O`tmish saboqlari
T ARIX — tabiat va jamiyatdagi har qanday o‘zgarish va rivojlanish jarayonini ifodalovchi atama; insoniyat va uning hayoti, avlodlar almashuvi, sivilizatsiyalar, jamiyat va davlatlar shakllanishi, o’tmishi va taraqqiyoti bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganuvchi fan. Prezident I.Karimov tarixning ma'naviyatda tutgan o‘rniga yuksak baho bergan: "Ma'naviyatini tiklashi, tug’ilib o‘sgan yurtida o‘zini boshqalardan kam sezmay, boshini baland ko‘tarib yurishi uchun insonga, albatta, tarixiy xotira kerak... Kim bo‘lishidan qat'i nazar, jamiyatning har bir a'zosi o‘z o‘tmishini yaxshi bilsa, bunday odamni yo‘ldan urish, har xil aqidalar ta'siriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi, irodasini mustahkamlaydi. Inson uchun tarixidan judo bo‘lish — hayotdan judo bo‘lish demakdir... Bu g’oyaning zamirida xalqimizning o‘zligini anglashi yotadi. Haqqoniy tarixni bilmasdan turib esa o‘zlikni anglash mumkin emas".
Tarix fani — insoniyatning butun o‘tmishi davomida jamiyat hayotida sodir bo’lgan voqea, hodisa va jarayonlarni yaxlit tarzda o’rganadi. Bu fan ijtimoiy-gumanitar fanlar (falsafa, siyosatshunoslik, sotsiologiya, iqtisod, psixologiya, san'atshunoslik) tizimining tarkibiy qismiga kiradi. Turli ijtimoiy va gumanitar fanlar inson va jamiyat hayotining alohida jihatlarini o‘rgansa, tarixning tadqiqot mavzui — aholi, jamiyat, mamlakat, davlat hayotining o‘tmishi va hozirgi davri xususidagi dalil va ma'lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish, to‘plangan bilimlarni ma'lum bir tizimga solish va nazariy jihatdan,umumlashtirishdir. Tarix fani moziyda sodir bo‘lgan voqea, hodisa va jarayonlar o’rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning ildizi, tarixni harakatlantiruvchi sabablar, uning mantig‘i va ma'nosini ko’rish imkonini beradi. Qachon, qayerda, qanday sababga ko‘ra qanday voqea-hodisa yuz bergan, oqibati nima bilan yakunlangan, uning bizga, hozirgi zamonga qanday daxli, ahamiyati bor, degan savollarga javob topish orqali biz tarixdan saboq olamiz, uni anglaymiz. Inson, jamiyat va davlatni tanazzulga olib keladigan yo‘llardan esa voz kechamiz. Ijtimoiy va gumanitar fanlar tabiiy bilim sohalari ham tarix tadqiqotlari natijasiga tayanadi.
Hozirgi zamon tarix fani alohida bo‘lim va sohalardan tashkil topgan bilimlar majmuasidir. Ixtisoslashish darajasiga qarab, ularni bir necha guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhni jamiyatning (jahon tarixi) butun va alohida tomonlarini o‘rganuvchi bo‘lim sohalar tashkil etadi. Jahon tarixi, ibtidoiy jamiyat tarixi, qadimgi dunyo tarixi, o‘rta asrlar tarixi, yangi va eng yangi tarix shular jumlasidandir. Hududiy-geografik tamoyilga ko‘ra, tarixan bir-biri bilan bog‘liq yirik mintaqalar (Yevropa va dunyoning boshqa qismlari, Qadimgi Sharq, Markaziy Osiyoning ba’zi mintaqalari), alohida mamlakatlar va xalqlar tarixiga ajratiladi. Majmuaviy muammolarni tadqiq etish har bir guruh mamlakatlar va xalqlar tarixini (Uyg’onish davri, Reformatsiya tarixi) o‘rganish zaruriyatidan kelib chiqadi. Jahon tarixiga global yondashuv bilan bir qatorda mikro tarix (shahar va qishloqlar, alohida shaxslar, kundalik maishiy turmush) ham o‘rganiladi. Tarixning alohida tomonlarini o’rganish tarix fanining alohida sohalarini ajratishni taqozo etadi (masalan, harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, din, fan, madaniyat, san'at, intellektual, diplomatiya tarixi va boshqalar).
Ikkinchi guruhni yordamchi va maxsus tarix fanlari tashkil etadi. Ularni alohida fanlarga ajratilishi va rivojlanishi tarix fanining xususiy tadqiqot usullarini ishlab chiqish zaruratidan kelib chiqadi. Bunda antropologiya, arxeologiya, etnolo-giya mustaqil o‘ringa ega. Yordamchi tarix fanlariga — manbashunoslik, arxeografiya, paleografiya, geraldika, xronologiya, metrologiya va numizmatika kiradi. Maxsus guruh — boshqa fanlar ehtiyojidan kelib chiqadi (masalan, tabiiy fanlar tarixi, texnika tarixi, davlat va huquq tarixi). Tarix fanining tarixini esa tarixshunoslik o‘rganadi. Tarix fani asrlar mobaynida qo‘lyozma asarlarda ifodalangan hayot, voqea-hodisalap, tarixiy shaxslar haqida hikoya qilishdek oddiy bayonchilikdan, muayyan sivilizatsiya hayotining shakllanish bosqichlari va
umumiy qonuniyatlarini aniqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va nazariy xulo-salar chiqarish kabi murakkab ilmiy yo‘lni bosib o‘tgan. Eng qadimiy tariximiz xususida madaniy yodgorliklar va arxeologik topilmalar ma'lumot beradi. Asrlar davomida siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy hayot tarixi haqida ma'lumotlar, Saroy yilnomalari, tarixchilar, xonlar, podshohlar tomonidan bitilgan qo‘lyozma manbalar shaklida jamlana borgan. O‘rta asrlar tarixshunosligida Amir Temur va temuriylar tarixi ayniqsa mufassal yoritilgan. Nodir qo’lyozma manbalarda O‘rta Osiyo mamlakatlarining geografik holati, yirik shaharlari va aholisi, ularning turmush tarzi va mashg‘ulotlari, karvon yo‘llari, urushlar, g’alayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy hayotiga doir turli ma'lumotlar bayon etilgan. O‘rta Osiyo Rossiya mustamlakasiga aylantirilgach, istibdod tuzumi tartibotlari tarix sohasidagi ilmiy tadqiqot ko‘lami va mavzusiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatgan. O‘sha davr tarixchilarining O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston Tarixiga oid asarlarining aksariyati o’zining bir yoqlamaligi, metropologiya manfaatlariga xizmat qilishga mo’ljallangani bilan ajralib turadi.
XX asr boshlarida milliy davriy matbuot sahifalarida tarix muammolariga oid maqolalar e'lon qilina boshlagan. Jadidchilik harakati namoyandalari mamlakat rivoji, millat taraqqiyoti, o‘zlikni anglashda tarix faniga alohida e'tibor qaratganlar. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy komil inson tarbiyasi ma'naviyat-ma'rifat taraqqiyoti, jamiyatni boshqarishda tarix fanining o‘rni beqiyosligini ta'kidlab, asarlarida faqatgina Vatan tarixini emas Yevropa va jahon mamlakatlari tarixini bilish zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirgan. Uning «Moziy istiqbolning tarozisidir», degan g‘oyasi tarix tajribasida o‘zining haqligini to‘la isbotladi. Totalitar tuzum ziddiyatlariga qaramay, o‘ta murakkab sharoitda oliy ta'lim tizimida tarix ta'limining vujudga kelishi bilan mutaxassis tarixchi kadrlar tayyorlana boshladi. Tarix fanining tashkiliy asoslari mustahkamlandi. O‘rta Osiyo Davlat universiteti, Samarqanddagi Oliy pedagogika institutida qo‘lyozma kitoblar, vaqfnoma va vasiqalar yig‘ilib, ilmiy tahlil qilindi.
1943 yilda Tarix institutining tashkil etilishi Tarix fani rivojida muayyan bosqich bo‘ldi, tadqiqotlarni ma'lum ilmiy yo’nalishlar va reja asosida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik Tarix va arxeologiya instituti tarixiy tadqiqotlar bo‘yicha ilmiy markazga aylandi. Ammo Tarix fani nihoyatda siyo-siylashtirilib, ilmiy-tarixiy tafakkur hukmron ideologiya qattiq nazorati ostida bo‘lgani tufayli juda ko‘p masalalarning asl mohiyatini ko‘rsatib, yoritib berish imkoni bo‘lmadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Tarix fani sobiq mafkuradan ozod bo‘ldi. Jamiyat hayotida amalga oshayotgan muhim ijtisodiy jarayonlar Tarix fani oldiga o‘zbek xalqining haqqoniy tarixini yaratish, uning taraqqiyot va jahon hamjamiyatidagi o‘rni va rolini aniqlash, tarixiy bilimlarni ommalashtirish va targ‘ib qilish orqali millatning ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, madaniyati, qadimgi an'analarini tiklash imkonini yaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 1998 yil 27 iyul qarori bu borada muhim ahami-yatga ega bo‘ldi. «O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi» konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mamlakatda tarix fani sohasida ilmiy tadqiqot ushbu konsepsiya doirasida amalga oshirilmoqda. Bu borada Islom Karimovning tarixchi olimlar va jurnalistlar bilan uchrashuvida bayon etilgan «Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q» asarida ilgari surilgan bunyodkor g‘oyalar muhim rol o‘ynadi. Unda Prezident tomonidan: «...tarixchilar millatga uning haqqoniy tarixini ko‘rsatib, isbotlab berishlari kerak. Zotan, tarix-xalq ma'naviyatining asosidir; ... biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur»ligi ta'kidlanib, tarixchilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Ilgarigi davrda o‘rganish taqiqlangan, noto‘g‘ri talqin etilgan mavzular, jarayonlar tarixiylik tamoyili, ilmiy xolislik asosida-milliy mustaqillik asosida qaytadan o‘rganildi. Maxsus «O‘zbekiston tarixi» jurnali chop etila boshlandi (1998). «O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi» respublika muntazam ilmiy seminari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi tarixchilar jamiyati tuzildi (1999). O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshi-da "O‘zbekistonning yangi tarixi markazi" tashkil etildi (1996). Ilk marotaba «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ga binoan tarix fanining ta'lim tizimidagi o‘rni va ahamiyati yanada ortdi. Mustaqillik yillarida tarixchilarning xalqaro ilmiy hamkorligining keng imkoniyatlari vujudga keldi. O‘zbekiston tarix fanining dolzarb muammolari bo‘yicha xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkaziladigan markazga aylanib bormoqda.
TARIXIY AN'ANALAR - tarixiy taraqqiyot jarayonida vujudga keladigan ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib o’tadigan, kishilar madaniy hayotiga ta'sir o’tkazadigan ma'naviy hodisalarni anglatuvchi tushuncha. Tarixiy an’analar o‘ziga xos ijtimoiy qoida sifatida kishilar ongiga (xalq yoki ma'lum guruh shuuriga) singib ketgan tartib va qoidalar majmui hisoblanadi. Tarixiy an’analar hayotning turli jihatlarini o‘zida aks ettirib, ko’proq urf-odat va marosimlarda namoyon bo‘ladi. Bunday an'analar millat va elat ijtimoiy hayotida tarixiy vorislik asosida har bir davrda sayqallanib, keyingi avlodlarga uzatib kelinadi. Tarixiy an’analar- ning vorisiyligi millat na xalqning muayyan davrdagi uziga xos xususiyati, hayot tarzi, madaniyati, fani, adabiyoti va boshqa sohalarda erishilgan natija va yutuqlarini keyingi avlodlarga bekamu ko‘st yetib borishini ta'minlaydi. Tarixiy an’analar turli-tuman bo‘lib, ularda har bir davrga xos xususiyatlar mujassam bo’ladi. Tarixiy an’analar qaysi davrda yaratilishidan qat'i nazar, madaniy hamda ma'naviy-axloqiy xususiyatlarni o‘zida mujassam etadi. Tarixiy an’analar millat yoki xalqni birlashtirish, avlodlarni o‘zaro bog’lash, jamiyatda umumiy birlik va hamjihatlikni ta'minlash vositasidir. Tarixiy an’analarda axloqiy va madaniy qirralarning betakrorligi, muayyan xalq, millat yoki elat hayotining o‘ziga xosligi, vorisiylikning muhim jihatlari namoyon bo‘ladi. Har bir xalq o‘z tarixiy an’analarining sohibi, ularning saqlovchisi, rivojlantiruvchisi hamda kelajak avlodlarga uzatuvchisidir. Muayyan davrda bu boradagi uzilishlar milliy ma'naviyatda k o’plab yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Sobiq mustabid tuzum sharoiti-dagi mafkuraviy tazyiqlar milliy qadriyatlar bilan bir qatorda tarixiy an’analarni saqlashga ham salbiy ta'sir ko‘rsatgan edi. Navro‘z bayramini nishonlash qoralanib, uni xalqning ongidan siqib chiqarishga harakat qilindi. Shu tariqa, tarixiy an’analarning aksariyati «o‘tmish qoldiqlari» sifatida baholanib, yangicha madaniyat va yangicha an’analar sharoitida ularning barham topishi to’g’risidagi soxta aqidalar targ’ib qilinar edi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng tarixiy an’analarni tiklashga e’tibor kuchaydi. Ular mustaqillikni mustahkamlashning muhim vositasi, kishilarni ma’naviy kamolotga etkazish omili sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |