YETAKCHI MORFEMA
So‘zning tub ma’noli qismiga asos deyiladi. Asosda qo‘shimchalar qo‘shish natijasida turli xil ma’nolar yuzaga chiqariladi. Masalan: tin-ch, tin-ish, tin-ch-lik, tin-im-siz, be-tin-im kabi so‘zlarning asosi «tin» so‘zidir, lekin qo‘shimcha qo‘shilishi bilan ma’no o‘zgarib bormoqda.
Ayrim so‘zlar tarixiy taraqqiyot natijasida o‘zining tub — asos qismini o‘zgartirishi, boshqacha shaklga kirishi mumkin. Yomg‘ir (yom-g‘ir), ko‘mir (ko‘m-mir), olg‘a (ol(d)-ga) kabi so‘zlarni asos va qo‘shimcha qismga ajratib bo‘lmaydi. Turkiy tillarda, jumladan, o‘zbek tilida ham asos ko‘pincha birinchi bo‘lib keladi. Masalan: tadbirkor, toy-choq va hokazo.
Bir asosdan yasalgan so‘zlar asosdosh sanaladi: fikrdosh, fikriy, hamfikr, fikran singari. Ba’zi hollarda asosdan oldin ham qo‘shimcha qo‘shilishi mumkin. Masalan: bexabar, nodavlat, serhashamat, bama’ni. Bunday qo‘shimchalar, asosan, sifat so‘z turkumida uchraydi. Biror narsaga egalikni (badavlat, baquvvat, serfarzand, serqatnov) yoki ega emaslikni (beibo, behayo, noo‘rin, nomard) bildiradi.
Qo‘shimcha qo‘shilishi bilan ba’zan asosda o‘zgarish ro‘y berishi mumkin.
1. Tovush tushadi: past-ay, sust-ay, o‘rin-a
pasay, susay, o‘rna
2. Tovush o‘zgaradi: ong-la, son-a, quvna-q
angla, sana, quvnoq
3. Tovush orttiriladi: u-ga, shu-da, bu-dan
unga, shunda, bundan
165-mashq. Matnni o‘qing. So‘z shakli yasovchi qo‘shimchalarni topib izohlang.
Insondagi har bir tuhfa — ko‘z, quloq, til, oyoq, yurak, aql-zako yaxshilik uchun yaratilgandir. Biz ularni tinmay ishlatyapmizmi, demak, ularning zakotini to‘lashimiz kerak. Zakot bu — sizdan hech narsa so‘ramaganlarga qaytimini kutmay yaxshilik ulashishdir. Agar bu zakotni to‘lamasak, ustiga-ustak qo‘limiz, tilimiz, fe’limizni o‘zgalarga ziyon keltirishga majbur qilsak, bizga nasib etgan bu ne’matlar bir kuni, albatta, o‘z xunini so‘raydi. Baxtsizlik, kulfat hech qachon chetdan kelmaydi, biz uni o‘z fe’limiz bilan yasab olamiz.
Ishingiz o‘ngidan kelavermayaptimi, demak, birovlarga qilgan baxilligingiz uchun javob beryapsiz.
Uyingizga ketma-ket kulfat yog‘ilib qoldimi, bilingki, dilozorlik qilganingiz uchun qaytimini olyapsiz.
Kimgadir qasd qilish payiga tushdingizmi, demak, eng yaxshi bolangizning qaysidir yo‘li bog‘landi.
Bu rivoyat emas, bu hikoyat emas. «Qilmish — qidirmish» deganlari bu! Siz birovga birgina boshingiz bilan yomonlik qilasiz, kulfatni esa butun oilangiz, ko‘pincha esa eng asragan, yaxshi ko‘rgan kishingiz tortadi.
Hadisi sharifda shunday deyilgan: «Odamlarga nisbatan yomonligingni to‘xtat, shu o‘zingga sadaqa bo‘ladi».
Do'stlaringiz bilan baham: |