TIZZA (genu).
Chegaralari: yuqorida – tizza qopqog‘idan ikki barmoq eni yuqorisida o‘tkazilgan, pastda – katta boldir suyagi g‘adir-budirligi orqali o‘tkazilgan aylana chiziq. Son suyagi tepachalarining orqa chetlari orqali o‘tkazilgan vertikal chiziqlar tizzani oldingi va orqa sohalarga bo‘ladi.
Tizzaning oldingi sohasi.
Qavatma-qavat tuzilishi.
1. Terisi qalin.
2. Teri osti kletchatkasi (qavati). Bu erda quyidagi sinovial xaltalar bor: tizza qopqog‘i oldida – bursa prepatillaris subcutanea, katta boldir g‘adir-budirligi oldida – bursa infrapatellaris.
3. Yuza fassiya.
4 . Xususiy fassiya suyak bo‘rtiqlariga birikib ketgan. Fassiya ostida bursa prepatillaris subfascialis va bursa prepatillaris subtendinea, sonning 4 boshli muskuli payi ostida bursa suprapatellaris joylashadi.
5. Fassiya osti g‘ovak kletchatkasi. Bu erda rete articulare genus bo‘lib, uni tushuvchi tizza arteriyasi, aa.genus superior, media, inferior laterales et mediales, a.reccurens tibialis anterior va ramus circumflexus fibiale hosil qiladi.
Tizza arteriya to‘rining tizza qopqog‘i ustidagi qismini - rete patellaris deb ataladi.
6. Son to‘rt boshli muskulining pastki qismi, uning payi tizza qopqog‘iga birikadi va pastga lig.patellae shaklida davom etib katta boldirning g‘adir-budirligiga yopishadi.
7. Tizza qopqog‘i va uning boylami. Tizza qopqog‘ining yon tomonlarida boylamlardan iborat retinaculum patellae joylashgan, boylamlar 2 qavatdan iborat: yuza qavat – tizza qopqog‘ining yon tomonlarini katta boldir suyagiga bog‘lovchi bo‘ylama lateral va medial boylamlar, chuqur qavat – tizza qopqog‘ining yon chekkalarini son suyagi do‘ngliklari bilan bog‘lovchi ko‘ndalang ushlab turuvchi boylamlar. Tizzaning xususiy fassiyasi bu boylamlarni qoplab, tashqi tomonda mashinachilar muskuli payi hisobiga qalinlashadi.
Ushbu tuzilmalardan tashqari tizza oldingi sohasining ichki tomonida mashinachilar, nozik va yarimpay muskul paylaridan iborat bo‘lgan “yuza g‘oz panjasi”, yarim parda muskul payining 3 ta tutamidan tuzilgan “chuqur g‘oz panjasi”, tashqari tomonda son ikki boshli muskulining payi joylashgan.
Tizzaning orqa sohasi
Qavatma-qavat tuzilishi.
1. Terisi yupqa va harakatchan.
2. Teri osti qavatida v.femoropoplitea, nodi limphatici poplitea superfisialis, medial tomonda n.saphenus bilan birga v.saphena magna joylashadi.
3. Yuza fassiya.
4. Xususiy fassiya (fascia poplitea). Sohaning pastki qismida, xususiy fassiyaning ikkiga ajralishi natijasida Pirogov kanali hosil bo‘ladi, bu kanalda v.saphena parva joylashadi. Xususiy fassiya aponevrotik tusda bo‘lib, taqim chuqurchasini qoplaydi.
Taqim chuqurchasi (fossa poplitea) devorlari: yuqori-lateral – m.biceps femoris, yuqori-medial – m.semimembranosus, pastki medial va lateral devorlari – caput medialis et lateralis m.gastrocnemii, chuqurcha tubini son suyagining planum popliteum, tizza bo‘g‘imi xaltasining orqa qismi va m.popliteus hosil qiladi.
C huqurchadagi yog‘ kletchatkada n.peroneus (fibilaris) communis, n.tibialis va a.et vv.popliteae dan iborat bo‘lgan tomir-nerv tutami joylashgan.
Umumiy kichik boldir nervi chuqurchaning lateral devori oldida joylashadi va ikki boshli muskul payining osti bo‘ylab kichik boldir suyagi boshchasini tashqaridan aylanib o‘tib boldirning tashqi o‘rindig‘iga yo‘naladi.
Katta boldir nervi taqim chuqurchasining yuqorigi burchagidan pastki burchagiga o‘tkazilgan chiziq bo‘ylab yo‘nalgan va yuzaroqda joylashadi.
Katta boldir nervidan chuqurroqda va ichkarida v.poplitea, venadan chuqurda va ichkarida – a.poplitea joylashadi. Taqim arteriyasi bo‘ylab nodi lymphatici popliteus profundus o‘rin olgan.
Taqim arteriyasidan 5 ta arteriya boshlanadi:
a.genus superior medialis et lateralis,
a.genus media,
a.genus inferior medialis et lateralis.
Ularning hammasi tizza arteriya to‘rini hosil qilishda qatnashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |