OSIYO YOSHLAR KONFERENSIYASI-YOSHLAR ISHONCHI
Bugun biz uzoq o’tmish, boy tarix, umumbashariy qadriyatlar mujjasamlashgan, ezgu va ulug’ maqsadlari sari mardonavor odimlab borayotgan, o’z kuch va salohiyatiga tayanib demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo’lida ulkan natijalarga erishayotgan va bu natijalar asosida jahon hamjamiyatida o’zining munosib o’rnini egallab borayotgan mustahkam irodali xalq farzandlarimiz.
Bu haqiqatni teran anglagan holda biz yoshlar- ertangi kun egalari yelkamizdagi mas`ulyatli burchimizni chuqur anglamog’imiz darkor. Bu borada birinchi prezidentimiz I.A.Karimov o’zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro-e`tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o’sib, ulg’ayib, qanday inson bo’lib hayotga kirib borishiga bog’liqdir. Biz bunday o’tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak” degan edilar.
Darhaqiqat, ertangi kunimiz, vatan ravnaqi, yurt kelajagi biz yoshlar qo’lidadir.Bugun yurtimizning har jabhasida, xususan , yoshlar tarbiyasida ularning bo’sh vaqtini samarali o’tkazish, yangi inovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirish ularni yuksak ma’naviyatli shaxs sifatida tarbiyalash, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg’usini kuchaytirishga qaratilgan qator tadbirlar o’z samarasini berib kelmoqda.
Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyevning 2016-yil 15-sentabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida”gi qonuni ham yosh avlodning bo’sh vaqtini samarali o’tkazishini taminlash borasidagi chora-tadbirlardandir. Ushbu yoshlarga oid davlat siyosatning 25-moddasida shunday deyilgan:
Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlari taqdim etish;
fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashish;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘riklar, konsertlar, simpoziumlar, o‘qishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda o‘tkazish;
yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlash;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish.
Darhaqiqat, So‘nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Shulardan biri ``OSIYO YOSHLAR KONFERENSIYASI``dir. Ushbu konferensiya 6-7-8-sentabr kunlari poytatimiz Toshkent shahrida o`tkaziladi. Konferensiyada 16 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan barcha iqtidorli yoshlar qatnasha oladi.
Asosiy ko`zlangan maqsad: Osiyo Yoshlari bilan birgalikda o'zaro fikrlar almashish, do'stlashish, mamlakatlarimiz o'rtasida munosabatlarni yanada rivojlantirish va do'stlik aloqalarni mustahkamlashdir. Bundan tashqari konferensiya imkoniyati cheklanganlar uchun ham bir qator qulayliklarni yaratgan. Bunga, Konferensiyaga qiziquvchi, kelish istagi bor I-guruh nogironlariga Konferensiyaga qatnashish mutlaqo bepul bo‘lib, ular boshqa delegatlar bilan bir xil huquqqa ega bo‘lishlarini, ular hech qanday shartlarsiz Konferensiyaga delegat sifatida qabul qilinishlarini misol qilib keltirish mumkin. Konferensiyada jami 600 ta delegat ishtirok etadi. Bulardan 500 tasi mahalliy qolgan 100 tasi esa xalqaro delegatlar bo`ladi. Konferensiya quyidagi yo`nalishlarda bo`lib o`tadi:
1. I.T. yo'nalishi
2.Turizm
3.Social Life
4.Ekologiya
5.Iqtisodiyot
6.Huquq
Ushbu konferensiya yangicha g'oyalar, qiziqarli , kreativ va sog'lom fikrlar birlashgan haqiqiy debat bo`ladi! Zero, Bugun biz ma’naviyatimizni asrashimiz, vatan kelajagi uchun mustahkam poyedevor bo’la oladigan munosib farzand bo’lishimiz, oldimizga qo’ygan ezgu maqsadlarimiz tomon mardonavor qadam tashlashimiz, buyuk ajdodlar izi ekanimizni anglamog’imiz, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizni, ulug’ ajdodlarimiz merosini chuqur o’zlashtirishimiz bugungi tez o’zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab mustaqil fikrlashimiz va ona vatanimizdagi sodir bo’layotgan barcha jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashashimiz lozim. Ishonchim komilki, ana shunday noyob, insoniy fazilatlarga, yuksak ma’naviyatli, qorachig’i g’ayrat va shijoatga to’la munosib farzandlari bor xalq hech qachon hech kimga qaram bo’lmaydi, o’zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi.
Jizzax davlat pedagogika instituti
II bosqich talabasi
Anvarova Sadoqat
Do'stlaringiz bilan baham: |