183-mashq. Matnni o‘qing. Qo‘shimchalarni topib, ularni izohlang. Qo‘shimchalarga xos bo‘lgan belgilarni aytib bering.
Avtomobillar shaharda paydo bo‘lganining dastlabki vaqtlarida, ko‘chada uning «Neksiya» xilini qurshab olgan odamlarning yuzlarida tabassum va ko‘zlarida sevinch alomatlarini ko‘rdim. Uning muhokamasi qizib ketib, ulardan biri: «Qoyilman, zo‘r mashina bo‘libdi. «Volga»mni sotib, uni olmasam, otimni boshqa qo‘yaman», — desa, ikkinchi bir kishi:
«Buni qaranglar, xuddi qaddi-qomati kelishgan kelinchakka o‘xshaydi, men ham uni sotib olishga ahd qildim», — dedi.
Uchinchi shaxs ham hayratini yashirolmadi:
«Ajabo, bu mashina Amerikada yoki Germaniyada ishlanganga o‘xshaydi. Uni qaysi magazinda sotisharkan?»
Borgan sari mashina atrofidagi odamlar soni ko‘payib, har kim bilganini gapiraverdi. Nihoyat, mashina nomini qanday atash bo‘yicha ham bahs boshlanib, uni «O‘zbekiston», «Lochin», «Sirdaryo», «Andijon» deb atash kerak, degan ovozlar eshitildi. «Malika», «Ozodlik» degan nomlar ham eshitildi. Mashina egasi paydo bo‘lganda, uni savollar bilan ko‘mib tashlashdi.
Xullas, shunday ajoyib manzaraning guvohi bo‘ldimki, «Neksiya» O‘zbekistonning mo‘jizasi sifatida barchani hayratlantirdi, qoyil qoldirdi va mustaqillikning kuch-qudratini gavdalantirdi. Endilikda bizning avtomashinalarimiz jahon kezib, jonajon O‘zbekiston nomini va sharafini olamga taratmoqda...
(Hamid Ziyoyev)
Savol va topshiriqlar
1. O‘zbek tilida qo‘shimchalar so‘zning qaysi tomoniga qo‘shiladi.
2. So‘z yasovchi qo‘shimchalar so‘zning oldiga ham qo‘shilishi mumkinmi?
3. Ikkilandi so‘zidagi qo‘shimchalarning o‘rnini belgilang.
32-dars. OLD Qo‘SHIMCHALAR VA ULARNING
XUSUSIYATLARI
Darsning maqsadi:
a) ilmiy maqsad: o‘quvchilarning ongida old qo‘shimchalar yuzasidan bilim va malakalar hosil qilish;
b) o‘quvchilarni kuyunchaklik, boshqalarga hamdardlik ruhida tarbiyalash.
Topshiriq. Davlat, farzand, xabar, obro‘ so‘zlariga no-, ser-, be-, bo- qo‘shimchalarini qo‘shib ko‘ring. Ularning asosga qay taxlitda qo‘shilayotganiga e’tibor bering.
O‘zbek tili asrlar davomida arab, fors-tojik hamda rus tillari bilan o‘zaro aloqada yashab keldi. Buning natijasida tilimizga o‘sha tillarga xos bo‘lgan yasalmalar va so‘z yasalish qolipi ham o‘zlashdi. Shulardan biri old qo‘shimchali so‘zlar va old qo‘shimchalar sanaladi. Bular quyidagilar:
ba-: batafsil, badavlat, bahaybat;
be-: bexavotir, beg‘ubor, befarosat;
no-: noumid, noqulay, norozi;
ser-: serzavq, sergap, serhosil.
Shuningdek, kam qo‘llaniluvchi badfe’l, badjahl, badnafs, xushxabar, xushro‘y, xushvaqt, hamfikr, hamshahar, hamsuhbat singari so‘z yasalishi holatlari ham mavjud.
-ba, -ser qo‘shimchalari, asosan, otga qo‘shilib, asosdan anglashilgan belgi-xususiyatning me’yordan ortiq, ko‘p ekanligini bildirsa, be-; no- qo‘shimchalari xuddi shu narsalarga ega emaslikni anglatadi. Solishtiring: baquvvat, serma’no, behayo, noo‘rin.
Mazkur qo‘shimchalar -li, -siz, -dor qo‘shimchalari bilan sinonimik munosabatida bo‘la oladi.
Masalan: badavlat—davlatli, beqiyos—qiyossiz, noo‘rin— o‘rinsiz, sertashvish—tashvishli.
Do'stlaringiz bilan baham: |