Omonatga xiyonat
Umr tangrining odamzotga o’lchab bergan omonatidir. Biz esa ko’pincha, uni behuda o’tkazib, omonatga xiyonat qilamiz.
Yovvoyilar
Mo’g’ullar Movarounnahrni bosib, qirg’in qilganida bir ayol tirik qolishning yo’lini topibdi. Bosqinchiga aytibdi:
- Men bahosi yarim jahonga teng bir gavharni yutib yuborganman. Meni o’ldirmay, uch-to’rt kun sabr qilsang...
Shunda mo’g’ullar o’sha qishloqdagi hamma xotinlarning qornini yorib, gavhar izlagan ekan... Sho’rlik yurtim! Ne balolar kechmadi boshingdan!
Mehr
Quyosh buloq suviga ham, mag’zavaga ham baravar nur sochaveradi. Yer chuchmomani ham, chaqirtikanakni ham baravar o’stiraveradi. ... Ota-onaga bolaning yaxshi-yomoni yo’q...
Ilon
Ko’p yillar avval Missisipi sohillarida dunyodagi eng katta ilon-anakondani tutib o’ldiribdilar. Uzunligini o’lchayman, deb harchand urinsa ham eplay olmabdilar. Ilonning jasadi, nuqul buklanib qolarmish...
Odamlar ham qiziq. Muttasil egri yurgan mahluq o’lganidan keyin to’g’ri bo’ldi nima-yu, bo’lmadi nima?
Do'stlaringiz bilan baham: |