Tuzuvchilar: B.A.Sulaymonova
M.A.Jo`rayeva
Kirish
Mazkur dastur Pedagogika kollejlarining “Boshlang`ich ta’lim” yo`nalishidagi guruh o`quvchilariga mo`ljallangan.
Dastur ona tili va uni o`qitish metodikasi fanlarining eng asosiy bo`limlarini qamrab olgan.
Tilshunoslikning fonetika, leksikologiya, orfoepiya, grafika va orfografiya, morfemika, morfologiya, sintaksis kabi bo`limlari yuzasidan o`quvchilar egallashi lozim bo`lgan nazariy va amaliy mavzular kiritilgan.
Ona tili o`qitish metodikasi fanidan ham uning barcha: xat-savod o`rgatish metodikasi, o`qish va nutq o`stirish metodikasi, grammatika va imlo o`rgatish metodikasi, o`quvchilarning og`zaki va yozma nutqlarini o`stirish metodikasi bo`limlari bo`yicha nazariy, amaliy va seminar mashg`ulotlari uchun eng zarur va asosiy mavzular dasturda o`z ifodasini topgan.
1989-yil 21-oktabrda O`zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqidagi qonun”i qabul qilindi. Bu qonunning qabul qilinishi ona tili fanini batamom yangicha va samarali o`qitishni taqozo etadi. Kollejni bitirgan yoshlardan ijtimoiy hayotning turli sohalarida o`zbek tilidan erkin va savodli foydalana olishlari talab etiladi.
Ona tili darslarida o`quvchilarni mustaqil va ijodiy fikrlashga o`rgatish talab etiladi. Shuningdek, nutq sharoitiga mos ravishda fikrni og`zaki va yozma shakllarda to`g`ri, ravon, savodli ifodalash ko`nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish asosiy maqsaddir.
Pedagogika kollejlarida o`quvchilarga tilshunoslik fanining deyarli barcha bo`limlari yuzasidan bilim beriladi. Maktabda olgan bilimlari chuqurlashtiriladi va kengaytiriladi.
Ma`lumki, ona tili o`qitish metodikasi pedagogik fanlar qatorida turadi. Bu fan kollej o`quvchilarini kichik maktab yoshidagi bolalarni o`qitish va kuni uzaytirilgan guruhlarda o`z faoliyatlarini olib borishlari uchun eng zarur bo`lgan bilim va ko`nikmalar bilan qurollantiradi.
Ona tili o`qitish metodikasi kursini puxta o`zlashtirish nazariy materiallarni bilish bilan birga o`quvchilarning pedagogik amaliyoti davrida va kollejni bitirganidan so`ng ish faoliyatida ko`nikma sifatida xizmat qiladi. Metodikani nazariy o`rganish va pedagogik amaliyotni o`tkazish bir – birini o`zaro boyitadi, nazariy bilim bilan amaliyotning bog`lanishini ta`minlaydi.
Kollejda o`quvchilar ona tili fanidan quyidagi:
tilning qurilishi va asosiy til birliklari;
tovush va fonema;
nutq tovushlari: unli va undosh tovushlar, ularning tasnifi;
bo`g`in va uning turlari;
urg`u va uning turlari;
alifbo;
orfoepiya haqida ma`lumot;
o`zbek grafikasi va orfografiyasi;
asos va qo`shimchalar;
so`zni tarkibiy qismlarga ajratish;
so`z turkumlari: ot, sifat, son, fe`l, olmosh kabi so`z turkumlarining o`ziga xos grammatik xususiyatlari haqidagi maktabda olgan bilimlarini kengaytirish va umumlashtirish;
sintaksis: gap, gapning ifoda maqsadiga ko`ra turlari;
gapda so`zlarning bog`lanishi: so`z birikmasi va ularning turlari;
gap bo`laklari: bosh va ikkinchi darajali bo`laklar;
gapning uyushiq bo`laklari;
undalma haqidagi bilim va ko`nikmalarga ega bo`lishlari zarur.
Ona tili o`qitish metodikasi fanidan esa, avvalombor, bu fanning mohiyati, ahamiyati, boshlang`ich siniflarda o`quvchilarga bilim berishdagi tutgan o`rnini tushuntirgan holda quyidagi bilimlarni:
- ona tili o`qitish metodikasining fani, maqsad va vazifalari;
- savod o`rgatish metodikasi;
- analiz- sintez tovush metodi va analitik – sintetik mashiqlarni o`tkaza olish;
- alifbo darslari va ularni tashkil etish;
- yozuv darslari va ularni tashkil etish;
- husnixatga o`rgatish;
- sinfda va sinfdan tashqari o`qish metodikasi: to`laqonli o`qish malakasining sifatlari;
- to`g`ri, tez, ongli, ifodali o`qishga o`rgatish;
- badiiy asar tahlili jarayonini o`rgatish ;
- turli janrdagi: ertak, hikoya, masal, she’r, topishmoq, tez aytish, maqollar ustida ishlash yo`llari;
- matn ustida ish turlarini bajara olish;
- o`qish darslarini tashkil eta olish;
- fonetika, grammatika, so`z yasalishini o`rgatish metodikasi;
- ona tilini o`rgatishning maqsad va vazifalari;
- tilshunoslikka oid atamalarning, grammatik tushunchalar ustida ishlash yo`llari;
- fonetik bilimlarni o`tish;
- morfemik va morfologik bilimlarni o`tish yo`llari;
- sintaktik bilimlarni o`tish;
- imloviy sezgirlikni shakllantirish yo`llari va orfografik mashq turlari;
- ona tili darslarini tashkil etish;
- o`quvchilarning og`zaki va yozma bog`lanishli nutqlarini o`stirish metodikasi;
- insho va bayon yozishga o`rgatish;
- o`quvchilar nutqida uchraydigan xatolar va ularni bartaraf qilish yo`llari;
- nutq o`stirishga oid darslarni tashkil etishni bilishlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |