INSON HUQUQLARI BO’YIChA MILLIY MARKAZ – inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yanada kengaytirish,xalqaro va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish,davlat muassasalari xodimlari va barcha aholining inson huquqlari bo’yicha madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan markaz.
KO’PPARTIYaVIYLIK – hozirgi demokratik davlatlarda siyosiy hayotni tashkil etishning asosiy konstitusiyaviy prinsiplaridan biri, siyosiy va mafkuraviy plyuralizmni ancha umumiyroq bo’lgan prinsipining ifodasi hisoblanadi. K. P.prinsipi yuridik jihatdan davlat fuqarolarning o’z dunyoqarashlariga muvofiq tarzda siyosiy partiyalarga birlashish huquqini, barcha siyosiy partiyalarning qonun oldida tengligini, ular faoliyati erkinligini tan olishi va kafolatlashini anglatadi.
LIZING - moliyaviy ijaraning alohida turi bo’lib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirig’iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun o’n ikki oydan ortiq muddatga beradi.
MAHALLIY O’ZINI O’ZI BOShQARISh – mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan masalalarni aholining manfaatlari, uning tarixiy, ijtimoiy-etnik va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib, shu davlat konstitusiyasi va qonunlari asosida mustaqil (mas’uliyatni zimmasiga olib) hal qilish uchun fuqarolar faoliyatini tashkil etish tizimi. Mahalliy o’zini o’zi boshqarishni aholi hokimiyat vakillik organlari (munisipal majlis, kengashlar, qo’mitalar va boshqalar), muvofiq keluvchi boshqaruv organlari, mahalliy referendumlar, fuqarolar kengashlari, bevosita demokratiyaning
boshqa hududiy shakllari, shuningdek, aholining hududiy ijtimoiy o’zini o’zi
boshqarish organlari orqali amalga oshiradi.
NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTI TUShUNChASI – nodavlat notijorat tashkiloti - jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni o’z qatnashchilari o’rtasida taqsimlamaydigan o’zini o’zi boshqarish tashkilotidir. Nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik
shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladi.
OMBUDSMAN – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo’lib, unga davlat organlari,korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |