SAYLOV TIZIMI – demokratik jamiyat siyosiy tizimining muhim qismi bo’lib, fuqarolarning saylash va saylanishdan iborat huquqini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlar yig’indisini anglatadi. Ushbu tushuncha davlatning saylab qo’yiladigan organlarini shakllantirish tartib-tamoyillarini ham o’z ichiga qamrab oladi.
SIYoSIY PARTIYa – O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro’yobga chiqarishga intiluvchi hamda o’z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko’ngilli birlashmasidir (O’zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to’g’risida”gi Qonuni 1-moddasi).
TADBIRKORLIK FAOLIYaTI (TADBIRKORLIK) - tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, tavakkal qilib va o’z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyat.
TAKRORIY OVOZ BERISh – saylovda nomzodlar yetarli ovoz to’play olmaganda takroriy ovoz berish o’tkaziladi. Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko’proq olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanadi. Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.
TAKRORIY SAYLOV – “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov
to’g’risida”gi Qonunning 46-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi quyidagi hollarda o’tkaziladi: a) agar saylov okrugida saylov o’tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo’lsa; b) agar takroriy ovoz berish Qonunchilik palatasiga deputat saylanganligini aniqlash imkonini bermagan bo’lsa; v) agar saylov okrugi bo’yicha deputatlikka ko’pi bilan ikki nomzod ovozga qo’yilgan va ulardan birontasi ham saylanmagan bo’lsa.
TENG SAYLOV HUQUQI – saylov o’tkazishning asosiy prinsiplaridan biri sifatida saylovlarda ishtirok etuvchi saylovchilar huquqlarining tenglik tamoyili asosida himoyalanishi, ya’ni har bir saylovchi bir ovozga ega ekanligi, barchaga saylov talablari bir xilda joriy etilishi, hamma uchun bir xil tashkiliy-huquqiy sharoit yaratilishida namoyon bo’ladi. Shuningdek, ushbu prinsip O’zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqyei, ma’lumoti, mashg’ulotining turi va xususiyatidan qat’iy nazar, teng saylov huquqiga ega ekanliklarini ham anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |