Etilen (CH 2 =CH 2 ). Ushbu gormon yashil mevalarni pishishini tezlashtirish uchun qo‘llaniladi.
Ayrim boshqa maqsadlar uchun esa qishloq xo‘jaligida etilenning hosilasi etrel ishlatiladi. Etrel nordon
muhitga chidamlidir. Ammo o‘simlik hujayrasiga kirganidan so‘ng kuchsiz ishqoriy muhitda
parchalanadi. Buning natijasida esa etilen gormoni hosil bo‘ladi.
Etrel preparati mevalarning pishishini tezlashtirishi bilan birgalikda ularni mashinalar yordamida
yig‘ib olishni ham yengillashtiradi. Shuningdek u shonalar va gullarni kamaytirish uchun ham
qo‘llaniladi. Bodring, qovoq va boshqa o‘simliklar barglariga etrel preparatini sepish ularda onalik
gullarining ko‘plab hosil bo‘lishiga yordam berib, meva hosilining oshishiga olib keladi.
Gerbitsidlar. Ular o‘simliklarni o‘sishdan to‘xtatishda va begona o‘tlarga qarshi kurashda
ishlatiladi. Ularning tabiati xilma xildir.
1. Yoppasiga ta’sir etuvchilar.
2. Tanlab ta’sir etuvchilar.
Ko‘pchilik gerbitsidlar tanlab ta’sir etish xususiyatiga ega ya’ni ular ma’lum oila yoki turga
kiruvchi o‘simliklarnigina o‘ldiradi. Ammo ma’lum bir gerbitsid o‘zining past konsentratsiyasida
tanlab ta’sir etsa, yuqori konsentratsiyada esa yoppasiga ta’sir etishi mumkin. Gerbitsidning asosiy
ta’siri shundan iboratki, u hujayraga kirib, uning yog‘simon moddalarida eriydi va hujayra
metabolizmidagi tabiiy jarayonlarni buzadi. Ularga biz 2,4-dixlorfeniloksiatsetat (2,4D), 2-metil-4
xlorfenoksiatsetat (2M-4X) birikmalarini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Ular 1 mg/l miqdorda ikki
urug‘pallali o‘simliklarga sepilsa, ularni nobud qilishi mumkin ammo ushbu miqdorda bir urug‘pallali
o‘simliklarga mutlaqo ta’sir etmaydi. Qishloq xo‘jaligida makkajo‘xori ekilgan maydonlarda begona
o‘tlarga qarshi simazin moddasi qo‘llaniladi. Simazin ildiz orqali ta’sir etadi. Shuning uchun u tuproqqa
solinadi. Ushbu birikma mitoz jarayoni bosqichlari davomiyligini o‘zgartiradi. Shuningdek u uglevodlar
almashinuvini ham buzadi. Bizning Respublikamizda g‘o‘za maydonlarida begona o‘tlarga qarshi
kurashda kotaran, monouron va boshqalar qo‘llaniladi. Ushbu birikmalar begona o‘tlardagi fotosintez va
nafas olish jarayonlarini izdan chiqaradi. Hozirgi kunda kimyoviy yo‘l bilan sintezlangan gerbitsidlarning
soni anchagina bo‘lib (200-250) hozirgi kunda ham ularning sintezi davom etmoqda. Gerbitsidlarni
qo‘llashning salbiy tomonlari ham bor, chunki ular o‘simlik dunyosi bilan birgalikda usha yerda mavjud
bo‘lgan hayvonot dunyosiga ham ta’sir qilishi mumkin. Gerbitsidlarni qo‘llashda anchagina ehtiyotkorlik
va bilim talab qilinadi.