1-MA’RUZA. SINTAKSIS. SINTAKTIK ALOQA TURLARI. SO`Z BIRIKMASI
Sintaksis (grekcha – syntaxis – «tuzish» so`zidan olingan) grammatikaning bir bo`limi bo`lib, so`zlarning birikish yo`llari, so`z birikmasi, gap, ularning turlari, xususiyatlarini tekshiradi.
Sintaksis, bir tomondan, so`z va so`z shakllarning, shuningdek, gaplarning aloqa qilish birikish yo`llarini tekshirsa, ikkinchi tomondan, ma’lum bog`lanish asosida yuzaga keladigan sintaksis birliklarni o`rganadi.
So`z birikmasi, gap, gap bo`laklari asosiy sintaktik birliklar, sintaktik grammatik kategoriyalar hisoblanadi.
1-§. Sintaktik aloqa turlari
So`zlarning, shuningdek, gaplarning orasidagi bog`lanish, aloqa ikki xil bo`ladi:
1) teng bog`lanish, yoki teng aloqa; 2) tobe bog`lanish, yoki tobe aloqa.
Teng bog`lanish sintaktik jihatdan teng huquqli bo`lgan biri ikkinchisiga bo`ysunmagan so`zlarning yoki gaplarning aloqasidir. Bunda teng aloqadagi so`zlar yoki gaplar o`zaro teng bog`lovchilar, teng bog`lovchi vazifasidagi yuklamalar, sanash ohangi (intonatsiya) yordamida munosabatga kirishadi.
Masalan: 1. Beminnat qilingan ezgulik eng maqbul va go`zal ezgulikdir. (Oz-oz o`rganib dono bo`lur).
2. Bilmaslik ayb emas, bilishni istamaslik aybdir. (Oz-oz o`rganib dono bo`lur).
Birinchi misolda eng maqbul, go`zal sifatlari o`zaro teng bog`lanib, gapda uyushiq sifatlovchilar vazifasini bajargan. Ikkinchi misolda esa Bilmaslik ayb emas va Bilishni istamaslik aybdir gaplari bir-biri bilan teng aloqaga kirishgan.
Tobe bog`lanishda biri hokim, ikkinchisi tobe bo`lgan qismlar (so`zlar, ergash gapli qo`shma gap qismlari) o`zaro aloqaga kirishadi. Ularning biri ikkinchisini aniqlash, izohlash, to`ldirish uchun xizmat qiladi. Aniqlaydigan, izohlaydigan, to`ldiradigan qismi tobe, izohlanadigan qism hokim deb yuritiladi: 1. Kitobni o`qimoq, qiziqarli voqea. 2. Kimning himmati baland bo`lsa, qadr-qimmati ham bo`ladi (Oz-oz o`rganib dono bo`lur). Birinchi misolda so`z birikmasi tarkibidagi so`zlardan biri hokim qism (o`qimoq, voqea), ikkinchisi (kitobni, qiziqarli) tobe qism bo`lib kelgan. Ikkinchi misolda ergashgan qo`shma gapning qismlaridan biri «qadr-qimmati ham baland bo`ladi» hokim qism, bosh gap sifatida, ikkinchisi «kimning himmati baland bo`lsa» tobe qism, ergash gap sifatida qatnashgan. SHunday qilib, bog`lanishning ikki xil turini so`zlar orasida ham, gaplar orasida kuzatish mumkin. (Gaplar orasidagi bog`lanish haqida «qo`shma gap» bo`limida baxs yuritiladi).
So`zlar orasidagi tobe bog`lanish ikki xil bo`ladi:
1) predikativ tobe bog`lanish; 2) nopredikativ tobe bog`lanish.
Ega va kesimning bog`lanishi predikativ tobe bog`lanish hisoblanadi va bunday bog`lanishdan gap hosil bo`ladi. Tobe (ergash) bog`lanishning qolgan ko`rinishlari (aniqlovchi+aniqlanmish, to`ldiruvchi+to`ldirilmish, hol+hollanmish) nopredikativ tobe bog`lanish bo`lib, bunday bog`lanishdan so`z birikmasi yuzaga keladi.
So`zlarning nopredikativ tobe bog`lanishi uch xil bo`ladi:
1) boshqaruv;
2) bitishuv;
3) moslashuv.
Do'stlaringiz bilan baham: |