Goldji apparati (GA). Ular 7-8 nm qalinlikdagi membrana bilan o'ralgan diktiosomalar, vezikulalar va sistemalar to'plamidan iboratdir. Ular endoplazmatik to'rdan pufakchalar holda ajralib disk tayoqchalar ko'rinishida to'planadi. O'simlik hujayralarida bir nechtadan bir necha yuztagacha GA uchrashi mumkin. GA ni membranasi endoplazmatik to'r va plazmolemmi membranasi bilan tutashgan bo'ladi. GA plazmolemmi va hujayra kobig'ini shakllanishida ishtirok etadi. Shuningdek GA, vezakulalari tufayli hujayralarda sekretorlik ya'ni shilimshiqsimon-suyuq moddalarni chiqarib tashlashda ham qatnashdi. Golji apparatining diktiosomalarida gliko- proteinlar va gliko-lipidlar shakllanadi (I.7-rasm). GA membranalarida hujayra devorining sintezi uchun zarur ayrim moddalar ham yig'iladi. GA vezikulalari yordamida uglevodlar komponentlari plazmolemmaga o'tadi. Shuningdek GA membranalari plazmolemma va ER membranalari o'rtasida bog'lovchi bo'lib xizmat qiladi.
Ribosomalar. Bular ribonukleoproteidli zarrachalar bo'lib, membranasi bo'lmaydi, RNK va oqsillardan tashkil topgan. Har bir hujayrada bir necha o'n minglab ribosoma uchraydi. Ribosomalarning har biri ikkita nukleoproteiddan iborat bo'lib diametri 20-30 nm. Ular katta va kichik bo'lakchalardan tuzilgan, bo'lib kattasining diametri odatda 12-15 nm, kichigi esa 8-12 nm atrofida bo'ladi. U yadrochada sintezlanadi va sitoplazmaga tushib mRNK molekulasida yig'iladi. Ular sitoplazmada erkin holatda yoki endoplazmatik to'r membranasiga ayrim hollarda yadro membranasiga yopishgan holatda hamda polisomalar holatida bo'lishi mumkin. Ribosomada rRNK, oqsil va oz miqdorda lipidlar uchraydi. Ribosomalar yadroda, xloroplastlar va mitoxondriyalarda uchrab ularda faqat oqsil sintezlanadi. Sitoplazmadagi ribosoma 80S bo'lib u 40S va 60S bo'laklardan iborat. Ushbu nukleoproteidlar bir biridan o'zlaridagi rRNK va oqsil miqdorlari bilan ham farqlanadilar. Masalan, sitoplazma ribosomasining 40S bo'lakchasi 1 molekula rRNK va 30 molekula oqsil tutsa, 60S 3 molekula rRNK va 45-50 molekula oqsil tutadi. Mitoxondriya ribosomasi esa 70 S bo'lib u 50S (2 mol. rRNK) va 30S (1 mol. rRNK) bo'lakchalardan tashkil topgan. O'simliklarning muxtor organoidi xloroplastlar ribosomasi ham 70S bo'lib o'zida 3 mol. rRNK tutgan 50S va 1 mol. rRNK tutgan 30S hamda 46% oqsildan iboratdir. Ribosomalarda boradigan oqsillar sintezida har xil komponentlar qatnashadi.