‘ngida Toshkentda tan olingan 7 bedilxonni biri ana shu qori Fazlulloh edi.
Almaiy qator hajviyalar yozdi. “Muyi muborak” madrasasida o‘qib yurgan paytida o‘sha atrofda o‘tin terib yurgan ko‘knorini hajv qilib she’r yozadi:
Boshiga kichik latta chulg‘ab,
O‘lguncha xor-zor ko‘knori.
Aslidin garchi har ish kelmas,
Cho‘p terarga yarar ko‘knori.
“Almaiy” (arabcha “sinchkov, ziyrak” degan) taxallusi shoir sifatida tanildi. Arab tili grammatikasiga oid “Azonul jumu’” (“Ko‘plik vaznlari”) nomli kitob yozdi. Mashhur hind yodgorligi “Kalila va Dimna”ni o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Almaiy 39 yoshida vafot etdi. Hotif degan shoir uning o‘limiga bag‘ishlab marsiya yozdi. Uni “Ma’danikoni” (fazilat koni, ilm-u donishga makon) deb atadi. 1965- yilda olim va murabbiy Subitoy Dolimov uning she’rlaridan ayrimlarini e’lon qildi. “Kalila va Dimna” tarjimasidan parchalarni nashrga tayyorladi.
Fazlulloh Almaiy uch tilda baravar ijod eta olgan shoir edi. U she’rlarini to‘plab devon tuzgan. Biroq bu devonni taqdiri noma’lum. Masalan, uning “Hayot” radifli she’ri o‘z davrida mashhur bo‘ldi. Unga Muqimiy muxammas bag‘ishlagan.
Ey, xayoli jonim ichra tanda jon yanglig‘ hayot,
Kelki sensiz talx bo‘ldi, jonima totlig‘ hayot.
Jadid adabiyoti yangilanish davri adabiyotidir. Unda qadim davrlardan kelayotgan adabiy turlar saqlandi. Devon adabiyotida she’riyat (poeziya) asosiy o‘rin egalladi. Aruz asosiy vazn bo‘ldi. G‘azal, ruboiy, tuyuq, ta’rix, muammo, muxammas, musaddas, musamman va ayniqsa, masnaviydan keng foydalanildi. Sayohat xotiralarini ifodalovchi sayohatnoma janri maydonga keldi. Ishq mavzusi bu davrda she’riyatning markaziy mavzui bo‘ldi. Ikki tillilik (Zullisonayn) an’ana davom etdi. Madrasa ko‘rganlarning deyarli hammasi arab va fors tillaridan xabardor edilar. Shoirlarning ko‘pchiligi o‘zbek tili bilan bir qatorda tojik tilida ham ijod eta olardi. Hamda ijodida aruz bilan bir qatorda barmoq, sarbast she’rlar yuzaga keldi. Hamza lirikasining tilini soddalashtirdi, xalq tiliga yaqinlashtirdi.
1916-yilning 25-iyunida Nikolay “Imperiyadagi g‘ayrirus aholining erkaklarini harakatdagi armiya turgan rayonlarda mudofaa inshootlarini va harbiy aloqa yo‘llarini qurish ishlariga, xuddi Shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga safarbar qilish to‘g‘risida” farmon berdi. Turkistondan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 250 ming ishchi olinadigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, “har qanday mahalliy kishi boshqa damni yollashi va o‘zining o‘rniga jo‘natishi mumkin”ligi haqida ko‘rsatma keldi. Uni suuste'mol qilish, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik avj oldi. Norozilik boshlandi. Ommaviy repressiyalar, tubjoy aholining har qanday harakatlariga chek qo‘yish maqsadida temir yo‘l biletlarining uyezd boshlig‘i ruxsatisiz sotilmay qo‘yishi ham, Farg‘ona harbiy gubernatori general Gippiusning aholida ishonch uyg‘otish maqsadida to‘n kiyib, salla o‘rab, Namangan masjidlaridan birida ”qur’on o‘qishi” ham, ”ko‘ngilli”lar uyushtirish ham yordam bermadi. Norozilik o‘lka ijtimoiy harakatchilik tarixida muhim bir bosqich bo‘lib qolgan “mardikorlik voqealari”ni keltirib chiqardi. 1916-yilning iyulida butun Turkistonni milliy ozodlik harakatlari chulg‘ab oldi. Qonli to‘qnashuvgacha borib yetgan norozilik namoyishlari o‘lkaning deyarli hamma shahar va uezdlarida bo‘Ub o‘tdi. 1916-yilning 9-avgustida Toshkentga kelgan “Vaqt” muxbiri Shahid Muhammadyorov “Mardikorlik ari uyasiga cho‘p suq-qandek bo‘ldi. Turkistonda bamisli yer larzaga keldi. Xalq bosh ko‘tarib yon-atrofga qaradi. Bu Turkiston uchun chinakam 1905-yil bo‘ldi... Turkiston birdan XVIII asrga kirdi, desak, yanglishmaymiz”, -deb yozgan edi.
Chor hukumati yon berishga majbur bo‘ldi. Mardikorlikka olinadiganlar soni qisqartirildi. Ularni jo‘natish keyinga surildi. o‘lka ahvolini tekshirish uchun A.F.Kerenskiy ishtirokidagi komissiya yuborildi. Turkistonni yaxshi bilgan A.N.Ruropatkin general-gubernator qilib tayinlandi.
18-sentabr kuni mardikorlar tushgan birinchi eshelonni tantanali jo‘natish marosimi bo‘ldi. G‘oyat tadbirkorlik bilan ish ko‘rildi. Mardikorlarga osh tortildi, pul va shirinliklar ulashildi. Ko‘chalarda oq podsho sha'niga bitilgan shiorlar paydo bo‘ldi. Mardikorlarga general Kuropatkinning shaxsan o‘zi oq yo‘l tilab qoldi. 18-oktabrda esa Nikolay mazkur eshelonning “vakil”larini o‘z qarorgohida qabul qildi. Ularning “vatanparvarlik” ishtiyoqini taqdirlab, mukofot berdi. Xullas, mana shunday xilma-xil tadbir va usullar oqibatida yil oxiriga kelib o‘lkadagi qo‘zg‘olishlar paysal topdi. So‘ng esa qo‘zg‘olon qatnashchilarini shafqatsiz jazolash boshlandi. Minglab kishilar osildi, qamaldi, badarg‘a qilindi. Lekin u xalqimizning inqilobiy tarixida alohida bosqich bo‘lib qoldi. “Mardikorlik voqealari” nomi bilan mashhur bu hodisalar badiiy adabiyotda o‘z izini qoldirmasligi mumkin emas edi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi. O‘sha kunlarning qaynoq nafasi bilan yo‘g‘rilgan qo‘shiqlar, she'rlar, dostonlar, hatto dramatik asarlar maydonga keldi. Afsuski, bular na adabiy-tarixiy, na adabiy-problematik nuqtayi nazardan o‘rganilgan emas. Hatto ularning aksariyati (masalan, Hamzaning ”Loshmon fojiasi” va “Rabochiy” dramalari haqidagi umumiy ma'lumotlar bilan bu mavzudagi qo‘shiqlar tahlili, mardikorlikka borib kelib, u haqda doston yozgan Po‘lkan ijodi tadqiqi hisobga olinmasa) shu paytgacha o‘quvchilarga noma'lum bo‘lib keladi. Binobarin, bu xususdagi ishlar hali ibtidoiy holda — mavjud asarlarni aniqlash, to‘plash, saralash va ilmiy muomalaga olib kirish bosqichida turibdi. Bu sohada ma'lum yutuqlarni qo‘lga kiritgan folkloristikada esa mazkur muammoni bugungi kun nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarurati bor.
Yozma adabiyotdagi ishlar esa hali oldinda. Biz bu o‘rinda mardikorlik voqealarining badiiy adabiyotda aks etish ko‘lami va yo‘nalishlarini batafsil yoritib berish da'vosidan uzoqmiz, albatta. U alohida, maxsus tekshirishni talab qiladi. Qolaversa, bir-ikki tadqiqot imkoniyati doirasida emas. Shu sababli biz 1916-yil voqealari bilan bog‘liq birgina poetik asarlar bilan qiziqdik va ularni ham o‘zbek jadid she'riyatining tadrijiy nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqishga harakat qildik. Hozircha mardikorlikvoqealariga bag‘ishlangan o‘nga yaqin she'riy to‘plam bosilib chiqqanligi ma'lum bo‘ldi. Bular orasida Hamzaning mashhur “Milliy ashulalar uchun milliy she'rlar majmuasi”ning 7-bo‘limi — “Safsargul” (Qo‘qon, 1917), Muhiddin Ibrohimov tuzgan “Loshmon” (Namangan, 1916), Avloniyning “Mardikorlar ashuvlasi” (T.,1917), Akbariy Toshkandiyning “Vatanga xizmat” (T.,1917), Sidqiyning “Rabo(t)chilar namoyishi” (T., 1917), “Rabo(t)chilar kelishi” (T., 1917), Mulla Murtazo bin Ismoiljonning “Vatan xizmat” (T., 1917) kabi to‘plamlari bor. Shuningdek, Azmiy-Aziziyning “Yangi shugufa yoxud milliy adabiyot” (T., 1917), Sidqiyning “Rusiya inqildbi” (T., 1917) kabi asarlarida ham mardikorlik voqealari tasviri uchraydi. Tabiiyki, bu asarlarning g‘oyaviy va baduy jihatdan hammasini ham bir xil baholash mumkin emas. Negaki, bu adiblarning qarash va intilishlari bir-biridan ancha farq qilar edi. Lekin muhimi shundaki, ularning ko‘pchilik qismi shunday og‘ir sinov yillarida xalq bilan yonma-yon bordilar, uning orzu va hasratlarini ifoda qildilar.
To‘plamlarning bir qismi 1916-yil sentabr voqealarining akssadosi sifatida maydonga kelgan. Ularni ma'lum darajada xayrlashuv qo‘shiqlari deb atash mumkin. Bu she'rlardaijodkor ziyolilarimizning urushga bo‘lgan g‘oyat ziddiyatli munosabati o‘z aksini topdi. Bu hol ”Loshmon”da, ayniqsa, ko‘zga yaqqol tashlangan edi. Masalan, unda Mehmet Emin Yurdaquldan iqtibos olingan satrlarda turkchilik tuyg‘ulari ko‘proq ifodalanadi.
Men bir turkman, dinim, jinsim ulug‘dir, Menim qalbim otash birla to‘lug‘dir. Inson bo‘lgan vatanining qulidir, Turk avlodi uyda turmas, ketarman.
Do'stlaringiz bilan baham: |